O‘zbekiston | 15:30 / 07.04.2017
9823
5 daqiqa o‘qiladi

MDH TIVK yig‘ilishi. Unda diniy konfessiyalar bo‘yicha bayonot qabul qilindi

6-7 aprel kunlari Toshkent shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilish qatnashchilarini O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov qarshi oldi.

Yig‘ilishga Rossiya tomoni raislik qildi. Rossiya tomonidan mamlakat tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ishtirok etdi.

Unda shuningdek, Armaniston tashqi ishlar vaziri Edvard Nalbandyan, Belarus tashqi ishlar vaziri Vladimir Makey, Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Erlan Abdildayev, Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Kayrat Abdraxmanov, Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirodjidin Aslov qatnashdi.

Moldova tomonidan mamlakat tashqi ishlar va Yevropa bilan integratsiya vaziri o‘rinbosari Lilian Dariy, Ozarboyjondan tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Xalaf Xalafov, Turkmanistondan tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vepa Xadjiyev va MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi — Ijrochi kotibi Sergey Lebedev ishtirok etishdi.

Delegatsiyalar rahbarlari tashkilot faoliyatining turli yo‘nalishlaridagi hamkorlikning hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari, xalqaro va mintaqaviy masalalardagi uning roli va o‘rnini ko‘tarishni muhokama qildilar.

Tadbirda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirish hamda MDH ishtirokchi-davlatlarining barqaror rivojlanishini ta'minlashning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Kun tartibiga ko‘ra MDH ishtirokchi davlatlari tashqi siyosat idoralari rahbarlari tomonidan 15ta hujjat ko‘rib chiqildi. Ulardan 9tasi Hamdo‘stlikning Davlat rahbarlari kengashi va may oyida bo‘lib o‘tadigan Hukumat rahbarlari kengashiga muhokama uchun kiritiladi.

Hujjatlar Hamdo‘stlik mamlakatlarining tashqi siyosat, huquqiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorligi masalalarini qamrab oladi.

Ishtirokchilar xristian, musulmon va boshqa konfessiyalarni kamsitish va ularga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lishga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida Bayonotni qabul qildilar. Hujjatda diniy mansublik va e'tiqodiga asoslangan holda ayrim shaxslarga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish, kuch ishlatish va terrorchilik harakatini amalga oshirish holatlari davom etayotganligi sababli xavotir bildirilgan.

Xristian, musulmon va boshqa konfessiya vakillariga nisbatan murosasizlik qilish, ularni kamsitish, kuch ishlatish hamda terrorchilik harakatlarining barcha ko‘rinishlari qat'iy qoralanadi. Tomonlar xalqaro hamjamiyatning mazkur yo‘nalishdagi pozitsiyalarini birlashtirish bo‘yicha sa'y-harakatlarni yanada olg‘a surish maqsadini bildirishdi.

TIV rahbarlari kvotalar taqsimoti, Ijroiya qo‘mitasi raisi — Ijrochi kotib o‘rinbosarlarini va MDH bosh qarorgohidagi boshqa mansabdor shaxslarni kvota asosidagi amallarga tayinlash va almashtirish to‘g‘risidagi MDH Ijroiya qo‘mitasining axborotini tingladilar.

Davlat rahbarlari kengashida ko‘rib chiqish uchun kiritiladigan MDH ishtirokchi davlatlarining jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishga qarshi kurashish sohasidagi hamkorligi Kontseptsiyasi hamda jinoiy ishlarning moddiy dalillari bo‘lgan narkotik va psixotrop moddalar va ularning prekursorlarini, o‘qotar qurollar, ularning asosiy qismlari, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar va portlovchi qurilmalarni topshirish tartibi to‘g‘risidagi Bayonnoma loyihalari ma'qullandi.

2018 yilda "Hamdo‘stlikning madaniy poytaxti" Davlatlararo dasturini amalga oshirish, MDH mamlakatlarining qurolli kuchlari metrolog mutaxassislarini hamda moliyaviy tergov organlari uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha ayrim ta'lim va akademik muassalariga asosiy tashkilot maqomini berish masalalari muhokama qilindi.

Ishtirokchilar TIVK yig‘ilishining yuqori darajada tashkil etganligi va Toshkent shahrida o‘tkazilgan tadbir davomidagi an'anaviy iliq mehmondo‘stlik uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorlik bildirishdi. TIVK yig‘ilishi doirasida ishtirokchi davlatlar tashqi siyosat idoralari rahbarlarining ikki tomonlama uchrashuvlari o‘tkazildi.

MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi 2017 yilning 10 oktabr kuni Moskva shahrida bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid