O‘zbekiston | 18:05 / 12.04.2017
50464
5 daqiqa o‘qiladi

10 yillik diydor: flamingolar Qoraqalpog‘istonga qaytdi

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumani hududida joylashgan Sudoche ko‘lida ayni paytda qushlar saltanati hukm surmoqda. Umumiy maydoni 50 ming gektardan oshadigan ushbu ko‘llar tizimida hozirda 230dan ortiq turdagi minglab ko‘chmanchi va doimiy yashovchi qushlar mavjud bo‘lib, ularning orasidan flamingo qushlar to‘dasini ham uchratish mumkin. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Axborot xizmati xabar bermoqda.

Sudoche ko‘li o‘zining joylashishi bo‘yicha Sibir va Tundradan janubga va janubiy-sharqga, issiq mamlakatlarga va orqaga uchadigan transkontinental migrant qushlarning g‘arbiy-osiyo migratsion yo‘lida joylashgan. Mazkur ko‘l Qoraqalpog‘iston Respublikasining shimoliy-g‘arbida joylashgan va bir necha ko‘llar tizimidan tashkil topgan (kichik va katta Sudoche, Qarateren, Begdulla aydin, Omar salim, Qarajar, Aqushpa va h.). Bu ko‘llar tizimi qushlarning uya qo‘yish, uchub o‘tuvchi qushlarning dam olish, uchish oldidan oziqlanish o‘rni bo‘lib xizmat qiladi.   

Sudoche ko‘llar tizimida O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kirgan 40 turdagi qushlarning 30 turi, Tabiatni muhofaza qilish Xalqaro tashkilotining «Yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi turlarning Qizil ro‘yxati»ga kiritilgan 24 turdagi qushning 18 turi yashaydi. 

Shunday qizil kitobga kirgan qushlarning biri – flamingo qushining to‘dasi keyingi 10 yil ichida Sudoche ko‘lida paydo bo‘ldi. O‘zining co‘lim tabiati, go‘zal manzarasi bilan nafaqat mahalliy aholining, balki xorijiy turistlarning ham e'tiborini qozonib kelayotgan «Sudoche» ko‘llar tizimida tabiatda noyob sanaladigan pushti rang flamingo qushlarining mavjudligi va ushbu qushning shu joyda uyalarining topilganligi respublikamiz ornitolog-olimlarining katta ilmiy kashfiyoti bo‘ldi.

Keyingi o‘n yilliklarda Janubiy Orol atrofida flamingoning uchrashi sezilarli darajada yuqoriladi, - deya tasdiqlaydi yosh ornitolog-olim Islambek Arepbayev. Bu joyda flamingo uchib o‘tuvchi qush turi sifatida belgili. Lekin, 2014 yili 23 may kuni Sudoche ko‘llar tizimida olib borilgan ornitologik tadqiqotlar vaqtida ko‘lning sharqiy chegarasidagi kichikroq orolda flamingoning katta uyalovchi koloniyasi topildi. Bu haqiqiy ilmiy yangilik bo‘ldi. Biz orolda flamingoning 7000 osobi va 3000 ga yaqin uyasini sanadik. Bu O‘zbekistondagi eng katta koloniya bo‘lib, u butun dunyodagi populyatsiyaning 1,4 foizini tashkil qiladi. 

Qoraqalpoq davlat universiteti o‘qituvchisi, biologiya fanlari nomzodi Ya.Ametovning ta'kidlashicha, «Sudoche» ko‘li ko‘chmanchi qushlarning olis-olislarga uchishi uchun kuch to‘plash maqsadida qo‘nim topadigan mo‘l ozuqa manbai ham sanaladi. Flamingo qushlari Qoraqalpog‘istonning bir-necha joylarida, xususan Vozrojdeniye orolida, Mo‘ynoqda, g‘arbiy Qarateren ko‘lida, Shegeko‘lda (Mejdureche suv saqlag‘ichi), Sariqamish ko‘lida, Amudaryoning o‘ng qirg‘og‘ida, Jaltirbas ko‘lida va boshqa joylarda uchragan, lekin «Sudoche»dagi kabi yirik koloniyaning paydo bo‘lishi avval kuzatilmagan. 

Ornitolog-olimlarning bildirishicha, hozirgi paytda Sudoche ko‘lida flamingo va boshqa kamyob uchraydigan qushlar uchun birinchi xavf va muammo bu – suvning yetishmovchiligi. Bu qushlarning tirikchiligi va uyalashi uchun ma'lum miqdorda suv kerak bo‘ladi. Sababi bular suvda va suv qirg‘og‘ida yashovchi qushlar. Ikkinchi xavf va muammo bu – noqonuniy ovchilik yoki brakonerlik. 

Prezident Shavkat Mirziyoyevning rahnamoligida Orolbo‘yi hududini, ayniqsa Mo‘ynoq tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilmoqda va bu sohada qator muhim hujjatlar qabul qilindi. Qabul qilingan hujjatlarda Mo‘ynoq tumanida turizmni rivojlantirishga alohida urg‘u berilgan. «Sudoche» ko‘lida har yili bahor-kuz oylarida minglab ko‘chmanchi qushlarning qo‘nim topishi g‘oyat ajoyib manzarani namoyon qiladi. Bu esa hududda ekoturizmning yanada rivojlanishiga katta hissa qo‘shishi tabiiy, deydi biz bilan suhbatda «Mo‘ynoq akva sanoat» DUK direktori Ruslan Mambetkadirov. 

Qoraqalpog‘iston deyilganda ko‘pchilikning tasavvurida o‘ta ayanchli ekologik ahvoldagi hudud paydo bo‘ladi. Lekin, Sudoche ko‘lini, Orol dengizi akvatoriyasini, Ustyurt chinklarini, kanonlarni va Ustyurt kengliklaridagi necha asrlar tarixini sir saqlayotgan obidalar, arxeologik topilmalarni ko‘rgan kishi bir umr bu diyorga cheksiz muhabbati ortishi tabiiy.

Mavzuga oid