Jahon | 23:38 / 12.04.2017
9191
2 daqiqa o‘qiladi

Navalnyy yana norozilik aksiyalari o‘tkazmoqchi

Foto: TASS

Rossiyalik muxolif siyosatchi Aleksey Navalnyy yangi norozilik aksiyalari o‘tkazilishini ma'lum qildi. U bu haqda shaxsiy blogida yozdi

Navalnyy aksiyani 12 iyunda, Rossiya kuni davlat bayrami o‘tkaziladigan sanada o‘tkazishni taklif qildi.  

"Keling, 12 iyunda avvalgi shiorlarimiz va davlat bayroqlari ostida ko‘chalarga chiqamiz. Bizda tayyorgarlik uchun 2 oy bor. Yanada ko‘proq shaharlar jalb qilamiz, yanada ko‘proq xalqni to‘playmiz", deb yozgan muxolifatchi. 

Moskva meriyasida Navalnyy jamoasidan 12 iyunda aksiya o‘tkazish haqida ariza kelib tushganini bilish maqsadida berilgan savolga tasdiq javobi berilmadi. 

Navalnyy matbuot kotibi Kira Yarmysh aksiyani o‘tkazish uchun ruxsat olishga ariza berishga hali ertaligini aytgan.

Rossiya qonunlariga ko‘ra, aksiya o‘tkazish haqidagi arizani u o‘tkazilishidan 15 kundan avvalroq va 10 kundan keyin topshirish kerakmas.

26 mart kuni Rossiyaning o‘nlab shaharlarida Korrupsiyaga qarshi jamg‘armaning Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedevning maxfiy mulki bo‘yicha tergovidan keyin aksilkorruptsion norozilik aksiyalari bo‘lib o‘tdi. Jamg‘armaning "U sizga Dimon emas" deb nomlangan filmida Medvedev eng nufuzli tumanlarda katta yer maydonlari, yaxtalar, kvartiralar, Rossiya va xorijda agroxo‘jaliklar va vino ishlab chiqaruvchi korxonalarga egaligi aytilgan. Eng ommaviy aksiyalar Moskva, Sankt-Peterburg, Novosibirsk, Yekaterinburg, Chelyabinsk va Vladivostokda bo‘lib o‘tgandi.

Mavzuga oid