Jamiyat | 19:39 / 17.04.2017
7698
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda suv resurslaridan to‘g‘ri foydalanishga qaratilgan to‘rtta loyiha amalga oshiriladi

2017 yil 17 aprel kuni Toshkent shahrida Markaziy Osiyo Mintaqaviy ekologik markazi (MOMEM) tomonidan «Suv resurslari nazoratini yaxshilash borasidagi tashabbuslar» mavzusida seminar va press-brifing bo‘lib o‘tdi. 

Tadbir davomida MOMEM tomonidan yaqin besh yil ichida amalga oshiriladigan bir qator loyihalar muhokama qilindi:

1-loyiha: «Markaziy Osiyoda suv, ta'lim va hamkorlik» loyihasi AQShning xalqaro rivojlanish Agentligi (USAID) tomonidan moliyalashtiriladi. Loyiha maqsadi – suv xo‘jaligidagi kadrlar tayyorlash tizimini yaxshilash va xodimlar malakasini oshirish, manfaatdor tuzilmalar o‘rtasida kasbiy munosabatlarni o‘rnatish hamda suv resurslarini nazorat qilishda havzaviy yondashuv va mintaqaviy akademik hamkorlik salohiyatini namoyish etishdir. Amalga oshirilish muddati: 2015-2020 yillar.

2-loyiha: «Markaziy Osiyoda suv hamkorligi» loyihasi Yevropa Ittifoqi (YeI) tomonidan moliyalashtiriladi. Loyiha maqsadi – mintaqaviy suv hamkorligini kuchaytirish, Markaziy Osiyoda ekologiya va barqaror taraqqiyot sohasida o‘zaro ta'sirni mustahkamlash, hamda suv resurslarini nazorat qilish masalalarida innovatsion usullar va amaliyotni o‘rganish va olg‘a surish. Amalga oshirilish muddati: 2015-2017 yillar.

3-loyiha: «O‘zbekistonda barqaror suv va ekologik rivojlanish uchun hamkorlik va xabardorlikni oshirish. Komponent 3» loyihasi Yevropa Ittifoqining «O‘zbekistonning qishloq hududlarida suv resurslarini barqaror boshqarish» dasturi doirasida moliyalashtiriladi. Loyiha maqsadi – iqlim o‘zgarishi sharoitida suvdan oqilona foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilish muhimligiga aholi e'tiborini qaratish va xabardorlik darajasini oshirish. Amalga oshirilish muddati: 2016-2019 yillar.

4-loyiha: «Iqlim o‘zgarishining Amudaryo havzasidagi yer usti suvlari sifatiga bo‘lgan ta'sirini o‘rganish» loyihasi AQShning xalqaro rivojlanish Agentligi (USAID) tomonidan moliyalashtiriladi. Loyiha maqsadi – iqlim o‘zgarishining Amudaryo havzasidagi yer usti suvlari sifatiga bo‘lgan ta'sirini iqlim o‘zgarishining turli ssenariylari, sug‘orma dehqonchilik amaliyotlari va suv resurslarini boshqaruv turlarini hisobga olgan holda baholash, iqlim o‘zgarishining Amudaryo suvlariga bo‘lgan ta'siriga baho berish va ushbu o‘zgarishlarga qarshi adaptatsiya choralarini ishlab chiqish uchun manfaatdor tomonlar bilan bo‘lishish. Amalga oshirilish muddati: 2016-2018 yillar.

Davra suhbati davomida MOMEM tashabbuslari bo‘yicha o‘zaro munosabatlar istiqbollari yuzasidan milliy va xalqaro hamkorlar bilan taklif hamda tavsiyalar ko‘rib chiqildi.

Mazkur loyihalarni amalga oshirish natijasida suv xo‘jaligi tashkilotlari, oliy o‘quv yurtlari hamda OAV xodimlari va Markaziy Osiyo davlatlarining boshqa soha mutaxassislari orasida suv hamkorligini yaxshilash uchun asos yaratiladi.

Феруза Авазова
Tayyorlagan Феруза Авазова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid