O‘zbekiston | 12:13 / 21.04.2017
12999
4 daqiqa o‘qiladi

Yakkasaroy tuman hokimiyatida xalq murojaatlari bilan ishlash to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani aytildi

Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida sayyor qabulxonasi tashkil etildi. Qabul davomida fuqarolar va tadbirkorlik sub'yektlari o‘zlarini qiynayotgan muammolar yuzasidan bevosita tegishli soha rahbarlariga murojaat qilish va ular yuzasidan javob olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

O‘zbekiston Prezidentining topshirig‘iga binoan tashkil etilgan ochiq muloqotda sud, huquqni muhofaza qilish va nazorat organlari, vazirliklar, davlat qo‘mitalari, markaziy idora va tashkilotlar, bank-moliya muassasalari rahbarlari, Toshkent shahri va Yakkasaroy tumani hokimliklari mas'ul xodimlari fuqarolar va tadbirkorlarning murojaatlarini tinglab, ularni joyida hal etishga harakat qildilar. Qo‘shimcha o‘rganish zarur, deb topilgan murojaatlar bo‘yicha mutasaddi idora va tashkilotlar belgilanib, ijrosi nazoratga olindi.

Tahlillarga murojaat qiladigan bo‘lsak, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasiga Toshkent shahrining Yakkasaroy tumani aholisidan 2017 yilning 20 aprel holatida  jami 6 654 ta murojaat kelib tushgan.

Ularning asosiy qismi uy-joy olish va uy-joy qurish uchun yer ajratish, joylarda uy-joylarning tamirga muxtojligi yuzasidan masalasi bo‘yicha 1 094 ta murojaat (16,4 foiz), bank-moliya va soliqqa tortish masalalari bo‘yicha 581 ta murojaat (8,7 foiz), sudlarda jinoyat ishlari, fuqarolik ishlari, xo‘jalik sudlarida ishlar ko‘rilishi bo‘yicha 514 ta murojaat (7,7 foiz), moddiy yordam, ish haqi, pensiya ta'minoti hamda bolalar nafaqasini olish masalalari bo‘yicha 385 ta murojaat (5,8 foiz), fuqarolikni qabul qilish va fuqarolikdan chiqish, pasport olish va propiskaga o‘tish masalalari bo‘yicha 354 ta murojaat (5,3 foiz), sud qarorlarining ijro etilishi masalalari bo‘yicha 317 ta (4,8 foiz), mehnat va bandlik masalasi, shu jumladan, ishga joylashish va ishga tiklanish masalalari bo‘yicha 252 ta murojaat (3,8 foiz) va boshqa masalalar bo‘yicha kelib tushgan.

Tadbirda ta'kidlab o‘tilganidek, bu raqamlar bir tomondan xalqimizning davlat hokimiyati va qonun ustuvorligiga bo‘lgan ishonchi ortib borayotganidan dalolat bersa, ikkinchi tomondan, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shahar va tuman hokimliklari mas'ul shaxslarining xalqdan, uni qiynab kelayotgan muammolardan uzoqlashib qolgani, murojaatlar bilan ishlash sohasiga yetarli darajada e'tibor qaratmagani kabi salbiy omillar chuqur ildiz otib ketganini ko‘rsatadi.

Murojaatlarning 2 177 tasini bevosita Yakkasaroy tumani hokimligi vakolatiga taalluqli masalalar tashkil etadi. Tuman hokimligida murojaatlar bilan ishlash to‘g‘ri tashkil etilmagani, murojaatlarni taqsimlash va nazorat qilish ishlariga malakali kadrlar jalb etilmagani hamda tahlil ishlari yo‘lga qo‘yilmagani oqibatida fuqarolarning shikoyat va arizalariga qonunda belgilangan muddatda javob berish shartlari buzilishiga yo‘l qo‘yilmoqda. Misol uchun, hozirgi kunda 145 ta muddati o‘tgan murojaat mavjud bo‘lib, shundan 42 tasi 2016 yildan qoldiq bo‘lib o‘tgan, 103 tasi esa joriy yilning yanvar, fevral va mart oylarida kelib kelib tushgan.

Ochiq muloqotda tumanda murojaatlar bilan ishlash, odamlarning ichiga chuqur kirib borish, ularni tinglash, yig‘ilib qolgan muammolarni hal qilish borasida yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar keskin tanqid qilindi. Odamlar dardi bilan yashash, ularning muammolarini o‘z vaqtida hal etib, farovon turmushni ta'minlash, xato va kamchiliklarga befarq bo‘lmay, ularni bartaraf etish uchun jon kuydirish, barcha o‘z ishiga mas'uliyat bilan yondashish kerakligiga e'tibor qaratildi.

 

Mavzuga oid