Light | 10:51 / 21.04.2017
179926
8 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi eng so‘lim 10 dam olish maskani

Mana kunlar ham isib, O‘zbekistonimiz yanada go‘zallashib bormoqda. Bunday kezlarda ko‘nglimiz sokin, go‘zal maskanlarga borib dam olishni tusab qoladi. My Day "Sirli O‘zbekiston" jamoasi bilan hamkorlikda dam olish kunlarida hordiq chiqarish uchun eng maqbul bo‘lgan maskanlar ro‘yxatini taqdim etdi.

 

1. Urungach nefrit ko‘llari

Ugam-Chotqol milliy parki hududi o‘zining shaffof ko‘llari va so‘lim daraxtlari bilan ajoyib tabiiy manzara kashf qiladi. Urungach nefrit ko‘llari milliy parkning gavhari hisoblanadi. Urungachning quyi va yuqori ko‘llari bo‘ylab sayohat qilar ekansiz, tiniq suvlarda suzish, to‘g‘ongacha sayr qilish va yuqori ko‘l suvlarida aks etuvchi qoyalar bilan tanishish mumkin.

Shahargacha bo‘lgan masofa: 150 kilometr

Sayohat necha pulga tushadi: agar siz poytaxt taksi xizmatlaridan foydalanmoqchi bo‘lsangiz, borish va qaytish taxminan 386 000 so‘mga tushadi.

 

2. Ispay darasi

Ispaysoy Qorabuloq postidan o‘tganda joylashgan. Bu yerda Ispay daryosining suvida zavq olib cho‘milish mumkin. Mahalliy aholi mehmonxona uylariga joylashish, shuningdek sharsharagacha otda sayr qilishni taklif qiladi.

Pskem tizmasidagi muzliklar va tog‘ yo‘llarining ko‘pligi bu hududni tog‘ turizmi uchun qulay qiladi.

Shahargacha bo‘lgan masofa: 130 kilometr

Sayohat qanchaga tushadi: taxminan 473 000 so‘m. Bu summaga taksida borib kelish, uy ijarasi (100 000 so‘m) va otda sayr qilish (8000 so‘m) kiradi.

 

3. Marmar daryo darasi

Marmar daryosi - Beldirsoy yaqinida joylashgan mashhur dam olish maskani. Beldirsoyning osma doriga yetmasdan chapga qayirilganda, biroz yayov yurilib, Marmar daryosining birinchi katta sharsharasi oldidan chiqiladi. Sharsharaning chap tomonidan aylanib o‘tib, yuqoriga ko‘tarilganda,  ajoyib dam olish maskanlari mavjud. Sershovqin soy, yashil daraxtlar va ko‘plab suzish havzalari - Marmar daryosi o‘z mehmonlarini shunday kutib oladi.

Shahargacha bo‘lgan masofa: 75 kilometr

Sayohat qanchaga tushadi: borish va kelish - 186 000 so‘m.

 

4. Parkentsoy bo‘ylab sayr

Bu Toshkentga eng yaqin joylashgan ajoyib tosh darali manzaraga ega ko‘rkam maskan. Bu yerda “Kumushkon” dam olish uyiga joylashib, mazmunli hordiq chiqarish mumkin. Buloq, soy, qoyalar – bularning hech biri sizni befarq qoldirmaydi. Oqim bo‘ylab yuqoriga harakatlanib, sharsharalar chekkasiga borib ajoyib manzaraning guvohi bo‘lishingiz mumkin.

Shahargacha bo‘lgan masofa: 50 kilometr

Sayohat qachaga tushadi: taxminan 116 000 so‘m. Bu summaga taksida borish va kelish kiradi.

 

5. So‘qoqda sayr

Ushbu maskan o‘z landshaftining noan'anaviyligi bilan ajralib turadi. Bu yerda paydo bo‘lgan yo‘lovchi o‘zini xuddi Rossiyadagidek tasavvur qilishi mumkin. Sershox qarag‘ayzor shaharda yetishmaydigan salqin havo bilan ta'minlaydi. Bu yerda sayyoh tanlashi mumkin: meteostansiyagacha borish yoki Shoxqo‘rg‘on tog‘iga ko‘tarilish. Shoxqo‘rg‘ondan tog‘ tizmalari, Zarkent va So‘qoq qishloqlarining ajib manzarasi kishiga o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi. Tog‘ga yaxshi jismoniy tayyorgarlik bilan 1,5-2 soatda ko‘tarilish mumkin. Bundan tashqari, mahalliy kaboblar ham mehmonlarni befarq qoldirmaydi.

Shahargacha bo‘lgan masofa: 60 kilometr

Sayohat qanchaga tushadi: taksida taxminan 144 000 so‘mga borib kelish mumkin.

 

6. Gulkamsoy

Katta Chimyon atrofidagi hudud ko‘plab tasviriy zonalarga bo‘lingan. Agar siz tirband shahardan dam olishni ixtiyor qilgan bo‘lsangiz, Gulkamsoy daralari dam olish uchun yana bir maqbul joy hisoblanadi. Soy atrofidagi soya-salqin joylar, kichik suv to‘siqlarini yengib o‘tish, sharshara sizga unutilmas taassurotlar va ekstremal his-tuyg‘ularni taqdim etadi. Hudud qulay yozgi supalar bilan jihozlangan, bu yerda oilaviy hordiq chiqarish mumkin.

Shahargacha bo‘lgan masofa: 110 kilometr

Sayohat qanchaga tushadi: taxminan 334 000 so‘mga. Buning ichiga taksida borish va qaytish hamda supa ijarasi (50 000 so‘m) kiradi.

 

7. Katta Chimyon cho‘qqisiga ko‘tarilish

Bu yerga borish g‘oyasi faol hordiq tarafdorlariga mo‘ljallangan. Chimyon – O‘zbekistonning tog‘ turizmi markazi. Qishda bu yerda chang‘ichilarni uchratish mumkin, yozda esa - mahalliy cho‘qqini zabt etish uchun kelgan ko‘plab guruhlarni.

Sayohat balandlikka harakatlanishdan iborat bo‘ladi. 3000 metr balandlikkacha yo‘nalish nisbatan oson bo‘ladi - aniq yo‘l, keng joy. Biroq so‘nggi 300 metr masofada yo‘lda qoyalar uchraydi, bu yerda gid ko‘rsatmalariga rioya qilish zarur. O‘rta tayyorgarlik ko‘rgan kishi uchun 3309 metr balandlikka ko‘tarilish 6-8 soat vaqtni oladi.

Shahargacha bo‘lgan masofa: 80 kilometr

Sayohat qanchaga tushadi: taxminan 200 000 so‘mga. Bu summaga taksida borish va kelish kiradi.

 

8. Kumbel tog‘i

O‘zbekiston tog‘lari - quyoshli o‘lkaning eng diqqatga sazovor joylaridan. Cho‘qqiga chiqish istagini bildirayotganlar soni tobora oshib bormoqda. Ortiqcha qiyinchilik tug‘dirmaydigan sayohatsevarlarni Beldirsoyga, Kumbel tog‘iga taklif qilish mumkin. Uning balandligi - 2350 metr.

Yo‘lning bir qismini osma dorda kesib o‘tish mumkin. yuqori stansiyada tushib, yana 40 daqiqa yurish kerak bo‘ladi. Tog‘da meteorologik stansiya joylashgan. U yerga tushdan keyin quyoshning botishini tomosha qilishga chiqqan kishi go‘zal manzaraning guvohi bo‘ladi.

Shahargacha bo‘lgan masofa: 75 kilometr

Sayohat qanchaga tushadi: 198 000 so‘mga. Summaga taksida borish va kelish hamda osma dor haqqi (12 000 so‘m) kiradi.

 

9. Oqsoq ota darasi

Bu yerda O‘zbekiston Milliy universitetining yozgi oromgohi joylashgan. Oqsoq ota - 30 kilometrdan ziyod chuqurlikka qarab ketuvchi keng dara. Bu maskanda qoyalar, soya-salqin o‘rmonlar va qarag‘ayzorlarni uchratishingiz shubhasiz. Shaharning shovqinidan keyin bu go‘zal maskanda bo‘lishni kim ham orzu qilmaydi deysiz?! Ushbu maskan ham sokin, ham faol dam olish tarafdorlariga to‘g‘ri keladi.

Shahargacha bo‘lgan masofa: 120 kilometr

Sayohat qanchaga tushadi: taxminan 315 000 so‘mga. Summaga taksida borish va kelish, shuningdek ov xo‘jaligi hududiga kirilganlik uchun alohida to‘lov (3000so‘m) kiradi.

 

10. Beldirsoy yaylovlari

Tasavvur qiling: yozgi quyosh taftida toblangan hamda musaffo tog‘ havosi bilan to‘yingan xushbo‘y maysalar... Oilaviy hordiq uchun bundan yaxshisi bormi?! Beldirsoy nomini olgan yaylov aynan sayyohlarbop maskandir. Archazorlarni kezib, suvning tovushiga quloq tutish albatta oldinda kutayotgan ish kunlariga yangi kuch-quvvat baxsh etadi.

Shahargacha bo‘lgan masofa: 75 kilometr

Sayohat qanchaga tushadi: taxminan 186 000 so‘mga. Bu summaga taksida borib kelish kiradi.

Maqolada ko‘rsatilgan barcha narxlar taxminiy.

Mavzuga oid