Sport | 18:46 / 23.04.2017
5041
2 daqiqa o‘qiladi

London marafonida tarixdagi eng yaxshi ikkinchi natijani qayd etgan sportchi g‘olib bo‘ldi

Keniyalik yuguruvchi Meri Keytani an'anaviy London marafoni g‘olibiga aylandi. U masofani 2 soatu 17 daqiqa va 1 soniyada bosib o‘tdi. Bu esa ayollar marafoni tarixidagi ikkinchi eng yaxshi natija (erkak-peysmeykerlar yordam bermagan musobaqalar bo‘yicha rekord natija) hisoblanadi.

Jahon rekordi britaniyalik Pola Redkliff (2:15.25) tomonidan 2003 yilda o‘rnatilgandi. Ammo unga o‘shanda erkak-peysmeykerlar (o‘rta va uzoq masofalarda temp qo‘shishga yordam beruvchi erkak yuguruvchilar) yordam berishgandi.

Keytani uchun bu London marafonidagi uchinchi g‘oliblik sanaladi. U 2011 va 2012 yillarda ham marafon g‘olibiga aylangan. U shuningdek, Nyu-York marafonida ikki marta marraga birinchi bo‘lib kelgan.

London marafonida bu yili Tirunesh Dibaba (Efiopiya, 56 sekund farq), va Aselefex Merdjia (Efiopiya, +6.07) ikkinchi hamda uchinchi o‘rinlarni egallashdi.

Erkaklar o‘rtasidagi musobaqada keniyalik Daniel Vaniru (2:05.48) birinchi bo‘ldi, ikkinchi o‘rinni efiopiyalik Kenenis Bekele (+9 sekund), uchinchi o‘rinni esa keniyalik Bedan Karoki (+1.53) egalladi.

London marafoni 1981 yildan buyon o‘tkazib kelinadi.

Mavzuga oid