Sport | 17:08 / 24.04.2017
22925
9 daqiqa o‘qiladi

«Balet tomoshasi». Nega «El Klasiko»ni yoqtirmayman?

Kecha «Yil uchrashuvi»da «Barselona» g‘alaba qozondi. Garchi «Real» bu yil kuchli tarkib, kuchli zaxira o‘rindig‘i bilan kuchli o‘yinlar namoyish qilib, o‘z oldiga qo‘yilgan maqsadlar — mamlakat va Yevropa chempionligi yo‘nalishida dadil odimlayotgan bo‘lsa-da, «Barselona» keyingi yillardagi an'anasiga sodiq qilib, «Santyago Bernabeu»dan yana g‘alaba bilan qaytdi.

O‘yin hissiyotlarga boy bo‘ldi. Albatta, bunday o‘yinga xolis baho berish juda qiyin. Chunki muxlislar armiyasi teng ikkiga bo‘linishgan. O‘yinchilardan kimnidir maqtasangiz, shubhasiz, ikkinchi tomon sizni raqib lageri vakiliga chiqarib qo‘yishadi.

El Klasiko haqida eng zo‘r fikr «Barsa»ga ham, «Real»ga ham hech qanday aloqasi bo‘lmagan inson og‘zidan yangrashi aniq. «Metallurg» (Magnitogorsk) xokkey klubining alpkelbat faxriysi Danis Zaripov SKA bilan bo‘lib o‘tgan final o‘yinidan so‘ng tarixga kirgan, biroq uning yondiruvchi iborasi ispan elita jamoalarining o‘yinidan keyingi barcha hissiyotlarni o‘zida qamrab ola oladi — «ular balet tomoshasi ko‘rsatishdi».

«Yevrosport» blogeri Artyom Butorin kechagi o‘yin — eng jirkanch futbol haqida o‘z fikrlarini bayon edi. 

Klasikogacha bir oy avval «Barsa» va «Real»ning top o‘yinchilari ijtimoiy tarmoqlarda javrab, bir-biri tomon tosh otib, raqibining kekirdagini uzib olishga tayyor arslonlar yanglig‘ hayqirib turishdi. Printsipial kurash laxta-laxta qon, ko‘zlardagi olov, yutib olingan aut uchun ham jon berish kabi narsalarni va'da qilayotgandek edi. Biroq, Ispaniyada kurash deganda boshqa narsani tushunishadi. Temirtan gladiatorlar o‘rniga, o‘zlariga yaxshi, raqiblariga chatoq bo‘lishni istovchi yig‘loqi qizaloqlar maydonga tushib kelishdi. 

Hurmatli, nufuzli futbolchilar noluvchi mijg‘ovlarga aylanishdi: donishmand Inesta hakam oldiga birinchi bo‘lib chopib boradi, Ramos hali qoidani buzib ulgurmasdan hakamning yonida, Modrich qo‘llarini tuz sepayotgandek qilib olib, esdan og‘ayozadi. Xavi va Kasilyas maydonda bo‘lganida, ular ham albatta, bahslashib ketishgan bo‘lardi, yaxshiyamki ularning vaqti o‘tib bo‘lgan. Og‘rig‘ini bildirmay, raqibga uning qo‘polliklari befoyda ekanligini isbotlash o‘rniga, futbolchilarning har bir raqibi ustidan hatlab o‘tishga harakat qildi — hushtakli kishining yoniga birinchi bo‘lib oshiqish uchun. Raqibingga dadil javob ber, chida, imkoni bo‘lsa qattiqroq zarba ber, lekin aslo ming‘ir-ming‘ir qilib, dushmaning uchun jazo tilanma, erkak!

Fintlari uch marta ketma-ket Kazemironi birinchi ligaga ravona qilgan Messi qanday kayf tuyushi kerak edi? Lekin raqibining ojizligi ustidan mazax qilish o‘rniga Leo hakamning basharasi oldida mushtchalarini silkitmoqda — sariq kartochka talab qilib. Shikoyatlar, chaqimchilik va iltimoslar — erkakchilikka yarashmaydi.

46 yoshli erkak tovuqqa o‘xshab qanot qoqishini tomosha qilishning o‘zi jirkanchli. Enrike juda yaxshi formada: uning o‘rnida bo‘lgan har qanday inson hakam hushtak chalgandan keyin fojiani bu qadar tasvirlashni eplay olmas edi: yoyilgan qo‘llar, tushunarsiz ko‘zlar, og‘riq, azob, boshboshdoqlik...

Baxtga yarasha, Zizu ancha bosiq edi. Balkim bunga uni o‘z statusi majburlagandir — axir u kostyum-shim bilan keda kiyib olmagan edi-da!

Suares oyog‘ini balerinanikidan ham balandroqqa ko‘tarib, buning uchun jazolanmasa, boz ustiga, bombardimondan omon qolgan qochqinning basharasini o‘zlashtirsa. Pike esa soqolini qirib tashlashi kerak, chunki bu ko‘rinish o‘ta haybatli insonlarga xos, hamma narsada boshqalarni ayblovchi bolakayga emas. Ronaldu esa akvalangini topshiraversa ham bo‘ladi: uning sho‘ng‘ishlari endi hech kimni ishontira olmayapti.

Klasikoni masxarabozlikka aylantirib yuborgan Ramos va Pike negadir o‘yinga telefonlarini tashlab chiqishibdi. Tvitterdagi janglar haqida endilikda butun maqolalar yozilmoqda, biroq u yerdagi eng asosiy kalit so‘z — «hakamlar». Ramos maydonni tark eta turib buni yana bir bor isbotladi, xolos, Serxio ataylab Jyerarning oldidan o‘tdi va kataloniyalik barzangining hakamlar borasidagi ming‘ir-ming‘iri nihoyat ish berganini bildiruvchi imo-ishoralar ko‘rsatdi.


Muxlislar bir-birlariga nisbatan guna-kudurat tuyushyapti, lekin uning futbolga mutlaqo daxli yo‘q. Messining formasi, Neymarning diskvalifikatsiyasi, Ronalduning yangi soch turmagini muhokama qilish o‘rniga hakamga kim ko‘proq qistirganini aniqlashga urinishmoqda. Hakamning har qanday xatti-harakati fitna, o‘zboshimchalik va noxolislik sifatida qabul qilinadi. Har qanday hushtak va jarima to‘pi bir bo‘lak bo‘lka nonni ko‘rib qolgan och kabutarlarning hakam oldiga potirlab uchib kelishiga sabab bo‘ladi. Qahramonlarining xatti-harakatlaridan rang olgan to‘lib toshgan stadiondagilar ham ularni jazavaga tushgancha qo‘llab-quvvatlab turishadi. Messi kadrga tushib qolgan har bir kadrning orqa fonda «puta» deb baqirayotgan va o‘rta barmog‘ini ko‘rsatayotgan o‘nlab erkaklar ko‘rinib qoladi. O‘zinikini qo‘llab-quvvatlash o‘rniga, raqibni haqorat qilish va tahqirlash istagi karrasiga oshiqroq. Fol chog‘ida hakam qaroridan so‘nggi hushtakbozlik va so‘kinish detsibelga ko‘ra Xamesning emotsional golini nishonlash chog‘idagi shovqindan bir necha barobar ortiqroq. 

Klasiko fanatlarni futbol emas, shou qiziqtiradi. Rakitich aniq zarbasidan so‘ng burchak bayrog‘i tomon yugurib to‘xtadi, uning fonida esa Madrid libosini kiyib olgan o‘nlab mamnun insonlar gol nishonlanishini telefonida suratga olmoqda. Ularning yuzidagi tabassum ularning juda mamnunligini oshkor qilib turibdi: «Bunaqa video hech kimning  Instagramida bo‘lmaydi», degandek. 

O‘yingacha barcha hakamlarni muhokama qilib bo‘ladi, so‘ng 90 daqiqa mobaynida hakam qaysi klub vakili ekanligini aniqlashga kirishib ketishadi, undan so‘ng haftalab norozilik, petitsiyalar va apellyatsiyalar beriladi. Klasikoda allaqachon futboldan asar ham qolmagan, uning o‘rnini shou egallagan. Har bir futbolchiga qattiqroq o‘ynashi uchun tarkibiga testrosteron qo‘shilgan shokolad berib, qulog‘iga Zaripovning tovushida pichirlab qo‘ysang-da: «Balet qilib yubordinglaru hammayog‘ni!» — deya.

Mavzuga oid