Video: London marafoni «to‘rt oyoqli» ishtirokchisi 6 kunda marraga yetib keldi
Gorilla tulupini kiyib olgan britaniyalik politsiyachi «to‘rt oyoqlab» harakatlangan holda London marafonida marraga oltinchi kunda yetib keldi. Bu haqda The Guardian xabar bergan.
Tom Harrison bu marafonga Mister Gorilla nomi bilan yozilgandi. U boshqa sportchilar bilan birga 23 aprel kuni startga chiqqan, ammo u shoshmagan va maymunlarga taqlidan harakatlangan. U marra chizig‘ini 29 aprel kunigina kesib o‘tdi.
Shu orqali britaniyalik bu shaxs jamoatchilik e'tiborini gorillalarning yo‘qolib borayotgani muammosiga qaratmoqchi bo‘lgan. Ushbu aksiyada yig‘ilgan xayriya mablag‘lari Gorilla Organization fondiga o‘tkazib beriladi. Harrisoning harakatlari evaziga jonivorlar himoyachilari 23 ming funt sterlingdan ortiq mablag‘ yig‘ishgan.
«Avvaliga o‘tkinchilar menga hayron bo‘lib boqishar edi. Ammo uchinchi kunga kelib, bu aksiya haqidagi ma'lumot tarqaldi va ular menga qo‘llab-quvvatlov so‘zlarini aytib, mashinalarda signal chalib o‘ta boshlashdi», deya gapirib bergan Harrisonning o‘zi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, marafon vaqtida u kuniga 10-12 soat harakat qilgan va kuniga 7 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tgan. Harrison yugurish marshrutidan uzoq bo‘lmagan uylarda yashovchi do‘stlarinikida tunagan.