Andijon bekatlarida GPS tizimi, avtobuslarda esa elektron to‘lov xizmati yo‘lga qo‘yildi
Andijon shahridagi mavjud 14 ta yo‘nalishda harakatlanuvchi 150 ta avtobusda yo‘l haqini elektron transport to‘lov kartochkalar orqali to‘lash joriy etilgani yo‘lovchilar uchun yana bir qulaylik taqdim etdi. Yangi loyiha asosida ishlovchi avtobuslarga eng tajribali haydovchilar tanlab olindi.
Kasb-hunar kollejlarini tamomlayotgan 150 nafar bitiruvchi amaliyot davrida tayyorgarlik ko‘rib, chiptachi vazifasida ish boshladi. Har bir to‘lov to‘g‘ridan to‘g‘ri xizmat ko‘rsatuvchi korxonaning hisob-raqamiga tushadi.
- Respublikamizda birinchi bor Andijonda bu tartib yo‘lga qo‘yildi, - deydi O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi bo‘lim boshlig‘i Abdurashid To‘laganov. - Yo‘l haqini naqd pulsiz amalga oshirilishi qator qulayliklarni yaratdi. Yo‘lovchi dastlab avtobekat yoki bank muassasalaridan 15 ming so‘mga kartochka sotib oladi. Keyinchalik o‘zining bank plastik kartochkasidan onlayn tartibda unga pul tushirib boradi. Undan ikki yil muddatda respublika bo‘yicha xizmat ko‘rsatayotgan avtobuslarda foydalaniladi. Eng muhimi, bitta kartochkadan butun oila a'zolari foydalanishi mumkin. Yo‘l haqi shahar yo‘nalishlarida bir xil belgilangan.
Kartochkadan foydalanish tartibi juda oddiy. Chiptachi kartani terminal (validator)ga tekkazganida pul mablag‘ini yechib oladi. To‘lov amalga oshirilganini tasdiqlash maqsadida sana, vaqt, yo‘nalish nomi, avtobus va karta raqami hamda qolgan mablag‘ haqida hisobotlar qayd etilgan chipta (chek) beriladi. Busiz yo‘l haqi to‘lanmagan hisoblanadi.
Andijon shahri ko‘chalarida barpo etilayotgan zamonaviy oynavand bekatlarda avtobuslarning oraliq masofasini masofadan onlayn rejimida (GPS) doimiy kuzatib borish imkoniyati yaratilgani ham quvonarli. Maxsus monitor orqali kutayotgan avtobusingizni qayerda ekanligini va bekatga yetib kelish vaqtini bilish mumkin. Bu o‘z o‘zidan yo‘lovchi vaqtini tejaydi.
Yaratilgan qulaylik haydovchini chalg‘imay, erkin harakatlanish imkonini berdi. Chunki yo‘lovchilar bilan faqat chiptachi ishlaydi. Bu ayni vaqtda xavfsizlikni ham oshiradi.
Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon