Jamiyat | 17:39 / 08.05.2017
15685
2 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz tashrifi: Chortoqlik urush faxriysi o‘z kechinmalarini hikoya qildi

Foto: Kun.uz

Kun.uz ijodiy jamoasi Namanganga tashrif buyurar ekan, safar davomida viloyatning Chortoq tumanida istiqomat qiluvchi ayrim fuqarolar shaxsiy tomorqa va oilaviy tadbirkorlikdan unumli foydalanishi haqida iliq gaplar eshitdik va o‘sha manzil tomon yo‘l oldik.

Buni qarangki, biz tashrif buyurgan xonadonlardan birida Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Yusuf ota Soliyevni uchratdik. Bu hokisor inson bilan bo‘lib o‘tgan suhbat bizda iliq taassurot qoldirdi. Bobo urush xotiralarini yodga olar ekan, shunday deydi:

“Meni 1943 yilda urushga chaqirishdi. O‘shanda 15 yoshda edim. Barcha bilan xayrlashib urushga jo‘nadim. Sobiq Chexoslavakiya, Ruminiya, Vengriya, Avstriyada urushda qatnashdim va nihoyat Berlingacha bordim. Urush tugagach, yana uch yil o‘sha yerlarda xizmat qildim. So‘ngra bizga javob berishdi. Uyga qayotayotgan vaqt Uzoq Sharqda yaponlar bilan urush boshlandi, deb bizni yana o‘sha yerga olib ketishdi. Ammo yarim yo‘lda urush tamom bo‘lgani haqidagi xabarni eshitib, juda xursand bo‘lgan edik”.

Yusuf ota xotiralarini eslar ekan ko‘ziga yosh qalqdi. Ota juda kamsuqum va hazilkash. Uning yoshi 91 da. Uzoq umr ko‘rish siri haqida so‘raganimizda ota shunday javob qildilar:

“Urush vaqtida yosh bo‘lganmizmi yoki boshqa sababdanmi spirtli ichimliklar iste'mol qilardik. Ammo urush tugagach, uyga qaytdim va shu yoshgacha bu odatni tashladim. Chunki bu illatni inson salomatligiga ziyonini tushunib yetganman”.

Yusuf ota Soliyev o‘z niyatlarini bildirar ekan bu yurtda doim omonlik bo‘lishini, yoshlar sira urush ko‘rmasligini va tinchlik-xotirjamligimiz bardavom bo‘lishini istab duoga qo‘l ochdilar.

Mavzuga oid