Jamiyat | 10:04 / 09.05.2017
14650
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandlik tadbirkor ikki urush faxriysiga yangi xonadonlar sovg‘a qildi

Foto: Nuz.uz

9 may – Xotira va qadrlash kuni arafasida samarqandlik tadbirkor Umar Rajabov Pastdarg‘om tumanining Juma shahridan bo‘lgan Ikkinchi jahon urushining ikki faxriysiga yangi xonadonlar kalitini topshirdi. Bu haqda jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullayev xabar bergan.

Urush va mehnat faxriylari - 95 yoshli Shakkoz Hasanov va 96 yoshli Islom Ne'matovga kalitlar Pastdarg‘om tumani hokimiyati tomonidan tashkil etilgan bayram tadbirida topshirildi. Tuman hokimi Sobirjon Ergashevning ta'kidlashicha, mamlakatda fashizm bilan urush yillari va urushdan keyingi davrlarda og‘ir sinovdan o‘tgan ota va bobolarimizga katta e'tibor qaratilmoqda.

«Barchaga ma'lumki, davlat urush va mehnat faxriylarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi va ularga yordam ko‘rsatadi. Shunisi quvonarliki, tadbirkorlarimiz ham chetda turishayotgani yo‘q. Bugun ikki nafar faxriyga yangi xonadonlar kaliti topshirildi, uylar tuman markazida yangi qurilgan binodadir. Biz bunday ezgu ish uchun “Umar” qurilish korporatsiyasiga chuqur minnatdorchilik bildiramiz», - degan hokim.

Foto: Nuz.uz

Umar Rajaboyevning o‘zi esa shunday dedi: “Tinch osmon uchun siz kabi qahramonlarga qarzdormiz. Sizlar nafaqat Ikkinchi jahon urushi frontlarida mardonavor kurash olib bordingiz, balki urushdan keyingi og‘ir yillarda ham barcha mashaqqatlarni o‘z yelkangizga oldingiz”.

Ta'kidlab o‘tish joizki, «Umar» korporatsiyasi Pastdarg‘om tumani markazida bir necha ko‘pqavatli uylar qurmoqda. Faxriylar uchun ikki xonali kvartiralar ushbu uylardan birida joylashgan, qurilish ishlari noyabrda yakuniga yetadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid