Sport | 15:40 / 15.05.2017
7436
10 daqiqa o‘qiladi

Kontening APLdagi benefisi, kechiktirilgan skudetto va o‘tgan haftaning boshqa yorqin lahzalari

Foto: Getty Images

O‘tgan haftaning uik-endi arafasida Angliyada yangi chempion nomi aniq bo‘ldi. Italiyada esa «Yuventus»ning chempionligini bir turga kechiktirishdi. Ispaniyada esa ikki grand sinxron g‘alabalarni qo‘lga kiritdi. Tribuna.Uz o‘tgan haftaning shu kabi eng yorqin lahzalarini bir joyga to‘pladi.

Angliyadagi italyancha hukmronlik

Angliyada ikkinchi mavsumdirki italiyalik murabbiylar g‘alaba qozonishmoqda. Qiziq tomoni ikkala italyanlar ham o‘z jamoasiga ish boshlagan birinchi mavsumidayoq bu ishni uddalagani tahsinga sazovor. Ammo Klaudio Raneri boshqa jamoada bo‘lsada, APLda ishlashga ulgurgandi. Ammo Antonio Konte premer-ligadagi mutlaqo debyut mavsumidayoq jamoani chempionga aylantirishni uddaladi. Konte APL debyutidayoq chempion bo‘lgan to‘rt murabbiydan biriga aylandi.

Chempionlikni boy bergan «Tottenhem» esa hech bo‘lmasa ikkinchi o‘rinni naqd qilishning uddasidan chiqdi. «Manchester Yunayted»ga qarshi uchrashuv jamoa uchun «Uayt Hart Leyn»dagi so‘nggi o‘yin bo‘ldi va unda g‘alaba qozongan Pochettino shogirdlari muddatidan oldin APL tarixidagi eng yaxshi natijasini qayd etdi. YeChL yo‘llanmasi uchu esa kurashdan qizg‘in davom etmoqda. Londondagi mag‘lubiyatdan keyin bu kurashdan chiqqan «MYu», endi bor-e'tiborini Yevropa Ligasiga qaratgan va buni Mourino ham ochiqchasiga tan olib aytmoqdaki: «MYu» ayni vaqtda APLda o‘ynagisi kelmayapti.

3-4-o‘rinlar uchun esa uch jamoa kurashni davom ettirmoqda. «Manchester Siti» bu turda «Lester»ni qabul qilib, qiyinchilik bilan bo‘lsada, g‘alaba qozondi. O‘z navbatida ulardan qolishmagan «Liverpul» va «Arsenal» mehmondagi uchrashuvlarda yirik hisobda g‘alaba qozondi. Hozircha «Liverpul» 3-o‘rinda bormoqda. Biroq «Manchester Siti» va «Arsenal»ning ulardan bitta kam o‘yin o‘tkazganini hisobga olsak, so‘nggi tur yanada qiziq o‘tishini kutish mumkin.

O‘tgan haftada shuningdek jadvalning quyi qismidagi barcha vaziyatga oydinlik kiritib bo‘lindi. «Kristal Pelas»ga mag‘lub bo‘lgan «Hall» «Midlsbro» va «Sanderlend» ortidan kelgusi mavsumda chempionshipga yo‘l oladigan bo‘ldi.

Grandlardan sinxron «chiqish»

Ispaniya chempionatida peshqadamlar o‘zaro o‘yindan keyin to‘xtashni bilmayapti. Bu safar ikki jamoa bir xil ssenariyda kechgan uchrashuvlarda bir xil natija bilan zafar quchishdi.

«Real» uchun taqvimning so‘nggi qismidagi eng jiddiy raqib sifatida qaralgan «Sevilya»ga qarshi o‘yin ham muvaffaqiyatli o‘tdi. Albatta Nachoning o‘yin boshida kiritgan goli kichik tortishuvlarga sabab bo‘ldi. Ammo bu madridliklarning muvaffaqiyatli yurishiga to‘sqinlik qila olmadi va jamoa yana bir rekord o‘rnatdi.

«Basrelona» ham xuddi «Real»dek g‘alaba qozondi. Neymarning safar uchrashuvlaridagi ilk het-trikini nishonlagan o‘yinda kataloniyaliklarning yana bir goliga Luis Suares mualliflik qildi. Ikki jamoa o‘rtasidagi raqobat so‘nggi turga qoladigan bo‘ldi. Ammo «Real»ning ustun tomoni, jamoa bitta o‘yin kam o‘tkazgan. «Selta»ga qarshi mehmonda bo‘lib o‘tadigan qoldirilgan o‘yin ko‘p masalaga oydinlik kiritib berishi kerak.

Shuningdek, La-liganing bu turida «Atletiko» o‘zi uchun 3-o‘rinni naqd qilgan bo‘lsa, «Sporting Xixon» «Osasuna» va «Granada» ortidan ligani tark etishi aniq bo‘ldi.

Rim ostonasida to‘xtatilgan skudetto

«Yuventus» ketma-ket oltin mavsum A seriyada tengsiz bo‘lishga yaqin turibdi. Bu ishni jamoa Rimda ham uddalashi mumkin edi. Biroq turinliklarning asosiy raqobatchisi «Roma» hech bo‘lmasa shunga yo‘l qo‘ymadi. «Olimpiko»da kechgan uchrashuvda Spalletti shogirdlari amaldagi chempionni mag‘lubiyatga uchratdi va oradagi farqni 4 ochkogacha qisqartirdi.

«Napoli» esa bu turda «Torino» mehmoni bo‘lib yirik hisobda zafar quchdi va «Yuventus» bilan farqni 5 ochkogacha qisqartirdi. Shuningdek «Latsio»ning «Fiorentina»da ochko yo‘qotishi neapolliklarni kelgusi mavsumda ham YeChLda ishtirok etishini kafolatladi.

Bu turda Milanning ikkinchi jamoasi ham amalda yevrokuboklardan quruq qoldi. «Atalanta» uyida kechgan uchrashuvda «Milan» so‘nggi daqiqalarda hisobni tenglashtirib yevrokuboklar uchun so‘nggi umidlarini saqlab qoldi, ammo 2 o‘yinda 6 ochkolik farqni yo‘q qilish, bugungi «Milan» uchun uddalab bo‘lmas topshiriqdek gap. «Inter» esa 35 yilda qayd etmagan antirekordini o‘tgan hafta oxirida yangilab qo‘ya qoldi.

Nemischa gol-mashina

Germaniya bundesligasida turning markaziy uchrashuvi Leyptsigda bo‘lib o‘tdi. Chempionlikni qo‘lga kiritib bo‘lgan «Bavariya»ni qabul qilgan «Leyptsig» o‘yinning bir soatini juda yaxshi o‘tkazdi. marta hisobda oldinda borgan Hazenxyuttl shogirdlari 4:2 hisobidagi g‘alabani ham ushlab qola olmadi. Qo‘shimcha daqiqalarda ikkita to‘p kiritgan «Bavariya» raqibiga durang ham qoldirmadi va mavsumga mantiqiy yakun yasadi — «Bavariya» har qanaqasiga «Leyptsig»dan kuchli!

Ammo mag‘lubiyat ham «RB»ga kerakli natijani qo‘lga kiritish uchun halal bermadi. Jamoa bundesligada 2-o‘rinni naqd qildi. Sababi ta'qibchi «Borussiya» ochko yo‘qotdi. Bu turda g‘alaba qozongan «Hoffenxaym» esa dortmundliklar bilan tenglashib oldi. So‘nggi turda uchinchi o‘rin uchun shu ikki jamoa kurash olib borishi kutilmoqda.

Shuningdek bu turda bundesligani tark etgan ikkinchi jamoa nomi ma'lum bo‘ldi. «Ingolshtadt» Germaniya oliy ligasida o‘tkazgan ikki yilidan so‘ng ortga qaytadigan bo‘ldi. O‘tish o‘yinida ishtirok etadigan 16-o‘ringa esa bir yo‘la beshta jamoa tushib ketishi mumkin bo‘lib turibdi. Hozircha bu o‘rinda «Hamburg».

Taxt ostonasidagi knyazliklar

Fransiya chempionatining 37-turida ikki peshqadam ham yirik hisobda g‘alaba qozondi. «Monako» o‘z uyida «Lill» qabul qilib, yirik 4:0 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsa, «PSJ» «Sent-Eten» mehmoni bo‘lib 5:0 hisobidagi g‘alaba bilan ortga qaytdi. Musobaqa tugashiga bir tur qolganda «Monako» parijliklarni 3 ochkoga ortda qoldirmoqda. Ammo ularning ustun tarafi bitta kam uchrashuv o‘tkazishganida. Chorshanba kuni qoldirilgan uchrashuv doirasida «Monako» «Sent-Eten»ni o‘z uyida qabul qiladi. O‘sha o‘yindagi durang ham «Monako»ni uzoq yillik tanaffusdan so‘ng mamlakat chempioniga aylantiradi.

Bu turda shuningdek «Lion» ham 4-o‘rin masalasini ijobiy hal qildi. «Bordo» va «Marsel»ning o‘zaro o‘yindagi durangidan lionliklar unumli foydalanib qolishdi.

Shuningdek...

Bu haftada Portugaliya va Niderlandiyada ham chempion nomi aniq bo‘ldi. «Benfika» «Vitoriya Gimaraesh»ni yirik hisobda mag‘lubiyatga uchratib, ketma-ket to‘rtinchi mavsum mamlakatda tengsiz deb topilgan bo‘lsa, «Feyyenoord» 18 yillik tanaffusdan so‘ng Niderlandiya taxtiga qaytdi. Bunda jamoaga Dirk Kuytning het-triki ham yaqindan yordam berdi.

Mavzuga oid