Fan-texnika | 19:37 / 16.05.2017
10387
2 daqiqa o‘qiladi

Singapurda superkarlar sotuvchi ulkan avtomat barpo etildi

Singapurda vending avtomati (turli yeguliklar, ichimliklar sotishga mo‘ljallangan qurilma) prinsipi bo‘yicha bajarilgan avtomobillar sotuvchi antiqa dilerlik markazi qurildi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar bermoqda.

15 qavatli inshootda 60 tagacha mashina joylashtirilishi mumkin. Ushbu dilerlik markazi Autobahn Motors firmasiga tegishli bo‘lib, uning yaratuvchilarining aytishicha, ular shu tariqa shaharning yuklangan ko‘chalaridagi joydan to‘g‘ri foydalanishni hamda kreativlik namoyish qilishni istashgan.      

Ushbu "vending" garajining katta qismi sport mashinalari va superkarlar hamda hashamatli va turli klassik mashinalar bilan to‘ldirilgan. Bu markazdagi mashinalardan birini ko‘rish uchun uning yonidagi maxsus sensorli ekranda ushbu mashinani tanlash kerak. Tizim mashinani taxminan 2 daqiqa ichida pastga tushirib beradi.   

Shunga o‘xshash "avtomat" 2016 yilda AQShning Texas shtatida barpo etilgandi. Uni Carvana dilerlik tarmog‘i qurgan. Biroq bu markaz Singapurdagidan farqli ravishda, 8 ta qavatga ega va unga 30 tagacha mashinani joylashtirish mumkin.

Mavzuga oid