Fan-texnika | 14:48 / 20.05.2017
19652
4 daqiqa o‘qiladi

Xarid qilgandan so‘ng afsusga sabab bo‘lgan 7 avtomobil aksilreytingi

Amerikaning iste'molchilar ittifoqi Consumer Reports haydovchilar xarid qilganlaridan so‘ng afsus qilgan avtomobillarning «aksilreyting»ini e'lon qildi. So‘rovda 2014-2017 yillarda ishlab chiqarilgan avtomobillarni xarid qilgan 300 ming kishi ishtirok etgan. Quyidagi 7 modelni haydovchilar yana bir bor imkon berilganida hech qachon xarid qilmagan bo‘lishlarini bildirishgan. 

Jeep Compass

Compass «ixcham yo‘ltanlamas»lar orasida aksilreyting yetakchisi deb topildi. Avtomobil noqulay o‘rindiqlar, orqani ko‘rishning yomonligi, yomon dinamika va shovqinlikning balandligi sabab shunday natijani qayd etmoqda. So‘ralganlarning atigi 42 foizi yo‘ltanlamasga ishonch bildirgan. 

Nissan Pathfinder

O‘rta hajmli avtomobillar qatoridagi «oltin» mukofot Yaponiya avtomobilsozlik sanoati vakili Pathfinder mashinasiga tegishli bo‘ldi. Uni xarid qilganlarning aksariyati avtomobil xarid qilishga arzimaydi, degan fikrni bildirgan. Pathfinder modeliga xos murakkab yo‘llarda harakatlanish sifati, ishonchsizligi va yoqilg‘ini ko‘p sarflashi shundog‘am yomon avtomobilga nisbatan qarashni yanada pasaytirgan. 

Dodge Dart

Ixcham sedanlar orasida yana bir «amerikalik» mashina haydovchilarning ishonchini oqlay olmagan. Xaridorlarga ko‘ra, sovutgichi talabga javob bermaydi, noqulay o‘rindiqlar, sekin tezlik oladi va ko‘plab texnik muammolari bor. Albatta, ta'kidlash joiz, u allaqachon ishlab chiqarishdan olingan. 

Chrysler 200

200 lik Chrysler ham «Dart» kabi ishlab chiqarishdan olingan. Ta'kidlanishicha, ushbu ikki model uchun "Fiat" kompaniyasining Alfa Romeo Guilietta platformasi olingan. Uning egalari tor salondan, uskunalarning o‘rtacha sifatli ekanidan, 4 silindrli motorning kuchsizligidan va o‘ta shovqinidan nolishgan. 

Dodge Grand Caravan

Katta oilaviy miniven o‘zining ancha arzon narxiga qaramay, xaridorlar ishonchini qozona olmadi. Uni sotib olgan amerikalik haydovchilar siltanuvchi uzatmalar qutisi, noqulay ikkinchi qator, audiotizimning sifatsizligi va salonga arzon materiallar bilan ishlov berilganini ta'kidlashgan. 

Nissan Frontier

Nissan kompaniyasining yana bir vakili. Ushbu pikap Yevropa va boshqa davlatlarda Navara nomi bilan yaxshi ma'lum. Transport vositasi deyarli 2005 yildan beri o‘zgarishsiz ishlab chiqariladi va o‘shandan beri pikaplar orasida eng quyi o‘rinni egallab keladi. Unga nisbatan bildirilgan noroziliklar sifatida  — shovqin darajasi yuqoriligi, rul chambaragi gidrokuchaytirgichining g‘aroyib ishlashi, qattiq o‘rindiqlar va qayrilib olish maydonining kattaligi kabilarni ko‘rsatish mumkin. 

Acura ILX

Aksil reytingning «eng yuqori» o‘rnida juda ko‘pchilikning noroziligiga sabab bo‘lgan ILX mashinasi joylashdi. To‘g‘ri, reytingda Dodge Dart va Chrysler 200 ham undan sezilarli oldinda emas. Sedanni yomon boshqaruvga, sifatsiz bo‘yoqqa ega bo‘lgan «Sivik» deb atashdi. Tezlik olishi ham ko‘ngildagidek bo‘lmaganiga yarasha arzon ham emas, deb ta'kidlashgan amerikalik mijozlar. 

Mavzuga oid