O‘zbekistonga stomatologik texnik vositalarni yashirin ravishda olib kirmoqchi bo‘lgan shaxs aniqlandi
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari turli tovar-moddiy boyliklarning bojxona nazoratidan yashirincha olib kirilishiga doir bir nechta qonunbuzarlik holatlarini fosh qilishdi, deb xabar bermoqda Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.
Jumladan, “G‘ishtko‘prik” chegara-bojxona kompleksida O‘zbekistonga kirib kelgan yengil avtomashinalardan biri bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, uning eshiklari orasidagi ko‘z ilg‘amas bo‘shliqlarga 4 turdagi 1100 donadan ortiq stomatologik texnik vositalar yashirilganligi aniqlandi.
Bojxona xodimining og‘zaki so‘rov vaqtida hamda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ma'lum qilinmagan va qiymati salkam 110 mln. so‘mni tashkil qiluvchi ushbu tibbiy vositalar fuqaro M.Bakiyevga tegishli bo‘lib chiqdi.
“Yallama” chegara-bojxona postida esa fuqaro T.To‘ychiyev bojxonachilarning ko‘zini shamg‘alat qilish uchun “Kamaz” rusumli avtoulovi yuk xonasining pol qismini tanladi. Polning ostiga ushbu shaxs 33 turdagi 2141 dona, shuningdek 3 turdagi salkam 60 kg. biologik aktiv qo‘shimchalarni yashirgan holda O‘zbekistonga olib kirishga uringan ekan. Bojxona rasmiylashtiruvi va sifatini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan mazkur tovar-moddiy boyliklarning umumiy qiymati 182 mln. so‘mdan ortar ekan.
Shuningdek, mazkur postda bojxonachilar yirik miqdordagi yana bir bojxona qoidabuzarligini fosh qilishdi. Tegishli hujjatlarga ko‘ra, mana bu “MAN” rusumli yuk avtomashinasida poytaxtimizdagi “Inter auto line” ma'suliyati cheklangan jamiyati nomiga un mahsulotlari keltirilayotgan bo‘lishi kerak edi.
Biroq, bojxona ko‘rigi davomida esa bojxonachilar butunlay boshqa manzaraga duch kelishdi. Fuqaro X.Xolmatov boshqaruvidagi mazkur avtomashina yukxonasida un mahsuloti o‘rnida noutbuklar, turli iste'mol tovarlari, biologik aktiv qo‘shimcha va giyohlar, alkogolli ichimliklar, kiyim-kechaklar, gazlamalar va boshqa tovar-moddiy boyliklar borligi aniqlandi.
Yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlarida qayd etilmagan va bojxona nazoratidan chetlab olib kirish paytida to‘xtatib qolingan mazkur tovar-moddiy boyliklarning umumiy qiymati 923 mln. so‘mdan oshar ekan.
Mazkur holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 182-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mavzuga oid
22:47 / 03.07.2023
Yaponiyada tishlar o‘sishini tiklaydigan dunyodagi birinchi dori yaratildi
09:24 / 06.06.2023
Toshkentda stomatologiya klinikasidan 118 mln so‘mlik tish implantlari o‘g‘irlandi
11:20 / 09.05.2023
SSV: Kolumbiya universiteti bilan yaqin hamkorlik o‘rnatildi
10:53 / 08.03.2023