Jahon | 17:44 / 28.05.2017
27960
5 daqiqa o‘qiladi

«Bolalar o‘ldi va buni men bilgan inson amalga oshirdi»

Foto: Reuters

Britaniyalik repper va Manchesterdagi terakt ijrochisining bolalikdagi do‘sti Geko Sky News'ga bergan intervyusida Salmon Abadiyning radikal qarashlari Manchesterda shakllantirgani borasida fikr bildirdi. 

"Manchesterda hammaning miyasini aynituvchi guruh bor va bu menga yoqmaydi. U Liviyada bo‘lgandi, endi esa aynan u Manchesterdagi portlashni sodir etgan shaxs bo‘lib chiqdi", - deya so‘zlaydi musiqachi.

Shuningdek u Abadiyga kimdir yordam bergani, teraktni uning yolg‘iz o‘zi sodir etmaganini taxmin qildi.

"Buning qanday ro‘y bergani aqlga sig‘maydi, men uning nima uchun bunday qilganini tushuna olmayapman. Nimani o‘ylab shunday qilganiga hayronman", - dedi Geko.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Abadiy bolaligida "hamma qatori, quvnoq bola" bo‘lgan, biroq so‘nggi ikki yilda ular ko‘rishishmagan. Gekoning ta'kidlashicha, u Abadiyning diniylashib ketayotganidan boxabar bo‘lgan, lekin u shu tariqa "tinchlik va mehr-muhabbat"ni targ‘ib qiluvchi  haqiqiy islomga murojaat qilgan deb o‘ylagan. Reperning aytishicha, Abadiyning terakt ijrochisi ekanidan xabar topgach, yig‘lab yuborgan.

"Men o‘tirib o‘ylardim - bolalar o‘ldi va buni men bilgan inson amalga oshirdi. Bu men uchun og‘riqli kechdi", - deya tan oladi musiqachi.

28 may kuni Britaniyaning Daily Mail nashri AQSh Federal tergov byurosi (FTB) 2017 yilning boshidayoq Britaniyaning MI5 konttrazvedka xizmatini Abadiy Buyuk Britaniyada hujum tashkillashtirishni rejalashtirayotganidan ogohlantirgan.

Manbaga ko‘ra, FTB MI5'ga Abadiyning IShID terrorchi tashkilotining Shimoliy Afrikadagi bo‘limidagi faoliyatiga doir ma'lumotlarni yetkazgan. FTB va MI5 Abadiyni siyosatchining o‘limiga tayyorgarlik ko‘rayotganlikda gumon qilgan, biroq dalillar yo‘qligi bois unga qarshi tergov to‘xtatilgan.

"2017 yilning boshida FTB MI5'ga Abadiy Manchesterda ildiz otgan terrorchi to‘daning Shimoliy Afrikadagi hujayrasiga qo‘shilgani haqida xabar bergan, uning a'zolari Buyuk Britaniya hududida biror bir amaldorni o‘ldirish imkonini izlashgan", - deydi xavfsizlik kuchlaridan biri.

«Manchester Arena»dagi portlash amerikalik qo‘shiqchi Ariana Grandening konserti tugashi bilanoq sport va konsert  majmuasining foyesida sodir etilgan. Uning natijasida 22 kishi halok bo‘lgan, 59 kishi, jumladan 12 bola jabrlangan. Terakt uchun javobgarlikni IShID terrorchi guruhi o‘z zimmasiga olgan. IShIDning Manchesterdagi terakt bo‘yicha rasmiy bayonotiga ko‘ra esa, 30 kishi halok bo‘lgan, 70 nafari jarohat olgan.

Hozirda Manchesterdagi terak tergovida mingga yaqin ofitser ishtirok etmoqda va xudkushning sheriklarini qidirmoqda. Ekspertlar 1,5 mingga yaqin turli dalillarga egalar, tergov ekspertizasi o‘tkazilmoqda.  

Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II teraktni "johillik" deb atadi. 

Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey qo‘mitaning favqulodda vaziyatlar bo‘yicha shoshilinch yig‘ilishida so‘zga chiqdi.

"Odamlarning shafqatsiz terrorchilik hujumi qurboni bo‘lganiga shubha yo‘q. Terrorchilar yoshlarni nishonga olishni maqsad qilishgan. Portlash atayin maksimal ziyon yetkaziladigan joy va vaqtda sodir etilgan", - dedi Mey.

Bosh vazir shuningdek milliy fojia munosabati bilan saylovoldi kampaniyasini to‘xtatish borasida ko‘rsatma bergan.

Abadiy stadiondagi portlashdan 15 daqiqa avval Liviyadagi ukasi Hoshim Ramazon Abu Qosim Al-Abadiy bilan telefonda suhbatlashgan.

Terrorchining ukasi rejadagi terakt va uning vaqtiga doir tafsilotlardan xabari bo‘lmagan. Ta'kidlanishicha, Abadiy Manchesterdagi teraktning ertasiga IShID bilan aloqadorlikda gumon qilinib, Tripolida  politsiya maxsus kuchlar tomonidan qo‘lga olingan.

Taxminlarga ko‘ra, Abadiy hujumga kamida bir yil mobaynida tayyorgarlik ko‘rgan. 22 yoshli terrorchi 12 oy avval bankda hisob raqami ochgan. Undagi pullardan faqat mix va vintlar xaridida foydalanilgan va keyinroq ulardan portlash qurilmasi tayyorlangan. 

Mavzuga oid