Jamiyat | 13:58 / 29.05.2017
51100
3 daqiqa o‘qiladi

Namanganning bir ko‘chasi: hujjatsiz uylar va ro‘yxatda yo‘q odamlar

Kun.uz’ning Namanganga tashrifi turli mavzularda bo‘ldi. Ijodiy safar davomida turli manzillarga tashrif buyurildi. Ana shunday joylardan biri Namangan shahri, Guliston ko‘chasi bo‘ldi.

Gap shundaki, bu yerda 24 ta xo‘jalik istiqomat qiladi. Mahalliy aholi bilan bo‘lib o‘tgan suhbatimiz chog‘ida ayon bo‘ldiki, bu yerda tabiiy gazning bo‘lmaganligiga ancha yillar bo‘lgan. Elektr energiyasi va toza ichimlik suvi ham doimiy ravishda berilmaydi. Uylarning tomidan yog‘ingarchilik vaqtida chakki o‘tadi. Pod'yezdlarning ko‘rinishi rasvo holatda, ko‘chada bir uyum chiqindi sochilib yotibdi. Ammo muammoning eng kattasi bu emas...

Gap shundaki, bu yerda istiqomat qilib kelayotgan 24 xo‘jalikning hech birida xonadonning shaxsiy mulk ekanligini tasdiqlovchi birorta hujjat mavjud emas. Bu yerda yashovchilar o‘zlaridan oldingi uy egalaridan bu xonadonlarni sotib olishgan. Oldi-sotdi jarayonida hech qanday qonuniy amallar bajarilmagan. Shunchaki “Men sotyapman, men olyapman va men guvohman”, degan tilxat bor xolos. Shu sabab bo‘lsa kerak, bu hududning shirkati ham mavjud emas. Odamlar qayerga borishni, kimga murojaat qilishni-da bilishmaydi.

Xonadonlar ichi kirib ko‘rilganida, ularning ayrimlari yaxshi ta'mirlangan, ayrimlari esa haminqadar edi. Ammo uyning tashqi tomoni o‘ta ayanchli. Shirkat bo‘lmasa, birgalashib ta'mirlash, chiqindilardan tozalash ishlari ham olib borilmagan.

Ushbu holat bilan Namangan shahar hokimi o‘rinbosari Saidahmad Sultonov yaqindan tanishdi. Uning aytishicha, bu yerda birinchi istiqomat qilgan kishilar xonadonlarga shunchaki kirib, joylashib, yashayverishgan. Hech qanday hujjat va qonuniy harakatlarsiz bu ishni amalga oshirishgan. Hozirgi yashayotgan aholi esa ulardan bu uylarni sotib olishgan. Yana o‘sha hujjatsiz va qonuniy harakatlarsiz. Hokim o‘rinbosari vaziyat bilan tanishgach, barchani uyushqoq bo‘lishga, shu yerda istiqomat qiluvchilar orasidan shirkat tuzishga va atrofni birgalikda obodonlashtirishga chaqirdi. Odamlarni ro‘yxatga qo‘yishga ham va'da berdi.

Oradan ma'lum bir vaqt o‘tib, bizga yetib kelgan ma'lumotlarga ko‘ra, Guliston ko‘chasida joylashgan ikki qavatli ikkita uyning tashqi ko‘rinishi oqlangan, atrof obodonlashtirilgan va chiqindilardan tozalangan. Ammo bu yerda yashovchi insonlarning asl dardi bu emas, ularning huquqlarini tiklab, qo‘llariga qonuniy hujjat taqdim etishdir. Zero huquqiy demokratik davlatda yashovchi har bir fuqaro o‘z huquqiga egadir.

 

Mavzuga oid