O‘zbekiston | 11:38 / 29.05.2017
8241
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yagona muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazi sinov tariqasida ishga tushirilmoqda

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Shu yilning 25 may kuni Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Buxoro viloyat filialida Yagona muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazi (YaMDM)ning pilot loyihasi namoyishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar bergan. 

Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Sogliqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan elektron sog‘liqni saqlashni rivojlantirish markazi "O‘zmedinfo" xodimlari, tizimli integrator Inline Telecom Solutions kompaniyasi hamda “O‘zbektelekom” AKning mutaxassislari ishtirokida ko‘rsatildi. Hujjatlarga ko‘ra, yagona muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik markazlari O‘zbekistonning 13 hududida tashkil etilishi mo‘ljallanmoqda. Bu markazlar yagona avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi tomonidan boshqariladi. Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Buxoro viloyat filialida tashkil etilgan yagona muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazi esa ushbu yo‘lda tashlangan dastlabki qadam bo‘ldi.

Ma'lum bo‘lishicha, endilikda ushbu markaz shoshilinch holatlardagi har bir murojaatni o‘z vaqtida tezkorlik bilan istisnosiz bajarilishiga xizmat qiladi. Qabul qilingan va rasmiylashtirilgan har bir murojaat o‘sha zahotiyoq ko‘chma brigadaga bemor haqidagi kerakli tibbiy axborot va uning joylashish manzili haqidagi ma'lumotlar bilan birgalikda radio ratsiya qurilmalari orqali uzatiladi.

Mavzuga oid