Jamiyat | 18:57 / 31.05.2017
40266
7 daqiqa o‘qiladi

Bozor oralab: Baliqchi tumanida nima gaplar?

Har bir jamiyatning o‘ziga xos muammosi, yechimini kutayotgan masalasi bo‘ladi. O‘z vaqtida aniqlangan muammo joyida va tezkorlik bilan hal etilishi shu jamiyatning takomillashganidan, demokratiyaga yuz tutganidan dalolatdir. Aksincha, muammo o‘z holicha qolaversa yoki uni hal etish yo‘lida ko‘zbo‘yamachilikka tayanilsa bu jamiyatni ich-ichidan yemiruvchi omil bo‘lib xizmat qiladi.

Saytimiz orqali Andijon viloyati Baliqchi tumanidagi bozor faoliyatiga bog‘liq muammo qalamga olingan edi. Unda tuman hududida qurilgan yangi bozorda savdo qiluvchi tadbirkorlarning eski, sharoiti yo‘q bozorga quvilayotgani va bu ishlarga hech bir izoh keltirilmagani tilga olinadi. Ushbu holatni o‘rganish uchun mazkur tumanga borib, holat bilan yaqindan tanishdik.   

Baliqchi tuman markazida uchta bozor mavjud:

1. “Dehqon bozori”

2. “AZIM DAVRON” jamiyatiga qarashli buyum bozori

3.“BO’STON NIHOL BOG’I” bog‘dorchilik fermer ho‘jaligiga qarashli Yangi bozor.

Maqolada aytib o‘tilgan muammoli holat Yangi bozorda sodir etilgan bo‘lib, bu savdo majmuasi “BO’STON NIHOL BOG’I” bog‘dorchilik fermer xo‘jaligiga qarashlidir.

Fermer xo‘jaligi tasarrufidagi Yangi bozor tuman hokimining 2014 yilgi qaroriga asosan 2016 yilda qurib bitkazilgan bo‘lib, hududida 60 o‘rinli yozgi pavilon va 43ta turg‘un savdo shoxobchasi bor.

Murojaatda soliq xodimlari Yangi bozordagi tadbirkorlarni Eski bozorga majburan chiqarayotgani aytilgan edi. Voqeaga aniqlik kiritish uchun, birinchi navbatda, tuman DSI boshlig‘i Odiljon Nurdinovga uchrashdik. Nazorat qiluvchi davlat organi boshlig‘i tomonidan berilgan javoblardan qoniqmagach, tuman hokimi o‘rinbosari Davronbek Saidqulovga yuzlandik.

Hokim o‘rinbosari o‘z xonasiga tuman markazidagi barcha bozor rahbarlari va tegishli mutasaddilarni to‘pladi. Ushbu yig‘ilishda “Yangi bozor” rahbari Faroxiddin Ahmedov tashkilotida mavjud muammoli holatlarni o‘rtaga tashladi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, “Yangi bozor” savdo majmuasi “Mikrokreditbank” Baliqchi tumani filiali tomonidan ajratilgan imtiyozli kredit asosida qurilgan. Kredit mablag‘ini qaytarish uchun asosiy manba sifatida qurib bitkazilgan do‘konlar va savdo pavilonini tadbirkorlarga ijaraga berishdan tushadigan daromad ko‘zda tutilgan. “Yangi bozor” bilan hududi chegara bo‘lgan “Dehqon bozori”da o‘tgan yili rekonstruksiya ishlari boshlangan bo‘lib, o‘sha yerda savdo qilayotgan tadbirkorlarni “Yangi bozor” hududiga o‘tishi belgilangan edi. Tuman mutasaddi tashkilotlari avvaliga eski “Dehqon bozori” hududidagi tadbirkorlarni “Yangi bozor” tomonga o‘tib, savdo qildirishga harakat qilishgan bo‘lsa, so‘nggi oyda esa teskari holatning guvohi bo‘lish mumkin.

“Yangi bozor” hududida yakshanba kunlari ko‘chalarda noqulay holatda savdo qilib kelayotgan savdogarlarga bo‘sh turgan savdo o‘rinlarida savdo qilishlari uchun sharoit qilib berilayotgan edi. Lekin negadir tuman soliq inspeksiyasi xodimlari bunga qarshilik qilib, tadbirkorlarni bozordan chiqarib yuborgan.

Bozorda o‘tirgan savdogarning eng nozik nuqtasi – tekshiruvchi. Hujjatlari joyida bo‘lsa ham savdogar xalqi tinch savdo qilishni hohlaydi. Agar qaysi bozorda bo‘lishidan qat'i nazar uni kamroq tekshirishsa, tadbirkor o‘sha joyda muqim o‘rnashadi. Yaxshi tovarlarga ega sotuvchilar bor maskanga xaridor talpinadi. Xaridor o‘rgangach esa bozorga fayz kiradi. Bozor egasining ham talabi shu. Soliq idorasi xodimlariga: “Nega bunday bo‘lyapti?” degan savolni berdik. Ular “Qonuniy hujjatga ega bo‘lmagan va tashqarida yoyma tarzda savdo qilayotganlarni tegishli tartibga asosan tekshirib chiqdik”, degan javobni berishdi. Bu haq gap! Barcha bozorlar  hududida ochiq pavilonda dehqonchilik va meva-sabzavot mahsulotlari bilan savdo qilish mumkin. Nooziq-ovqat tovarlari bilan esa faqat yopiq xonalar, ya'ni turg‘un savdo nuqtalarida tegishli tartibdagi me'yoriy hujjatlar bo‘lgandagina faoliyat yuritish belgilangan.     

Faroxiddin Ahmedovning: “Tartib va qoida faqat bizning bozorga nisbatan qo‘llanilishi g‘alati, o‘sha ko‘chaga chiqarib yuborilayotgan tadbirkorlarga bozorda savdo qilishga ruxsat berib tursalaring, asta-sekin turg‘un do‘konlarga olib kirib olardim. Ular baribir boshqa savdo majmualari va ko‘chada yoyib savdo qilishayaptiku?”, degan savoli esa o‘yga toldiradi.

Uning kuyunishida jon bor. Bozorni qurish uchun kredit olgan tadbirkor o‘zini o‘tga-cho‘qqa urmoqda. Zamon talablariga javob beradigan savdo o‘rinlarlarini tadbirkorlarga ijaraga bera olmayapti, qonuniy ijara shartnoma bilan ishlayotgan tadbirkorlarni esa yo‘qotmoqda. Natijada kredit mablag‘lari vaqtida qaytarilmayapti, muddati o‘tgan qarzdorlik, jarimalar yuzaga kelyapti.

Tuman hokimligi va Yangi bozorda bo‘lib o‘tgan yig‘ilish yakunida bozorni rivojlantirish uchun barcha tashkilotlar yaqindan yordam beradigan bo‘ldi. O‘zi oliy ma'lumotli marketolog bo‘lgan Faroxiddin bir hafta ichida bozorda tadbirkorlarni o‘z hududiga tortish uchun qulayliklar yaratishi haqida gapirdi.

Darhaqiqat, Sharqda qadimdan bozorlarning gavjum va chiroyli bo‘lishiga qarab yurtga baho berishgan. Baliqchi tuman bozorlari faoliyatiga mutasaddi tashkilotlar halaqit berish o‘rniga yaqindan ko‘mak bersa, foydadan holi bo‘lmasdi. Tadbirkor tumanda SOG‘LOM RAQOBAT MUHITI yaratilishini so‘ramoqda. Haqli va bugungi kun talabi bu.

 

Mavzuga oid