O‘zbekiston | 10:10 / 09.06.2017
30591
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi yetakchi mobil operatorlari litsenziya talablarini buzayotgani ma'lum qilindi

Foto: iStock

UNITEL MChJ (Beeline savdo markasi) va COSCOM MChJ (Ucell savdo markasi) mobil operatorlari radioelektron vositalar va radiochastota spektridan foydalanishni qo‘pol ravishda buzishmoqda. Bu haqda Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi ma'lum qildi.

Inspektsiyaning ta'kidlashicha, 2017 yilning may va iyun oyilarida baza stansiyalari va ushbu operatorlarning mobil aloqa tarmoqlari radioreleyli liniyalardan foydalanishi bo‘yicha tartib talablari buzilgan.  

Inspektsiya ma'lumotlariga ko‘ra, mobil operatorlar baza stansiyalari va radioreleyli liniyalardan foydalanishga qabul qilib olish akti va radioelektron vositalar hamda radiochastotalardan texnik foydalanish bo‘yicha tegishli ruxsatni rasmiylashtirmasdan, noqonuniy ravishda tijoriy maqsadlarda foydalanishgan. 

Xususan, qoidabuzarliklar Toshkent, Jizzax, Sirdaryo, Samarqand, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida aniqlangan.

Inspektsiyaning eslatishicha, operatorlar “normativ-huquqiy aktlar va litsenziya kelishuvlari talablarini tizimli ravishda hamda qo‘pol buzishlari, shuningdek, ko‘rsatilayotgan mobil aloqa xizmatlari sifati ko‘rsatkichlari pasaygani uchun” ogohlantirilgan va ma'muriy javobgarlikka tortilgan.

Inspektsiyaning ma'lum qilishicha, COSCOM MChJ va UNITEL MChJ O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish Vazirligi tomonidan taqdim etilgan harakatlanuvchi radiotelefon (uyali) aloqa tarmoqlarini loyihalashtirish, qurish, foydalanish va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha faoliyat bilan shug‘ullanishga huquq beruvchi litsenziya kelishuvi (litsenziya), shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy aktlar talablarini tizimli ravishda va qo‘pol buzishmoqda.

Shuni ta'kidlab o‘tish joizki, «UNITEL» MChJ va «COSCOM» MChJ operatorlari abonentlaridan kelib tushayotgan shikoyatlarning har kuni ko‘payib borayotgani operatorlar tomonidan mobil aloqa xizmatlari taqdim etish sifatining yomonlashganini ko‘rsatadi, ya'ni, abonent tashabbusisiz suhbatning uzilib qolishi yoki mobil aloqa tarmog‘i signalining yo‘qolishi.

«Shu tariqa normativ-huquqiy aktlar va litsenziya kelishuvi talablari tizimli ravishda buzilishiga yo‘l qo‘yilmoqda, bu esa ta'sirchan choralar ko‘rish uchun xavotirli signaldir», - deya ta'kidlaydi inspeksiya.

Idoraning eslatishicha, telekommunikatsiyalar sohasidagi faoliyatni litsenziyalash to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, lisenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlari tizimli ravishda yoki bir bora qo‘pol ravishda buzilsa, litsenziya harakati to‘xtatiladi.

Inspektsiyaning ma'lum qilishicha, operatorlarga O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy aktlari talablariga qat'iy rioya etishni ta'minlash va litsenziya kelishuvi shartlarini bajarish bo‘yicha ko‘rsatma berdi va berilgan ko‘rsatmalar bajarilmasa, litsenziya faoliyatiga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishi haqida bildirishnoma yubordi.

Mavzuga oid