Light | 19:09 / 14.06.2017
68625
5 daqiqa o‘qiladi

Ozishingizga to‘sqinlik qilayotgan 5ta asosiy xato

Shirinliklar va fastfuddan voz kechish tezda ozishingizni kafolatlamaydi. Sog‘lom parhez ham ozishni istayotganlarga aks ta'sir etishi mumkin. Layfxaker va «Workout — Chiroyli qomatli bo‘l!» YouTube-kanali qaysi xato tushunchalar orzuingizdagi qomatga erishishga imkon bermayotganiga oydinlik kiritadi. 

1-xato. Siz taom hajmini e'tiborga olmayapsiz

Ko‘pchilik, mahsulot foydali bo‘lsa, xohlagancha iste'mol qilsa bo‘ladi, deb o‘ylashadi. Bu katta xato. Hattoki, bo‘tqa, butundonli makaron yoki shirin mevalar ham cheklovlarsiz tanovul qilinsa, sizning barcha urinishlaringiz chippakka chiqishi mumkin. 

Qanday tuzatish mumkin?

Oshxona tarozusini xarid qiling va iste'mol qilayotgan barcha mahsulotlarni tortib ko‘ring. Kaloriyalarni hisoblovchi ilovani smartfoninizga yuklab olib, kunlik me'yorga rioya qilish uchun kundalik yuriting. 

Yodda tuting, qadoqlar va jadvallarda 100 gramm qayta ishlanmagan mahsulotniing kaloriyasi keltiriladi. Quruq/xom va tayyor mahsulot quvvati keskin farq qilishi mumkin. Shunga ko‘ra, mahsulotni pishirmasdan avval torting yoki tayyor mahsulot kaloriyasini qidiring. 

2-xato. Siz sousning kaloriyasini e'tiborga olmaysiz.
 
Ko‘plab ozayotganlar kam miqdordagi qayla kaloriyani unchalik ham ko‘paytirmaydi, deb xato o‘ylashadi. Aslida qaylalar juda ham kaloriyali va yog‘li bo‘ladi. 100 gramm shunday mahsulotda 30 grammga yaqin moy va 300 kilokaloriya quvvat bo‘ladi. Taomga 30 gramm qayla qo‘shish bilan parhez tutayotgan inson 90 kilokaloriyani iste'mol qiladi. Bunda, uning katta qismi moylarga to‘g‘ri keladi. 

Qanday tuzatish mumkin?

Do‘kondan xarid qilinadigan tayyor qaylalarni tabiiy ziravorlarga almashtiring. Shu bilan, taom mazasini uning kaloriyasini oshirmasdan ajoyib qila olasiz. Qaylalardan voz kecha olmasangiz, kamroq zarar yetkazish qoidasiga amal qiling: jumladan ketchup o‘rniga tabiiy tomat pastasini tanlang. Mayonez o‘rniga qatiq va xantal aralashmasidan foydalaning. 

3-xato. Yog‘sizlantirilgan mahsulotlarni ma'qul ko‘rasiz

Yog‘sizlantirilgan sut va sut mahsulotlari ozishga yordam berish o‘rniga, ko‘proq kaloriya iste'mol qilishingizga sabab bo‘ladi. Yaqinda Food & Brand Lab tomonidan o‘tkazilgan Low–Fat Foods Can Make You Fatter! tadqiqot natijasi shuni ko‘rsatdiki,  qadoqdagi «0 foiz yog‘li» qaydi iste'molchilarning ko‘proq mahsulot tanovul qilishiga va o‘rtacha 84 kilokaloriya ko‘proq qabul qilishiga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, yog‘sizlantirilgan mahsulotlar to‘yish hissini bermaydi, ulardagi vitaminlar va mikroelementlar ancha yomon hazm qilinadi. Shu sababli, siz foyda ko‘rmaysiz hamda qisqa vaqtdan keyin yana taom yeyishni xohlab qolasiz. 

Qanday tuzatish mumkin? 

O‘rtacha yog‘li sut mahsulotlarini xarid qiling. Nafaqat kaloriyaga, balki oqsillar, yog‘lar va uglevodlar miqdoriga ham ko‘z yugurtiring. Tarkibini diqqat bilan o‘qing: ayrim yog‘sizlantirilgan mahsulotlarda ta'mni yaxshilash uchun shakar qo‘shiladi, bu esa uning kaloriyasini ko‘taradi. 

4-xato. Qovurilgan taomlarni yoqtirasiz

Qovurish chog‘ida qo‘llaniladigan o‘simlik moyi taomning kaloriyasini oshiradi. 

Qanday tuzatish mumkin?

Taom tayyorlashning boshqa usullaridan foydalaning: mahsulotlarni bug‘da yoki gaz pechkasida pishirish mumkin. Maxsus tovani xarid qilsangiz, moysiz qovurish imkoniga ham ega bo‘lasiz. Agar, baribir, ovurishga qaror qilsangiz, uni idishdan tovaga quymang, balki moyni surish bilan kifoyalaning. 

5-xato. Siz haddan ortiq ko‘p shirinlik iste'mol qilasiz

Ko‘p hollarda konfetlar va pishiriqlarni birmuncha foydaliroq bo‘lgan mahsulotlar: yong‘oq va quruq mevalarga almashtirish tavsiya etiladi. Ha, ularda foydali moddalar ko‘p, biroq kaloriyalari ham kam emas. Masalan, 30 gramm grek yong‘og‘i 196 kilokaloriya bo‘lsa, shuncha miqdordagi xurmo 80 kilokaloriyaga teng.

Qanday tuzatish mumkin?
 
Quruq mevalar va yong‘oqlarni ko‘zdan uzoqroqqa qo‘ying. Foydali sneklarni tamaddi qilishdan avval, belgilangan porsiyani olib, tortib ko‘ring va kaloriyasini hisoblang. 

Shunday qilib, sog‘lom ovqatlanishga o‘ting va xatolar hamda turli xayollar bilan urinishlaringizni besamar ketkazmang. 

Mavzuga oid