Jamiyat | 17:13 / 29.06.2017
19711
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olindi

Illyustrativ surat. Foto: slovo.kg

Qirg‘izistondagi “Qayindi-temiryo‘l” nazorat-o‘tkazish punktida O‘zbekiston fuqarosi davlat chegarasini buzganligi uchun qo‘lga olindi. Bu haqda Qirg‘iziston Davlat chegara xizmatining jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi xabar bergan.

Mahkama ma'lumotiga ko‘ra, 2017 yilning 28 iyun kuni “Qayindi-temiryo‘l” nazorat-o‘tkazish punkti chegarachilari O‘zbekiston fuqarosini davlat chegarasini buzganligi uchun qo‘lga olishgan.

Chegarachilar “Bishkek-Moskva” yo‘nalishi bo‘yicha 17-sonli temiryo‘l reysini rasmiylashtirish chog‘ida, O‘zbekiston fuqarosi 1985 yilda tug‘ilgan T.R.ning pasportida Qirg‘izistonga kirish haqida belgi-muhr yo‘qligini aniqlashgan. Shuningdek, ma'lum bo‘lishicha, qo‘lga olingan shaxsda reysga chipta ham bo‘lmagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistondan kirib kelishi uchun taqiq qo‘yilgani sabab davlat chegarasini o‘tkazish punktidan boshqa joyda kesib o‘tishga majbur bo‘lgan.

Tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgach, qo‘lga olingan shaxs Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi mintaqaviy bo‘linmasi xodimlariga topshirildi.

Mavzuga oid