Jizzaxda Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi maktab-internat ochiladi

Jizzax shahrida Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internat tashkil etiladi. Bu haqda 2017 yil 23 iyunda qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining «Jizzax shahrida Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatini tashkil etish to‘g‘risida»gi 418-son Qarorida belgilangan.
Belgilanishicha, 2017-2018 o‘quv yilida maktab-internatning 5-8 sinflariga hamda 2018-2019 o‘quv yilidan boshlab 5 sinfiga 30 nafardan o‘quvchilar qabul qilinadi. Xalq ta'limi vazirligiga maktab-internatning moddiy-texnika bazasi, pedagog kadrlarning salohiyati hamda ehtiyojdan kelib chiqqan holda keyingi yillarda o‘quvchilarni qabul qilish kvotalariga o‘zgartirishlar kiritish huquqi berildi.
Tegishli davlat organlariga Jizzax shahrida yangidan qurilayotgan 540 o‘rinli Jizzax viloyati xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti binosini maktab-internatga berish, uni 150 o‘rinli o‘quv binosi, 100 o‘rinli yotoqxona va 75 o‘rinli oshxonaga moslashtirish, shuningdek maktab-internatni o‘quv-laboratoriya jihozlari, kompyuter texnikalari, o‘quv-metodik majmualar, metodik qo‘llanmalar va badiiy adabiyotlar bilan ta'minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Xalq ta'limi vazirligi Davlat test markazi bilan birgalikda 2017-2018 o‘quv yilidan boshlab maktab-internatga iqtidorli o‘quvchilarni saralab olish maqsadida ona tili va chet tili fanlaridan test sinovi hamda psixologik-pedagogik diagnostika o‘tkazadi.
Hujjat davlat tilida qabul qilingan va 2017 yil 3 iyulda kuchga kirdi.
Mazkur hujjatning matni bilan, u bilan bog‘langan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va izohlar bilan «O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi» axborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
Jizzaxda Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internat tashkil etiladi
Mavzuga oid

21:26 / 15.04.2025
Jizzaxda AES uchun birinchi ishlab chiqarish binolari qurilishi boshlandi

20:05 / 09.04.2025
Jizzax viloyati hokimiga yangi o‘rinbosar tayinlandi

17:01 / 28.03.2025
Jizzaxda haydovchi yoqilg‘i baki qopqog‘ini yopmagani uchun zapravka xodimini kaltakladi

12:04 / 28.03.2025