Sport | 10:35 / 12.07.2017
17638
9 daqiqa o‘qiladi

Rotatsiya dahosi. Nega «Real» Madrid transferlarga muhtoj emas?

«Real» Madrid futbol klubining joriy tarkibi, Zidanning murabbiylik xususiyatlari va klubning istiqboli haqida.

Asosiysidan boshlaymiz. «Real»ning naq 20 futbolchisi o‘tgan mavsum davomida maydonda 1000 daqiqadan ko‘proq o‘ynashgan. 2500 daqiqaga yaqin to‘p surgan futbolchilar faqat Krishtianu Ronaldu va Toni Kroos. Chempionatda holdan toydiruvchi 3000 daqiqa davomida jamoada biror futbolchi maydonda o‘ynamagan. Bu esa nafaqat ajoyib, shuningdek, misli ko‘rilmagan ko‘rsatkich. Rotatsiya fanati Luis Enrike ham «Barselona» o‘z yetakchilaridan ko‘proq foydalanishga majbur bo‘lgan. Raqamlar ayniqsa qisqa asosiy tarkib ishqibozlari Diyego Simeone va Antonio Kontening natijalari bilan solishtirilsa, yanada ko‘proq taassurot qoldiradi. «Atletiko»da Koke, Felipe Luis va Antuan Grizmann 3000 daqiqadan ko‘proq o‘ynagan. «Chelsi»da Aspilikueta chempionatda 3500 daqiqa mobaynida to‘p surgan. Bu esa Ronaldu barcha turnirlarda o‘ynagan daqiqalarga teng.

Rotatsiya sabog‘i (ehtiyot bo‘ling, zerikarli raqamlar)

Xo‘sh, raqamlarga to‘la va zerikarli kirish qismi edi, u tugadi. Baxtimizga u tugadi. U shuning uchun ham zarur ediki, bizga bir tezisni isbotlab bermog‘i lozim edi: Zayniddin Zidan — rotatsiya dahosi! Ta'kidlayman — bu Zidanning qanday murabbiy ekanligini uzil-kesil anglatuvchi xulosa emas. Gap faqat o‘yinchilar o‘rtasida vaqtni qanday taqsimlab, jamoani jipslashtirish haqida bormoqda. Luka Modrich va Karim Benzema Nachodan ham kamroq o‘ynagan mavsumda jamoa qo‘zg‘alon qilmasdan, bo‘linib ketmasdan, so‘nggi o‘yinning so‘nggi soniyasigacha birlikni saqlab qoldi. Yangi o‘yin qoidalari oldida Ronaldu ham bosh egdi (endi uni o‘yinda almashtirsa bo‘ladi), Kazemiro ham mutlaqo almashtirib bo‘lmas o‘yinchi unvonidan voz kechdi (uning chempionatda to‘liq o‘ynagan o‘yinlari 20 tadan kam)... Juda ko‘plab murabbiylar og‘zidan yangraydigan, «jamoaga hamma kerak, hamma o‘yinda vaqtga ega bo‘ladi», kabi siyqasi chiqqan gap — Zidanga kelganda haqiqat ham ekanligi oydinlashdi. Daho-da u!

To‘g‘ri, lekin u komfort sharoitlardagina daho. Masalan, Xames Rodriges va Alvaro Moratadek o‘yinchilar zaxira o‘rindig‘ida o‘tirgan sharoitda. Maydonda Isko, yodda Beyl bilan. 

«Real»ning kuchi zaxirada. Qizig‘i shundaki, sifatli o‘yinchlarning soni bir vaqtni o‘zida Rafa Benitesni sindirgan yuk bo‘lishi ham, Zidanni yuksaltiruvchi tramplin ham bo‘lishi mumkin ekan. Frantsuz 19–20 kishidan iborat guruh bilan o‘zini komfort his qilishini ko‘rsatib berdi. Uning boshqaruvidagi «Real»ning boshlang‘ich 11talik tarkibi mavsumning har bir bo‘lagida sanab aytib berish oson edi. Jami mavsum bo‘yicha o‘sha «boshlang‘ich 11talik» shunchakimas, u shuvashib ketgan. 

Qanday qilib «Real» yanada kuchliroq bo‘ldi?

«Real» o‘zining kuchsiz tarafini shunday berkita oldiki, hamma uni axtarishga majbur bo‘ldi. Biz ham izlab ko‘ramiz: jamoada 90 daqiqa mobaynida Modrich va Kross ketidan royal orqalab yurishi mumkin birgina yarimhimoyachi bor edi — Kazemiro. Uning pozitsiyasiga vaqti-vaqti bilan Mateo Kovachich chiqib turdi, biroq xorvat ham aslan yaratuvchi futbolchi, shu sababli vaqtining ko‘p qismini itarish va taktik follarga bag‘ishlash unga noqulaylik tug‘dirardi. Yana bir kichikroq (ya'ni, natijalarga ta'sir qilish darajasida katta bo‘lmagan) muammo — himoyachilarning yetishmasligi. Qandaydir bir vaziyatda Zidan markazda Pepe – Nacho juftligi bilan qolib ketdi va «Real» uchun xavotir uyg‘ondi. Biroq Ramosning rekord darajada tiklanishi (qishda u ikki hafta o‘tkazib yuborgandi) vaziyatni qutqarib qoldi. Nachoning o‘zi ham Myunxenda vahima tutqanog‘ini yenga oldi va shundan so‘ng Ramos bilan birgalikda ancha ishonchli harakat qila boshladi. Xuddi shu Nacho Marseloning o‘rniga maydonga tushirila boshladi va jamoadagi yagona nominal chap qanot himoyachisi bo‘ldi. Mavsum davomida Nacho 10 ta o‘yinda qanotda to‘p surdi. Xullas, muammo deganlari shunaqa bo‘lsa-da. Agar hozir «Real»ning odatdan tashqari sokin transferlariga e'tibor qilinadigan bo‘lsa, bu muammolar ham allaqachon hal qilinganga o‘xshayapti.

Teo Ernandes va Markos Lorente o‘tgan mavsumni «Alaves»da ijarada o‘tkazishdi. Birinchisi «Atletiko»ning, ikkinchisi «Real»ning o‘yinchisi edi.

Ernandesning darajasi haqida birgina faktning o‘zi hikoya qiladi: 19 yoshli himoyachi uchun Zidan klubi «Barselona» bilan raqobatda yengib chiqdi. Kataloniyaliklar yigitchaning narxini 1-2 millionga tushirish taraddudida yurishganida «Real» aksincha, so‘ralganidan 1-2 million ko‘proq berib uni ilib ketdi. Nacho markazda qolaveradi, Marselo esa keyingi mavsum davomida aniq o‘yin vaqti  taqdim etiladigan dublyorga ega bo‘ladi. 

Markos Lorentega kelsak, bu bola «Alaves»da Kazemironing «Real»dagi ko‘rsatkichlariga o‘xshash natijaga ega. To‘pni olib qo‘yish — 3,8 (Kazemiroda to‘rtta), to‘p yo‘lini kesish — 2,7 (1,7), 50 foiz yakkakurashlarda g‘olib chiqish (46%): xullas Lorente — Kazemiro «ostiga» nuqtali xaridgina bo‘lib qolmasdan, kelajakda uni butkul almashtirsa ham kerak. Bu jamoaga yana kim kerak endi?

Mish-mishlarmi yo haqiqat?

Ommaviy axborot vositalari Alvaro Moratani Angliyaga va Kilian Mbappeni Ispaniyaga sotishmoqda. Albatta, bu qiziq o‘zgarishlar, biroq «Real»ni hozir va shu joyda kuchliroq qila olishi mumkin bo‘lgan jihatni kim ayta oladi? Rober Peresdan tortib, Karim Benzemagacha vatandoshlari yosh fransuzga yana bir yil «Monako»da qolishni maslahat berishmoqda: ular Zidan hujumda kimni afzalroq ko‘rishini juda yaxshi bilishadi. Bir-ikki yildan so‘ng albatta, xush kelibsan, Kilian, deyishadi. Lekin hozir emas.

«Real» so‘nggi to‘rt Chempionlar ligasining uchtasini allaqanday inqilobiy falsafa yoki qandaydir g‘oyaga sodiq qolgani uchun yutgani yo‘q. Bu g‘alabalarda drayv katta bo‘ldi, egoning ulushi ko‘p va biroz omad ham kulib boqdi. Tabiiyki, Zidan so‘nggi bir yarim yil ichida o‘z karerasining cho‘qqisiga erishgan jamoani buzib yubora olmaydi. U axir Aleks Fergyuson emaski, bir sulola ortidan ikkinchisini yarataversa. Hozircha unaqa emas. Hozir mag‘lubiyatsiz yakunlangan o‘yinlar va gol urilgan o‘yinlar bo‘yicha rekord qo‘ygan, chempionlar ligasi tarixida ilk marta g‘oliblikni saqlab qolgan guruh uning qo‘l ostida.

Xames ketdi, agar Morata ham ketsa, har qanday katta transfer, xoh u Eden Azar bo‘lsin, xoh Kilian Mbappe — bu faqat Zidanga tanlov imkoniyatini yana qayta taqdim etib, mavsumni bir nafasda o‘tkazishga yordam beradi. Biroq ayni paytda «Real»da mavjud zaxira bilan har qanday pozitsiyani kuchaytirishga urinish — utopiyadan bo‘lak narsa emas.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid