O‘zbekiston | 13:57 / 12.07.2017
27545
3 daqiqa o‘qiladi

Vazirlik saytlarni kollejlar mavzusidagi asossiz xabarlar uchun qonuniy choralardan ogohlantirdi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi mamlakatdagi internet saytlarida o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi tizimiga oid asossiz xabarlar va maqolalar aholi, ota-onalar hamda yoshlarni jiddiy tashvishga solayotganidan jiddiy tashvishda ekanini bildirdi.

«Kun.uz» tahririyatiga vazirning birinchi o‘rinbosari, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi direktori Murodullo Xolmuhamedov nomidan maktub kelib tushgan.

Unda «UzNews», «Daryo.uz», «Kun.uz» va boshqa qator saytlar kollejlar mavzusidagi asossiz maqolalarni e'lon qilish noxush va ko‘ngilsiz oqibatlarga olib kelishi mumkinligi,  bu holatda saytlarga jiddiy qonuniy choralar ko‘rilishi ehtimolidan ogohlantirilgan.

«Sizga shuni rasman ma'lum qilamizki, bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 18 maydagi F-4941 sonli farmoyishi ijrosini ta'minlash maqsadida "O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi tizimini yanada rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha respublika komissiyasi" faoliyat ko‘rsatmoqda.

O‘zbekiston respublikasi bosh vaziri rahbarligida tuzilgan ishchi guruhlar tomonidan mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturidan kelib chiqib, kichik mutaxassis kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmoqda.

Hozirda konsepsiya doirasida o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi tizimini tubdan isloh qilish bo‘yicha tegishli huquqiy hujjatlar loyihasi tayyorlanmoqda.

Shuningdek, ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ko‘rsatmasiga muvofiq, 2017-2018 o‘quv yilida ota-onalarning istak va xohishlariga ko‘ra tajriba-sinov tariqasida umumta'lim maktablarida 10-sinfda o‘qishni davom ettirish imkoni berildi.

Ayni paytda Respublikadagi barcha akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga 9-sinf o‘quvchilarining hujjatlarini qabul qilish davom etmoqda.

Shu munosabat bilan qabul jarayonlari davom etayotgan eng muhim jarayonda ushbu mavzuda turli huquqiy asosga ega bo‘lmagan maqolalarni e'lon qilish maqsadga muvofiq emasligini, ushbu holat noxush va ko‘ngilsiz voqealarga sabab bo‘lishi, keskinlik, norozilik, turli tushunmovchiliklarni keltirib chiqarishi, natijada jiddiy qonuniy choralar ko‘rilishiga sabab bo‘lishi mumkinligini ma'lum qilamiz», deyilgan maktubda.

Mavzuga oid