Sport | 09:20 / 16.07.2017
15943
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasiga yangi rahbar saylandi

Foto: Milliy Olimpiya qo‘mitasi

15 iyul kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov Konferentsiyasi bo‘lib o‘tdi.

Unda tashkiliy  masala ko‘rildi. O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasiga so‘nggi 10 oy davomida rahbarlik qilgan Adham Ikromov mamlakatimizni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish, fuqarolar ijtimoiy farovonligini ta'minlash va yana boshqa ko‘plab tashkiliy ishlar bo‘yicha ish hajmi nihoyatda kattaligi va shu bois vaqt ziqligini e'tiborga olib, o‘z xohishiga ko‘ra federatsiya raisi lavozimini topshirishga qaror qildi. Eslatib o‘tamiz, Adham Ikromov shu yilning iyun oyida Savdo-sanoat palatasi raisi etib tayinlangandi.

Qilichbozlik federatsiyasining yangi rahbari etib hozirda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘ta muhim ijtimoiy, madaniy va tarixiy ahamiyatga molik obektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlash direksiyasi raisi lavozimida ishlab kelayotgan Rustam Shoabdurahmonov saylandi. Shu paytga qadar federatsiya raisi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Muhammad Humoyun Ibragimov Bosh kotib bo‘ldi.

Rustam Shoabdurahmonov avval Makroiqtisodiyot va statistika vaziri, Toshkent shahar hokimi lavozimlarida faoliyat yuritgan. Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati ma'lum qildi.

Mavzuga oid