Jamiyat | 16:22 / 21.07.2017
25938
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik arabshunos-sharqshunoslarning uzoq yillik orzui ushaldi

Kuni kecha Toshkentdagi milliy matbuot markazida G‘ofur G‘ulom nomidagi nashriyot matbaa ijodiy uyi tomonidan nashr etilgan ikki nodir xazina - qadim arab tilini o‘rganishda noyob manba "Al-Qomus" nomli arabcha-o‘zbekcha qomusiy lug‘at hamda turkiy tilshunoslikning tengi yo‘q namunasi "Devonu lug‘ati turk" kitoblarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz’ga arabshunos-sharqshunos mutaxassis Yorqin Shukurov ma'lum qilmoqda.

O‘zbekistonda muqaddas dinimiz shaffofligini yanada mustahkamlash, buyuk allomalarimiz Imom al-Buxoriy, Iso at-Termiziy, Mahmud az-Zamaxshariy kabi ko‘plab ajdodlarimizning boy ma'naviy merosini o‘rganish va tadqiq etish borasida ulkan va samarali ishlar amalga oshirilmokda. Bu borada nashrdan chiqqan  "Al-Qomus" arabcha-o‘zbekcha qomusiy lug‘ati ayni muddao bo‘ldi.

Mazkur 4 jilddan iborat  qomusiy lug‘at akademik, professor Qohira arab tili akademiyasi a'zosi Ne'matulloh Ibrohimov rahbarligidagi ijodiy guruh tomonidan tuzilgan bo‘lib, 100 mingdan ortiq so‘z va iboralarni o‘z ichiga olgan. Lug‘atning ahamiyatli tomoni shundaki, unda arab tilining bugungi so‘zlashuv hayotida faollashib borayotgan so‘zlar bilan bir qatorda, zamon taraqqiyoti bilan hamnafas shaklda rivojlanib borayotgan texnologiyaning eng yangi atamalarini, shuningdek, arab klassik adabiyotiga oid so‘z va iboralar, ayniqsa, muqaddas dinimizning asosiy manbai bo‘lgan Qur'oni Karim oyatlariga oid so‘zlarning o‘zbek tilidagi ma'nolari keng yoritib berilgan. Mualliflar arabcha so‘zlarning o‘zbekcha tarjimasini berish bilan kifoyalanmasdan, har bir so‘z, uning har bir ma'nosi yanada tushunarli bo‘lishi uchun asl arabcha manbalardan misollar keltirganlar.

Tadbirda Misr Arab Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi doktor Ammaniy Al-Etr janobi oliyalari ham so‘z olib, O‘zbekiston va Misr xalqlari o‘rtasidagi ilmiy va madaniy hamkorlikni yanada kengaytirish sohasida amalga oshirilayotgan ishlarning tahsinga loyiqligini, ayniqsa, nashr etilgan mazkur komusiy lug‘at aynan misrlik olimlar tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olinishini, shuningdek, uning mualliflari mazkur lug‘atni tayyorlashda  Qohira, Ayn Shams universiteti professorlari bilan olib borgan ijodiy ilmiy hamkorliklarining nufuzini alohida ta'kidladi.

Mavzuga oid