O‘zbekiston | 10:45 / 22.07.2017
31811
6 daqiqa o‘qiladi

«Quyoshli»ning quyoshsiz manzarasi

Poytaxtdan Chinozga ketaverishda, katta yo‘lning chap tomonida temir antennalarga ko‘zingiz tushgan, albatta. Shu yerda Quyoshli degan qishloq bor. 2012-2013 yillarda Quyoshliga tutash joyda namunali uylar qurish boshlandi. Qurilish turli sabablarga ko‘ra uzoq davom etdi. Hozir Maftunkor deb nom olgan ushbu aholi maskanidagi uylarning 50 foizida uy egalari yashasa, qolganlari yo bo‘sh turibdi yoki ijaraga berilgan. Xo‘sh, nega, degan savol tug‘iladi. Sababi ko‘p. Masalan, hovlilarga suv o‘tkazish tizimi tortilgan, ammo kelayotgan suvni ichib bo‘lmaydi — sho‘r, qattiq, ovqatni taxir qiladi, tomorqaga qo‘ysang, yerga tuz sepilgandek oqarib, sho‘rlab ketadi. Transporti borlar poytaxtdan suv tashib ichishadi, qolganlar esa peshonamdan ko‘rdim, deya shu suvga qanoat qilishadi. 

Kottejdagilar (qo‘shni qishloqda yashovchilar namunali uylarda yashovchilarni shunday nomlashgan) ichimlik suvini yaxshilash uchun avval turli idoralarga, keyin Virtual qabulxonaga yozishdi, tuman hokimi bilan bo‘lgan uchrashuvda aytishdi. Ozgina harakat boshlandi. Suratda ko‘rib turganingizdek, cherepitsadan qo‘lbola suv tozalaydigan “budka” o‘rnatishdi. Bochkadagi xlorni tomchilatib go‘yoki suvni zararli moddalardan tozalashmoqchi bo‘lishdi. Ammo bu usul o‘zini oqlamadi, “qaysar” suv yumshab, ichimlik suviga aylanmadi. Ha, aytganday, maftunkorliklar suvni tekshiritirib ko‘rishganda, u belgilangan me'yor talablariga javob bermasligi aniqlandi. Kottejlar uchun suv yetkazib beradigan artezian qudug‘i Quyoshlidagi ko‘p qavatli uylardan chiqadigan oqava suvlar to‘planadigan, o‘zbekchasiga aytadigan bo‘lsak, hovuz yaqinida qurilgan. Mana, bir necha yildirki, kanalizatsiya quvuri yorilib, atrofga badbo‘y hid taratib yotibdi. Tabiiy, u yerga sizib artezian qudug‘idagi suvga qo‘shiladi. Xullas, mutasaddilarning va'dalari va'daligicha qoldi.

Ikkinchi sabab, transport tizimining yo‘lga qo‘yilmagani. Poytaxtga qatnab o‘qiydigan, ishlaydiganlar ko‘p. Shaharga 15 daqiqalik yo‘lda joylashgan qishloqning odamlari 500-700 metr yayov  yurib, keyin transportda poytaxtga borishga majbur, qaytishda ham shu ahvol.

Uchinchi sabab, uylarning juda sifatsiz qurilgani. Foydalanishga topshirilganiga hech qancha vaqt bo‘lmay, uylarning buyoqlari ko‘chib, yo‘lakchalar sement kam qo‘shilganidan nurab ketayotir. Hatto, ba'zi uylarning devorlari yorilib ketgan. Misol uchun, 11-uyning egasi Saidxo‘ja Po‘latxo‘jayevning aytishicha, uyiga ko‘chib kirishga cho‘chimoqda. Darhaqiqat, 11-uyning ko‘cha tomonida, ichkarida sezilarli yoriqlar paydo bo‘lgan. 88 va 91-uylarda ahvol bundan-da battar. Uy egalari mutasaddilarga aytaverib, hafsalalari pir bo‘lgan.

— Yog‘ingarchilik paytlarida ko‘chada yurib bo‘lmay qoladi, — deydi 75-uyda yashovchi Mehriddin Hojiyev.— Suvlar toshib, hovlilarga kirib ketadi, beton ariqlar o‘rnatilmagan. Maktab uzoqda, ikkinchi smenada o‘qiydigan bolalarga qiyin. Qish kunlari erta qorong‘u tushadi. Ko‘chalarga tungi chiroqlar o‘rnatilmagan. Dardimizni turli idoralarga aytdik, yozdik. Ammo natija yo‘q.

Maftunkordagi bolalar maydonchasi ham ajrig‘u yantoqzorga aylanib ulguribdi. Temir to‘siqlar singan, abgor holatda.

— Namunali uylar qurilganidan xursandmiz, — deydi Quyoshli mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Abduolim Rahmatov. — Har tugul bu joylar ancha obod bo‘ldi. Tez-tez hashar qilib atrofni mahalladoshlar bilan tozalab turamiz. Sharoitlarning yaxshi emasligidan ko‘p uylar sohiblari ko‘chib kelishmagan. Shu sababli ham ana shu uylar atrofini tartibga keltirish mushkul bo‘lyapti.

Mahalla raisining ma'lumotiga ko‘ra, namunali uylarning soni 155ta. Darvoqe, namunali uylarda aloqa korxonalarida ishlovchi soha xodimlari ham anchagina. Umuman, mahalla fuqarolar yig‘inida jami 850ta uy bo‘lib, 3500ga yaqin kishi istiqomat qiladi. Shu paytgacha mahallaning muqim binosi yo‘q, hozirgisining ham kadastr hujjatlari mavjud emas. Mahalla raisi qani edi, bizda ham mahalla guzari barpo etilsa, u yerda mahalla faollari, inspektori uchun alohida xizmat xonalari, otalar choyxonasi, kutubxona qurilsa, deydi. Bu borada tuman hokimligiga qilgan murojaati e'tiborsiz qolayotganidan afsuslandi.

Uylari yorilib, darz ketgan maftunkorliklar endi nima qilsin? Ushbu savolga javob olish uchun “Qishloq qurilish invest” MChJ-injiring kompaniyasining Toshkent viloyati filiali yuristiga murojaat qildik.

— Yakka tartibda uy quruvchi, ya'ni uy egasi bilan bizning filial o‘rtasida asosiy shartnoma tuzilgan, — deydi ismi sharifini oshkor qilishni istamagan yurist. — Ana shu shartnomaga muvofiq uy egasi bir yil davomida foydalanishga qabul qilgandan so‘ng kamchiliklar paydo bo‘lsa, quruvchi tashkilotdan uni bartaraf etishni talab qilishga haqli. Ammo bir yildan so‘ng uyda siz aytgandek buzilishlar yuzaga kelsa, uni uy sohibi faqat sudga murojaat qilibgina hal qilishi mumkin. 

Quyoshli mahalla fuqarolar yig‘inining Maftunkor mahallasida ana shunaqa gaplar. Zora, muammolarimiz tezroq kattakonlarga yetsayu Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida namunali uylarda yashovchilarga yordam qo‘lini cho‘zishsa, deyishmoqda ular.

Abdug‘ani Abdurahmonov,
jurnalist

Mavzuga oid