Jamiyat | 21:59 / 29.07.2017
16546
5 daqiqa o‘qiladi

Chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlash xususiy sektorga berilishi kerak - Xorij tajribasi asosida taklif

Hurmatli tahririyat! Saytingizni kun davomida kamida 10 martadan ortiq kuzatib boraman, Yurtimizdagi OAVlar ichida eng dolzarb bo‘lgan mavzularni o‘quvchilar hukmiga tezkor va xolis tarzda yoritib borishingizga tahsinlar aytsa arziydi.

Ayni paytda Kun.uz'da berib boriladigan materiallarning jamiyat manfaatlariga ta'sirini ko‘pchilik bilib, mazkur sayt orqali o‘zining talab va takliflarini bildirmoqda.

Jumladan, men ham yaqindagina Prezidentga yozgan murojaatim va tegishli sohadan olgan javobimni sizlarga taqdim etishni ma'qul, deb hisobladim. Zero, men ilgari surayotgan muammo yechimi bo‘yicha xalqimiz orasida yanada kengroq targ‘ibot yuritib, tilga olingan soha rivojiga o‘z hissasini qo‘shadigan yurtdoshlarimiz topilib qolar...

“Men Ne'matov Shuhrat Ismatovich, asli kasbim ekologiya sohasidan uzoqroq bo‘lsa-da, so‘nggi 2 yil mobaynida portal orqali, ushbu sohaga oid takliflarimni, Respublikada sanitariya holatini yaxshilashga qaratilgan, aniq va samarali natijalarga ega ishlanma loyihalarimni taqdim etib kelmoqdaman.

Men ilgari surayotgan takliflar bugungi kunda boshqa xorijiy davlatlarning mazkur sohaga oid tajribalarini o‘z ko‘zim bilan ko‘rib, o‘rganib, tahliliy va tanqidiy yondoshuvlar bilan, yaxshigina mustahkamlanib, amaliyotga qo‘llashim uchun Prezident e'tiboriga havola qilishni lozim, deb hisobladim.

1. Shaharlarda maishiy chiqindilarni qabul qilish punktlarini tubdan o‘zgartirib, ularni yig‘ish va tashishda yer ostida presslash mexanizmi orqali ortiqcha suyuqliklardan xoli bo‘lgan ma'lum shakldagi chiqindilarni tashish tizimi. (Bunda maxsus avtomashinalarning yoqilg‘i xarajati tejalib, maishiy chiqindi obektlari keng ko‘lamda qamrab olinadi va shahar ko‘chalarida odamlarni ranjitadigan hidlardan xoli bo‘ladi hamda chiqindilarni tashishga ajratilgan byudjyet mablag‘lari salmoqli tarzda qisqaradi).

2. Xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqqan holda, munitsipal chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlash tizimini, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan litsenziyalashni joriy qilib, xususiy sektorga berish kerak. (O‘rganishlarim natijasida bugungi kunda birgina Toshkent shahrining o‘zida men bilgan 20 dan ortiq korxona turli xil chiqindilarni qayta ishlashmoqda, makulatura va plastik idishlarning chiqindilaridan tayyorlangan ikkilamchi xomashyolarni nafaqat yurtimizda, balki qo‘shni respublikalarda, hatto Xitoyda xam doimiy talabga egaligi hisobga olinsa — bu yaxshigina daromad degani ham).

3. Bosqichma-bosqich, ijtimoiy reklama va tavsiyalar orqali, aholini maishiy chiqindilarni punktlarga topshirishda ularni turlarga ajratilgan holatda topshirish madaniyati va saviyasini oshirib borish. (Bu tizim rivojlangan mamlakatlarda allaqachon amaliyotga joriy etilgan bo‘lib, o‘zini oqlagan hamda yaxshigina iqtisodiy tejamkorlikka asosiy sabab bo‘la oladi).

4. Chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha manfaatdor tashkilotlararo guruh tashkil qilish orqali aholini mazkur tadbirkorlikka keng jalb qilish va samarali bo‘lgan qayta ishlash sexlari va zavodlarida ko‘proq ishchi o‘rni tashkil etish. (Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Fanlar akademiyasining anorganik kimyo, ion-plazma, fizika va boshqa manfaatdor institutlari mutaxassislari, savdo-sanoat palatasi, eksport bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar, bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mutaxassislari va xususiy sektor vakillaridan iborat bo‘lishi maqsadga muvofiqdir).

5. Chiqindilarni qayta ishlash tizimi orqali ikkilamchi xomashyolarga ichki va tashqi bozorlar talabini o‘rganish orqali davlat byudjyeti va xususiy sektorga daromad olib keluvchi tizimni joriy etish. (Bugungi kunda ikkilamchi xomashyolarga bo‘lgan talab rivojlanayotgan Osiyo mintaqasida talab kuchli ekanligini inobatga olib, kerak bo‘lsa o‘zimizning mazkur sohadagi salohiyatimiz orqali, qo‘shni respublikalarda qo‘shma korxonalar tashkil etib, mintaqada o‘ziga xos monopoliya orqali daromadga ega bo‘lish).

Muhtaram Prezident! Ayni masalani shaxsan o‘zingiz ko‘rib chiqishingiz, bu boradagi ishlarni amaliyotga joriy etilishini nazoratingizga olish orqali, birinchidan —byudjyetning mazkur sohaga ajratiladigan milliardlab mablag‘larni tejab, shuningdek, iqtisodiyotimizga xususiy sektorni jalb qilib, minglab ishchi o‘rinlari yaratilishida real imkoniyatlarni vujudga keltirasiz”, — deb yakunlagan edim virtual qabulxonaga murojaatimni.

Murojaatim yuzasidan Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan berilgan javobni ham tahlil qilishingiz uchun taqdim etaman

Shuhrat Ne'matov

Mavzuga oid