Vagiz Galiulin terma jamoa murabbiylaridan chaqiruv kutmoqda
Jurnalist Elmurod Ermatov o‘zbekistonlik futbolchi, ayni vaqtda Rossiya Premer-ligasida ishtirok etayotgan «Tosno» klubi a'zosi Vagiz Galiulindan intervyu oldi.
Aytingchi, terma jamoa bosh murabbiyidan nima talab qilinadi? Juda oddiy savol to‘g‘rimi?
Javobi ham oddiy: «Bosh murabbiy mamlakatda voyaga yetgan va o‘z jamoasi safida yetuk o‘yin ko‘rsatayotgan futbolchilarni yig‘ib, ya'ni terib olib, MTJni shakllantirishi, kerakli natijalar sari intilishi lozim».
Taktika, o‘yin falsafasi haqida gapirmaymiz. Chunki, bu haqda murabbiyning o‘zi bosh qotirsin.
Milliy terma jamoamiz jahon chempionati eshigini ochishi uchun oldinda ikkitagina o‘yin turibdi. Xitoy bilan mehmonda va Toshkentda Janubiy Koreya vakillariga qarshi bo‘ladigan so‘nggi o‘yin.
Qarangki, shu ikkala bahsdagi ijobiy natija bizni mundialga olib chiqadi. Hali bizda yaxshi imkoniyat bor. Ikki o‘yinni yut va maqsadga yet!
Tarkib borasidagi muammolar yetarli ekanini Eron bilan bo‘lgan bahsda guvohi bo‘ldik. Tajribali himoyachi Vitaliy Denisovning jarohati MTJ o‘yiniga salbiy ta'sir qilgani ham bor gap.
Bilasizmi, Rossiya premer ligasining «Tosno» klubida «vunderkind» laqabli Vagiz Galiulin to‘p suradi. Vagiz o‘tkazilgan uch turda «Tosno» tarkibida 90 daqiqadan to‘p surdi. To‘g‘ri, Premer-liga debyutanti bo‘lgan «Tosno» bu turlarda «Ufa», «Krasnodar» va «Zenit» kabi raqiblarga yutqazdi. Lekin, aynan hamyurtimiz Galiulin ko‘rsatgan o‘yinlarga futbol mutaxassislari yuqori baho berishgan.
Vagiz bilan telefon orqali uzoq suhbatlashdik:
- Vagiz, zdravstvuyte!
- Assalomu alaykum. Aka, bemalol o‘zbekcha gapiravering.
- Vagiz, jamoangiz o‘yinini kuzatib boryapman.
- Rahmat, o‘yinlarni yaxshi o‘ynab, yutqazdik. «Tosno» Premer-ligaga moslashish yo‘lida harakat qilyapti.
- Ayni paytda jismoniy holatingiz qanday?
- Ideal darajada. Bilasiz Premer-ligada talab kuchli, bu yoqda legionerlar limiti. Maydondagi harakatlarim murabbiylarni qoniqtiryapti. Men esa tinimsiz harakatdaman.
- MTJ keyingi oy JCh saralash bahsida o‘ynaydi. Chaqiruv bo‘ldimi?
- Kutyapman. Lekin, Samvel Babayan murabbiylar shtabi tomonidan hech kim aloqaga chiqmadi. Terma jamoamizning barcha o‘yinlarini kuzatib boraman. Agar chaqirishsa, bor kuchimni berib o‘ynagan bo‘lardim.
- Sizni chaqirmasliklari sababi nimada deb o‘ylaysiz?
- Hech qanday sabab yo‘q, menimcha... O‘tgan yili birinchi divizionda o‘ynayotganim uchun chaqirishmayapti, deb o‘ylardim. Bu yil kuchlilar ligasidaman. Takrorlash bo‘lsa ham aytaman: «Men MTJga mundialga chiqish uchun yordam berishga tayyorman!». Men har doim O‘zbekiston milliy terma jamoasida to‘p surishni sharaf deb bilganman.
Maydonning istalgan hududida to‘p surishi mumkin bo‘lgan tajribali futbolchi terma jamoaga chaqirilmayotgani tushunarsiz holat. Har qanday terma jamoada kuchli ligalarda o‘ynayotgan legionerlarga alohida e'tibor beriladi. Sababi esa aniq. Chunki, uning mahorati bo‘lmasa, katta mablag‘ evaziga sotib olishmagan bo‘lardi.
Ne ajabki, ayni paytda Rossiya Premer-ligasida o‘ynayotgan futbolchimiz MTJ uchun «o‘yindan tashqari holatda» qolgan.
MTJ murabbiylar shtabi Galiulinni termaga chaqirsa, foydadan xoli bo‘lmasligi aniq. Biz esa kutishda davom etamiz. Ishqilib, kuta-kuta JCh yo‘llanmasini qo‘ldan chiqarib yubormasak bo‘lgani...
Mavzuga oid
19:21 / 18.06.2018
Vagiz Galiulin o‘ziga yangi klub topdi
17:48 / 09.06.2018
Rossiya kubogida g‘alaba qozongan «Tosno» faoliyatini yakunladi
00:14 / 31.05.2018
Vagiz Galiulin: «Meni «Tosno»dan haydab yuborishmoqchi»
19:00 / 13.05.2018