Ta'lim sifatini baholashning ilg‘or tajribalari o‘rganildi va takliflar ishlab chiqildi
Ma'lumki, o‘zgarishlar davrida ta'lim tizimi ijtimoiy jarayonlardan kelib chiqqan holda shiddat bilan rivojlanishni taqozo etadi. Ta'lim orqali jamiyatda kelajakdagi vazifalarni bajarishga qodir bo‘lgan yangi avlod shakllantiriladi.
Shuni inobatga olgan holda umumta'lim maktablari va maktabgacha ta'lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yosh avlodning har tomonlama puxta bilim olishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratishga alohida e'tibor qaratib kelinmoqda.
Xususan, joriy yilning 16 iyun kuni Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning Uchtepa tumaniga tashrifi chog‘ida maktab bilan kollejlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni mustahkamlash va tajriba sifatida 11 yillik umumiy o‘rta ta'limni tiklashga qaratilgan tashabbuslari keng jamoatchilik va ota-onalar tomonidan yuksak baholandi.
Shuningdek, Prezidentimiz tashabbuslari bilan 9-sinfni bitirgan o‘quvchilar, ota-onalar va o‘zlarining xohishlariga binoan, ongli ravishda kasb-hunar kolleji, akademik litsey yoki o‘zlari ta'lim olgan maktablarda majburiy ta'limni davom ettirishlari mumkin ekanligining belgilab qo‘yilishi yoshlarga har tomonlama qulayliklar yaratdi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bunday islohotlar natijasida ulkan iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlariga erishilmoqda bu holat malakali kadrlar va yetuk mutaxassilarga bo‘lgan talabning yanada oshib borishiga turtki bo‘lmoqda.
Bunday talabning qondirilishi o‘z navbatida yoshlar o‘rtasida kitobxonlik va darslarga qiziqish xususiyatini oshirish va o‘qituvchilarning har tomonlama ta'lim tarbiyaga e'tiborini kuchaytirishning zamonaviy ijtimoiy innovatsiyalar orqali amalga oshirish ehtiyojini vujudga keltirmoqda.
Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti mutaxassislari aynan mana shunday talablarning bugungi kun ta'lim tizimi uchun juda muhim ekanligini inobatga olgan holda aksariyat xorijiy davlatlarda ta'lim va fan sohalari rivojlanishini baholash va monitoring qilish orqali ta'lim sifatini oshirishga qaratilgan ayrim ilg‘or tajribalarni o‘rganib chiqdi.
Xususan, dunyoda ta'lim sifati, saviyasi va darajasini aniqlab beruvchi PISA (O‘quvchilarni ta'limdagi yutuqlarini baholash xalqaro dasturi), PIRLS (Matnni o‘qish va tushunish darajasini aniqlovchi xalqaro tadqiqot), TIMSS (Maktabda matematika va aniq fanlar sifatini tadqiq qiluvchi xalqaro monitoring) kabi bir qator xalqaro dasturlar mavjud bo‘lib, ular rivojlangan davlatlardagi ta'lim sifatini yanada oshirishdagi mezon sifatida keng qo‘llanilib kelinmokda.
PISA - o‘quvchilarni ta'lim sohasidagi yutuqlarini baholash bo‘yicha xalqaro dastur bo‘lib, undagi test jahon davlatlaridagi maktab o‘quvchilarining bilimi va ularni amaliyotda qo‘llay olish mahoratini baholaydi. Dasturning asosiy maqsadi ‑ 15 yoshli o‘quvchilar ta'lim dargohida olayotan bilim va tajribalarini ijtimoiy munosabatlarda va inson faoliyatida uchraydigan turli xil hayotiy vazifalarni yechishda qanchalik foydalana olish qobiliyatini baholashdir. Ushbu sinov har uch yilda bir marotaba o‘tkaziladi. Testda faqat 15 yoshdagi o‘smirlar ishtirok etadi. Maktabdagi ta'lim sifatini monitoring qilishga qaratilgan PISA dasturi asosiy uch yo‘nalishda: o‘qish,matematika va ijtimoiy fanlar savodxonligi bo‘yicha olib boriladi.
Birgina 2015 yilning o‘zida 70 dan ortiq davlatlar PISA xalqaro dasturi sinovida ishtirok etgan. Umuman olganda, PISA dasturi davlatlarning ta'lim sohasidagi siyosatiga sezilarli darajada ta'sir o‘tkazadi. Har bir davlat o‘tkazilgan tadqiqot natijalari asosida o‘zining ta'lim sohasidagi kuchli va kuchsiz tomonlarini xolisona aniqlab, boshqa davlatlarga nisbatan mavqeini ko‘radi hamda ta'lim muassasalarida o‘quv jarayonini takomillashtirishda o‘z yo‘nalishlarini va strategiyasini belgilab oladi.
PIRLS - tadqiqotida 50 dan ortiq davlatlar ishtrok etib kelmoqda. Mazkur xalqaro tadqiqotning maqsadi turli xil ta'lim tizimidan iborat bo‘lgan davlatlardagi boshlang‘ich maktab o‘quvchilarining matnni o‘qish va qabul qilish bo‘yicha tayyorgarligi hamda o‘quvchilarning har xil yutuqlarga erishishga sabab bo‘luvchi ta'lim tizimidagi o‘ziga xos xususiyatlarni aniqlash va baholashdan iborat. Albatta bunday tadqiqot xalq ta'limi sohasidagi ishchilar, olimlar, metodistlar, o‘qituvchilar, ota-onalar va jamoat vakillari uchun katta ahamiyatga egadir.
TMSS - ham jahon mamlakatlari ta'lim tizimida keng tadbiq etilmoqda. TMSS dasturi Ta'lim sohasidagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiyasi IEA (International Association for the Evaluation of Educational Achievements) tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, ushbu tadqiqot 4 va 8 sinf o‘quvchilari orasida matematika va ijtimoiy fanlar bo‘yicha ta'limning sifati, darajasi, fanga bo‘lgan munosabati, qiziqishini aniqlaydi. Har 4 yilda bir marotaba olib boriladi. Ushbu tadqiqot PIRLS tadqiqotiga o‘xshab, o‘quvchilar, maktab ma'muriyati va o‘qituvchilari orasida qo‘shimcha so‘rovnomalar o‘tkazadi va fan sohasida to‘sqinlik qilayotgan asosiy omillarni aniqlaydi. Bu esa o‘sha mamlakatda ishlab chiqilgan ta'lim standartlarini va ta'lim samaradorligini boshqa davlatlar bilan solishtirib ko‘rish imkonini beradi. 2015 yil TMSS tadqiqotlari natijalariga ko‘ra AQSh, Singapur, Gonkong, Koreya Respublikasi, Yaponiya, Rossiya, Buyuk Britaniya kabi davlatlarning ta'lim tizimi eng yuqori ko‘rsatkichlarni egallagan. Shuni e'tirof etish lozimki, ayni shu davlatlarda yuqori texnogiyalarni o‘zlashtirish, sanoatlashtirish va yuksak darajadagi taraqqiyot erishish maqsadida aniq fanlarni yuqori darajada o‘zlashtirishga alohida e'tibor qaratilib, unda o‘quvchilar tug‘ma iste'dod va qobiliyatlardan ko‘ra o‘z ustida doimiy ishlash hamda aniq fanlarni o‘qitishda guruh yoki sinfdagi o‘quvchilar sonining 16 nafardan oshmasligi belgilangan. Bunday tajriba AQShda ham mavjud bo‘lib, 1999 yildan boshlab bitta o‘qituvchi 40 minutlik dars mashg‘uloti davomida 16 ta bolaga bilim va tarbiya bera olish imkoniyatiga ega ekanligii inobatga olgan holda prezident qarori bilan ta'lim muassasalaridagi guruhlarda o‘quvchilar soni 16 nafar etib belgilangan.
Umuman olganda mamlakatimizdaaynan mana shunday xalqaro dasturlarning ta'lim tizimini baholash va monitoring qilishdagi ishtiroki mavjud emasligi yoki o‘quvchi yoshlar bilimlari darajasini baholash yoki monitoring qilishning “Milliy dasturi”yaratilmaganligi, hududlar kesimida yoshlar tomonidan u yoki bu fanni o‘zlashtirish darajasining sifati va soxada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘lamini belgilab borish va tegishli islohotlar o‘tkazish imkoniyatini cheklab qo‘ymoqda.Shuningdek, boshlang‘ich va umumiy o‘rta ta'lim muassasalaridagi o‘qitish darajasining islohotlar tempidan ortda qolayotganligi yaqin kelajakda malakali kadrlar tanqisligini keltirib chiqaradi.
Shuni inobatga olgan holda quyidagi takliflarni amalga oshirish joiz deb hisoblaymiz:
- Xalqaro ta'lim sifatini baholash dasturlarida O‘zbekistonning ishtiroki masalasini atroflicha o‘rganib chiqish va ushbu dasturlarda ishtirokini ta'minlash;
- Xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda o‘quvchi yoshlar bilimlari darajasini baholash yoki monitoring qilishning “Milliy dasturi”ni yaratish;
- Ilm-fan yutuqlarining eng ilg‘or natijalari va adabiyotlarning ingliz tilida nashr qilinishini inobatga olgan holda, maktablarda ingliz tilini o‘rgatuvchi turli xorijiy dasturlarni tadbiq etish masalasini ko‘rib chiqish;
- Maktabgacha ta'lim muassasalarida ta'lim–tarbiya berishga mas'ul mutaxassislarning malaka talablarini aniq mezonlar orqali belgilab qo‘yish va bolalarning umumiy ta'limga yo‘naltirilishida butunlay mas'ulligini qonun bilan belgilab qo‘yish;
- Maktabgacha ta'lim hamda umumiy o‘rta ta'lim muassasalaridagi guruh va sinflarda xalqaro tajribada sinalgan usullardan kelib chiqqan holda o‘quvchilar sonining maksimal hamda minimal ko‘rsatkichlarini belgilab qo‘yish;
- Psixologik testlar yordamida boshlang‘ich sinflardagi iste'dodli bolalarni ajratib olib 8-9 yoshlilar uchun har bir maktabda ixtisoslashgan sinflar tashkil etish.
Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti sho‘'ba rahbari
Xolmaxmatov Azim Hazratkulovi
Mavzuga oid
20:24 / 14.10.2024
Yer uchastkalarining o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi aerokosmik texnologiyalar orqali aniqlanadi
11:05 / 30.05.2024
Ekologik vaziyatni baholash uchun yagona monitoring tizimi ishga tushiriladi
08:32 / 29.02.2024
Toshkent shahri va 7 viloyatga havo sifati monitoringi bo‘yicha stansiyalar olib kelindi
07:59 / 05.09.2023