Jamiyat | 19:57 / 04.08.2017
35633
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik talaba Yaponiyada "Yilning eng yaxshi o‘qituvchisi" bo‘ldi

Avvalgi xabarlarimizda Yaponiyada tahsil olayotgan iqtidorli hamyurtimiz Faxriddin Ergashev haqida maxsus reportajni taqdim etgan edik. Kuni kecha Faxriddin yana bir katta e'tirofga sazovor bo‘ldi.  

Yaponiyada Fan, ta'lim, madaniyat vazirligi va Tokio shahar hokimiyati hamkorligida 「国際理解」"Kokusairikai" deb nomlangan jamiyat mavjud. Jamiyatning asosiy maqsadi Yaponiyada tahsil olayotgan chet ellik talabalarni Tokioda joylashgan boshlang‘ich, o‘rta maktablarga va yapon kollejlariga yuborib, u yerda o‘z davlatlari haqida ma'lumot berishini qo‘llab-quvvatlashdan iborat. 

Mazkur jamiyatning a'zosi bo‘lishni istagan har bir xorijlik talaba Yaponiyada kamida ikki yil davomida o‘qigan bo‘lishi va maxsus imtihondan muvaffaqiyatli o‘tishi lozim. Barcha sinovlardan omadli o‘tgan talabalar maxsus dars soatlarida taqdimotlar tashkil etishadi. 

Faxriddin ham 2016 yilda imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tib, "Kokusairikai"ning a'zosiga aylandi. Bir yil davomida Tokioning turli hududlarida joylashgan boshlang‘ich va o‘rta maktablarda O‘zbekiston haqida darslar o‘tib keldi. 

Eng quvonarlisi esa, hamyurtimiz 2016 yil yakuniga bag‘ishlangan tadbirda yillik reyting bo‘yicha birinchi o‘rinni egalladi hamda "Kokusairikai" jamiyatida "Yilning eng yaxshi o‘qituvchisi", deya topildi. 

Ayni damda mazkur jamiyatda dunyoning 50ga yaqin mamlakatidan 200 nafarga yaqin chet ellik talaba faoliyat olib boradi. Ular orasida aynan o‘zbekistonlik talabaning g‘olib bo‘lishi barchamizning qalbimizda g‘urur va faxr tuyg‘usini uyg‘otadi. 

"Jannatmakon yurtimiz O‘zbekiston juda boy tarixga, madaniyatga ega. Doim yaponlarga ona yurtim haqida faxrlanib gapirib beraman. Har bir darsdan so‘ng, o‘quvchilarim mashg‘ulot haqidagi taassurotlarni xatga yozib yuborishadi. Xatlarda O‘zbekiston haqidagi ma'lumotlar juda qiziq bo‘lganligi, katta taassurotlar olishganligi va albatta, kelajakda O‘zbekistonga tashrif buyurishni istashlari haqida yozishadi. Bundan men O‘zbekiston fuqarosi sifatida oz bo‘lsa ham maqsadimga erishganimdan boshim osmonga yetadi. Shu kunga qadar dunyoning 10 ortiq davlatida bo‘ldim. O‘zbekistonimizdek farovon, tinch, odamlari mehribon va insonparvar diyorlar juda kam, deb o‘ylayman", deydi Faxriddin.

Hozirgi kunda Faxriddin davlat granti asosida Yaponiyada tahsil olmoqda. U Tokio chet tillari universitetining magistratura bosqichi, xalqaro munosabatlar yo‘nalishi 2-kurs magistranti.

 Feruza Avazova

Феруза Авазова
Tayyorlagan Феруза Авазова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid