Jamiyat | 09:05 / 08.08.2017
5729
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada Shumaxer avtomobillarining bepul ko‘rgazmasi ochiladi  

Foto: grandprix247.com

2018 yil aprelda Kyolnda "Formula-1" poygalarining afsonaviy ishtirokchisi Mixael Shumaxerga tegishli avtomobillarning ko‘rgazmasi ochiladi. Ko‘rgazmaga kirish bepul bo‘ladi, deb ma'lum qildi DPA axborot agentligi. 

Ekspozitsiya uchun maxsus qayta qurilgan, sobiq parvoz maydoni hududidagi angarda 7 karra jahon chempionining shaxsiy buyumlari hamda barcha avtomobillari: Shumaxer boshqargan oddiy kartdan boshlab "Mercedes" jamoasi uchun ishtirok etgan vaqtda mingan eng zamonaviy bolidlarigacha qo‘yiladi. Tashrif buyuruvchilar, shuningdek, sportchining unvonlari kolleksiyasi va poyga kiyimlarini ko‘rishlari mumkin bo‘ladi.

Axborot agentligining ta'kidlashicha, ko‘rgazmani tashkillashtirish haqidagi qaror ancha avval qabul qilingan, biroq hozirga kelib uning ochilishi va o‘tkazilishi joyi ma'lum bo‘ldi. 

"Shumi" 1969 yilda tug‘ilgan va bolaligini Kyoln yaqinidagi Kerpen shahrida o‘tkazgan. Hozirda og‘ir jarohatdan keyin tiklanayotgan sportchi "Formula-1"da 1991 yildan 2012 yilgacha Benetton, Ferrari va Mercedes jamoalari sharafini himoya qilib kelgan. U poyganing 7 karra chempioni hisoblanadi. U "Formula-1"ning g‘alabalar (91 ta), podiumlar (155  ta), bir mavsumdagi g‘alabalar (13 ta) va ketma-ket qo‘lga kiritilgan chempionlik unvonlari (5 ta) soni bo‘yicha rekordlariga ega.

Sportchi 2013 yil dekabrida Fransiyadagi tog‘larda chang‘i uchayotganda og‘ir bosh miya jarohati olgan. Sobiq poygachi hozirda o‘zining Shveytsariyadagi villasida salomatligini tiklamoqda.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid