Jamiyat | 22:46 / 11.08.2017
16575
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqanddagi shoirlar bog‘iga baxshilar haykali qaytdi

Samarqand shahridagi «Shoirlar bog‘i»da atoqli xalq baxshilari Islom shoir, Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Fozil Yo‘ldosh va Po‘lkan shoir Jomurod o‘g‘lining restavratsiya qilingan haykallari ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb yozadi «Zarafshon» gazetasi.

Unda viloyat jamoatchiligi vakillari, O‘zbekiston Yozuvchilar hamda Jurnalistlar uyushmalari a'zolari va yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi T.Jo‘rayev, shoira Zulfiya Mo‘minova, xalq baxshisi Mahmatmurod Rajabov, professor Axtam O‘rolov va boshqalar vatanparvarlik, insoniylik, ezgulik va mehr-oqibatni tarannum etgan baxshi shoirlar qoldirgan boy ma'naviy meros haqida to‘xtaldilar. Mustaqillik yillari mamlakatimizda baxshi, jirovlar maktablari, ularning asl ma'naviy ildizlari tiklanib, tarbiya omili sifatida yangicha ruhda izchil rivojlanayotganini e'tirof etdilar.

Ta'kidlandiki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan el manfaati, uning farovon turmushi yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasini kundan-kun his etyapmiz. Mamlakatimizning buyuk oqinlari hisoblangan to‘rt baxshi shoir haykallarining qayta tiklanishi ham xalqimiz ma'naviyatini yuksaltirish yo‘lida qilingan ezgu sa'y-harakatlar samarasidir.

— Men Islom shoir va Po‘lkan shoir asarlari ta'sirida ijodga kirib kelganman, – deydi shoira Zulfiya Mo‘minova. — Ularning shogirdlari Otayor va Amirqul Po‘lkandan saboq olganman. Islom otaning o‘g‘li Ziyodulla aka ham O‘zbekiston xalq baxshisi unvonini olgandi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan yili saylovchilar bilan uchrashuvda bildirgan taklifi asosida shoirlar bog‘iga yangicha mazmun-mohiyat bag‘ishlangani bugun biz, ijod ahlini ilhomlantirmoqda.

Marosimda yig‘ilgan bugungi avlod baxshilari Islom va Po‘lkan shoir, Ergash Jamanbulbul o‘g‘li hamda Fozil Yo‘ldoshning go‘zallik, jismoniy va ma'naviy kamolot, mardlik, jasurlik, vatanparvarlik, mehr-oqibat, sadoqat, muhabbat, muruvvat, yaxshilik singari insoniy fazilatlar madh etilgan dostonlaridan parchalar ijro etdilar.

— Yurtimizda Samarqand baxshichilik maktabining o‘ziga xos o‘rni bor, — deydi qashqadaryolik O‘zbekiston xalq baxshisi Mahmatmurod Rajabov. — Hatto YuNeSKOda Qo‘rg‘on baxshichilik maktabi tilga olingan. Men ham bu maktabdan ko‘p narsani o‘rganganman. Yurtboshimizning tashabbusi bilan ochilayotgan ushbu majmua biz, baxshilar uchun abadiyat timsoli bo‘lib qoladi, albatta.

Mavzuga oid