Jamiyat | 15:21 / 12.08.2017
26587
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi eng uzun kollektor Qoraqalpog‘istonda

“Aqchadaryo” kollektori dunyodagi eng uzun kollektor hisoblanadi, deb yozmoqda Qoraqalpog‘iston axborot agentligi. Kollektorning uzunligi – 193 km va sekundiga 30-35 kubometr suv o‘tkazadi. Ushbu kollektor 2004-2013 yillar davrida Jahon Banki tomonidan “O‘zbekiston drenaj loyihasi” asosida qurilgan. Loyiha asosida 241,93 kilometr magistral kollektorlar va 1903,4 kilometr xo‘jaliklararo kollektorlar tizimi qayta rekonstruksiya va ta'mirlash-tiklash ishlari amalga oshirildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining janubiy tumanlari (Turtko‘l, Ellikqal'a, Beruniy)ning jami 100 ming gektar sug‘oriladigan maydonlarining yiliga o‘rtacha 800 million m3 zax suvlarini hududdan olib chiqib ketuvchi “Aqchadaryo” kollektorining qurilishi 2013 yilda tugatilib, kollektor suvlari “Janadaryo” (Janadaryo – Amudaryoning eski irmog‘i) daryosining eski o‘zani orqali Orol dengizining qurigan joyiga (Katta Orolga) chiqarib tashlanadi.

Loyiha amalga oshirilmasdan avval nasos stansiyasi orqali “Amudaryo” daryosiga tushib turgan zax suvlar “Bosh janubiy” kollektori orqali “Aqchadaryo” kollektoriga o‘zi oqar yo‘li bilan loyiha qilinib, daryoga tushib turgan zax suvlar mutlaqo to‘xtatildi. Natijada Qoraqalpog‘iston Respublikasining janubiy tumanlari (Turtko‘l, Ellikqal'a, Beruniy)ning jami 100 ming gektar sug‘oriladigan maydonlarning meliorativ holati yaxshilanishiga hamda sizot suvlarning hududdan beto‘xtov chiqib ketishiga zamin yaratildi.

Bunday samarali tadbirlar bo‘yicha 2017 yilda jami 2056,8 kilometr uzunlikdagi meliorativ obektlarda 46 milliard 36,3 million so‘mlik qurish va rekonstruksiya qilish, ta'mirlash hamda tiklash ishlarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Natijada hududlardagi sizot suvlarning sathi pasayib, zax suvlarning hududdan olib chiqib ketilishi yaxshilanadi, tuproqlarning sho‘rlanish darajasi pasayib, jami 68 ming 300 gektar maydonlarning meliorativ holatini yaxshilanishi kutilmoqda. 

Mavzuga oid