Kuyovjo‘ralarmi yoki “zamonaviy o‘g‘rilar?”
Ayrim “zamonaviy” ortiqcha odatlarni qisqartirish hamon qiyinchilik bilan kechayotir. Masalan, kelinni olib kelish uchun yo‘l olgan “karvon” mashinalar kortejidagi avtomobillar soni 10-15 tadan kamaygani yo‘q. Boz ustiga, kortej eng oxirgi rusumdagi va bir xil rangdagi yengil mashinalar bo‘lishiga alohida e'tibor qaratilmoqda. 20-30 nafardan oshadigan kuyovjo‘ralarning xurmacha qiliqlari esa asabga tegmoqda.
Yaqinda bir qarindoshimiz to‘y qildi – qizini Boyovut shaharchasidagi xonadonlardan biriga uzatdi. Ertasiga xotin-xalaj, bola-baqra to‘lib-toshgan hovliga karnay-surnay, doira sadolari ostida kuyov va uning jo‘ralari kirib kelishdi. Dasturxon bezatilgan mehmonxona ostonasiga kuyovning qadamlari ostiga poyondoz to‘shaldi. Poyandoz talashgan yigitlarning qiyqiriqlaridan uy larzaga keldi.
Kuyovjo‘ralarning xurmati joyiga qo‘yib, kuzatildi. Ular hovlidan chiqqunlaricha bechora qarindoshu qo‘shnilar, ayniqsa yangalarda tinim, halovat bo‘lmadi. Axir, kuyovni payg‘ambarlar ham siylagan, biror narsadan dillari og‘rimasin, deb kuyovjo‘rlarning barcha “qiliqlari”ga tishni tishga qo‘yib chidab turishdi.
Xullas to‘y bekamu ko‘st o‘tdi, qiz uzatildi. Ammo bir noxush holat xonadon sohiblarining quvonchlariga biroz soya soldi, ya'ni oila boshlig‘ining qo‘l telefoni yo‘qolibdi. Ota boyaqish telefonini quvvatlantirish uchun o‘g‘liga bergan ekan. Barcha xonalar band, kirdi-chiqdi ko‘p bo‘lgani uchun u otasining telefonini o‘sha bo‘sh xonadagi rozetkaga tokka ulab qo‘yganu unutgan ekan.
Beixtiyor tinmay qiyqirib, yer tepinib raqsga tushayotgan, po‘rim kiyingan yigitlar yodimga tushdiyu “Nahotki” dedim…
Ammam qizini qo‘shni viloyatga uzatdi. U yerdan kelgan kuyovjo‘ralar izzatu ikrom bilan kutib olinib, risoladagidek siylandi. Mehmonnavozlik tugadi, kuyovjo‘ralar kuzatilgach, uy sohibasi kelib qarasa, javon va sandiqlardagi buyumlar yo‘q. U darhol kuyovjo‘ralar joylashib o‘tirib olgan avtobus va yengil mashinalar tomon yugurgan. Nima kor-hol yuz berganidan xabardor bo‘lgan avtobus haydovchisining qoni qaynadi: “Yeb-ichdilaring, hurmatlaringni bilsalaring bo‘lmaydimi? Shu ishni qilgani uyalmadinglarmi, qani tush hammang, mashinadan!”
Ayollarning zardasi, erkaklarning do‘q-po‘pisalari kuchaygach, “hazilkash” yigitlar o‘z ayblarini tan oldilar, biri beliga bog‘lab olgan, biri mashina o‘rindig‘i tagiga tiqib qo‘ygan matolarni bir-bir chiqarib, uy egasiga berdilar. Ulardan ayrimlari bu qilmishlaridan uyaldi, ba'zilari esa go‘yo hech narsa bo‘lmaganday pinaklarini ham buzmadi. “Kuyov tomonda odat shunaqa emish!”
Bu hodisalar yuragimga toshday cho‘kib, xayolimni band etib yurgan kezlarda maktabdagi bir hamkasbim shu mavzuda gap ochib qoldi.
– Katta opam qizini turmushga berayotgan edi. Odatdagidek hovliga karnay-surnaylar sadolari ostida kuyovjo‘ralar shovqin bilan kirib kelishdi. Ular to‘kin dasturxon bezatilgan xonaga taklif etildi. Qarindoshlarimiz yugurib-yelib xizmat qilishar, aytilgan narsalarni muhayyo qilishardi. Bir mahal mehmonlar o‘tirgan xonadan g‘ala-g‘ovur aralash, idishlarning singan tovushlari eshitildi. Shosha-pisha eshikni ochgan ayollar hangu mang bo‘lib qolishibdi. Kuyovjo‘ralardan 5-6 nafari bo‘shagan chinni idishlarni ko‘rpacha ostiga qo‘yib, oyoqlari bilan bosib sindirishayotgan ekan. Toqatlari toq bo‘lgan ammayu xolalarim kuyovjo‘ralarga qattiq-qattiq gapirishdi.
– Biz tomonda odat o‘zi shunaqa, kuyovjo‘ralar idishlarni sindiradilar, – deya o‘z qilmishini oqlamoqchi bo‘lardi yigitlar.
Bu qanday odat bo‘ldi? To‘qlikka sho‘xlikmi yoki qadriyatlarimizni oyoqosti qilishmi? Bu kabi holatlar o‘zgalar mehnatini qadrlamaslikdan tashqari, qudalar orasida hurmatsizlik, ko‘ngilxiralik paydo bo‘lishiga sabab bo‘lib qolmaydimi? Kelin taraf kuyov tomonni xafa qilib qo‘ymaslik, oraga sovuqchilik tushmasligi uchun ba'zan bunday voqealarga indamay chidashar. Lekin andishaning ham chegarasi bor-ku.
Nima bo‘lganda ham bu illatning ildizi ma'naviy qashshoqlikka borib taqaladi. To‘g‘ri, tarbiyali, ilmli yigitlar bu ishni qilishmaydi, o‘z hurmatlarini bilishadi. Lekin yonidagi o‘rtog‘i noma'qul ish qilayotganiga nahotki indamay qarab tursa?
Hozircha onda-sonda uchrayotgan bu kabi illatlarning oldini olib, ularning ildiz otib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik barchamizning burchimiz sanaladi.
Shuhrat HAKIMOV,
Boyovut tumanidagi 14-umumta'lim
maktabi o‘qituvchisi