Jahon | 08:44 / 16.08.2017
11703
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Ukrainadan KXDRga dvigatellar yetkazib berilgani haqidagi xabarga munosabat bildirdi

Foto: AP

AQSh Ukrainadan KXDRga raketa dvigatellarining yetkazib berilishi haqidagi xabarlarga jiddiy e'tibor qaratdi, deya ma'lum qildi Davlat departamentining rasmiy vakili Hizer Nauert.

"Albatta, biz bu xabarlar haqida bilamiz. Agarda bunday holat ro‘y bergan bo‘lsa, bu masalani juda jiddiy qabul qilamiz", - deya ma'lum qildi Nauert brifingda.

Avvalroq The New York Times gazetasi KXDR qit'alararo ballistik raketalarining muvaffaqiyatli sinovlari kuchli raketa dvigateli tufayli ro‘y bergani, ular, aftidan, Ukrainaning “Yujmash” zavodidan olingani haqida xabar bergandi. Nashr Strategik tadqiqotlar xalqaro instituti ekspertlari hisoboti ma'lumotlariga tayangan.

Keyinchalik Ukraina milliy xavfsizlik xizmati kotibi Aleksandr Turchinov mamlakat mudofaa va aviafazoviy majmualari Shimoliy Koreyaga qurol va harbiy texnologiyalarni yetkazib bermagani haqida ma'lum qildi

Ukraina XX asr oxirida qurol-yarog‘ yetkazib beruvchi eksportchilarning birinchi yigirmataligiga kirgan hamda, Stokholm tinchlik muammolarini tadqiqot qilish instituti ma'lumotiga ko‘ra, 2013 yilda reytingda sakkizinchi o‘rinni egallagan. Mamlakat Sovetlar Ittifoqi parchalanib ketganidan so‘ng, ko‘p yillar davomida o‘sha davrdagi qurol-yarog‘lar – artilleriya qurilmalari, zirhli texnika va aviatsiyani – Xitoy, Iroq, Nigeriya, Tailand, Sudan, Efiopiyaga sotgan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid