Jahon | 22:20 / 21.08.2017
10404
2 daqiqa o‘qiladi

Politsiya Barselona terakti ijrochisi yo‘q qilinganini tasdiqladi

Kataloniya politsiyasi Barselonada uyushtirilgan terakt ijrochisi Yunes Abu Ya'qub Subiratseda o‘ldirilganini tasdiqladi. 

«Biz Subiratseda otib tashlangan shaxs Barselonadagi terakt ijrochisi Yunes Abu Ya'qub  bo‘lganini tasdiqlaymiz», deyilgan politsiyaning tvitterdagi sahifasida.

Bundan avvalroq Barselona shahridan 50 km masofada joylashgan Subiratse shaharchasida politsiyachilar «xudkush kamari» taqib olgan shaxsni otib tashlagani, bu 17 avgust kungi terakt ijrochisi bo‘lishi mumkinligi haqida xabar qilingandi.

Barselonadagi terakt 17 avgust kuni sodir etildi. Terrorchi Rambla ko‘chasida yo‘lovchilar ustiga yurdi. U 500 metr masofada odamlarni bosib yurdi, shundan so‘ng avtomobildan chiqib, ko‘zdan yashirindi. Keyinroq u o‘tkinchi haydovchisini o‘ldirib, mashinani olib qochdi.

Barselonadagi ushbu hujumdan 9 soat o‘tib terrorchilar guruhi bu shahardan 120 km masofada joylashgan Kambrilsda odamlarga hujum uyushtirmoqchi bo‘ldi. Mashinada odamlar ustiga bosib bormoqchi bo‘lgan 5 terrorchi politsiyachilar tomonidan otib tashlandi.

Barselona va Kambrilsdagi hujumlar oqibatida halok bo‘lganlar soni 15 kishini tashkil qildi, yuzdan ortiq kishi jarohatlanib shifoxonaga yotqizildi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid