O‘zbekiston | 16:30 / 23.08.2017
37448
4 daqiqa o‘qiladi

Xalq ta'limi vaziri: O‘qituvchi majburiy mehnatga qarshi nega o‘zi kurashmaydi?

Foto: Xalqaro press-klub

23 avgust kuni Xalqaro Press-klubda bo‘lib o‘tgan navbatdagi sessiyada Xalq ta'limi vazirligi rahbariyati ishtirok etib, OAV vakillarini qiziqtirgan savollarga ham javob berdi. Xususan, unda o‘qituvchilarning turli o‘z majburiyatlariga kirmaydigan ishlarga jalb qilinishi masalasi ham ko‘tarildi. 

“So‘nggi vaqtlarda, aniqrog‘i 2-3 oyda ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb etilishi bilan bog‘liq turli xabarlar paydo bo‘lmoqda. Farg‘ona viloyatidagi tuman xalq ta'limi mudirasi yoki Samarqand viloyatida o‘qituvchilarning o‘z xohishlari bilan shunday ishlarga chiqish istaklarini tashkillashtirish kabi gap-so‘zlar foydalanuvchilar tomonidan istehzo bilan qabul qilindi. KUN.UZ internet nashriga bergan intervyungizda esa, o‘qituvchi, kimdir unga u-bu ishni qil desa, ishni tashlab ketvermasligi kerak, degan ma'noda munosabat bildirilgan. Lekin bizning nazdimizda, o‘qituvchini kimdir himoya qilishi kerak. Ular o‘z ishini yo‘qotmasligi, o‘sha hududda quvilgan kishiga o‘xshab qolmasligi uchun kimlardir ularni qo‘llab-quvvatlashi kerak. Ammo, afsuski, Xalq ta'limi vaziri bu jarayonlarga o‘z munosabatini bildirmadi. Umuman, kelgusida vazirlik shu kabi holatlarga o‘z munosabatini bildirishi mumkinmi?”, - degan savolni o‘rtaga tashladi jurnalistlardan biri.

Bu savolga javob bergan Xalq ta'limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov o‘qituvchilar maktablarni obodonlashtirish ishlarida qatnashishlari kerakligi, ammo qonunda belgilanmagan tarzda ishga majburlansa, o‘z huquqlari poymol qilinsa, o‘zlari ham kurashishlari kerakligini aytdi. 

“Umuman, bu, ya'ni o‘qituvchilarning o‘z vazifalariga kirmaydigan ishlarga jalb etilishi masalasiga hamma yerda munosabat bildirilayotgani uchun, shu kabi holatlar borligidan dalolat beradi va xuddi shunday holat bor ekan, degan fikrga olib keladi. 

O‘qituvchi o‘zining ta'lim jarayonidan tashqari ta'lim muassasasining jamoat ishlarida, obodonlashtirish ishlarida qatnashishi shart. Ammo, vazirlik o‘qituvchilarning bundan boshqa majburiy ishlarga jalb qilinishi yuzasidan qanday munosabat bildirishi mumkin? Albatta, salbiy munosabat bildiradi.
Bundan tashqari, vazirlik o‘qituvchilar shunday ishlarga jalb qilinsin, deb me'yoriy hujjatlarida belgilab ham bermagan. Vazirlik, o‘qituvchilarni huquqiy jihatdan himoya qiladi. 

Ammo, jamoatchilik, o‘qituvchining o‘zi, maktab rahbariyati, tumandagi faollar-chi? Ular (majburiy mehnatga jalb qilinayotgan) o‘qituvchini himoya qilishmaydimi? Yoki u o‘z huquqini o‘zi himoya qilmaydimi?, degan masala turibdi. Vazirlikdan borib, o‘sha o‘qituvchi huquqi buzilayotganidan xabar topish (imkonsiz), bilasizmi vazirlikda 50 kishi ishlaydi. Bizning tizimda 400 mingdan ortiq o‘qituvchi faoliyat yuritadi. Uning huquqi buzilayotganini birinchi navbatda o‘zi biladi-ku. Nima uchun o‘qituvchi o‘z huquqi buzilishiga o‘zi yo‘l qo‘yib beradi. Nima uchun o‘z haq-huquqini talab qilmaydi?, degan savolniyam qo‘yishimiz kerak. 

Biz, vazirlik sifatida, umuman xalq ta'limi tizimi rahbariyati bu kabi holatlarning oldini olish uchun har doim kurashadi”, -dedi Xalq ta'limi vaziri.

Mavzuga oid