Toshkentda xalq deputatlari tuman kengashlari paydo bo‘ladi

Foto: O‘zA
2017 yil 24 avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n birinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Cenatorlar “Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunini ko‘rib chiqdilar. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Qonun Toshkent shahrining tumanlarida xalq deputatlari Kengashlarini tuzish uchun tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratib beradi. Bu esa hokimiyatning mahalliy organlari byudjyet vakolatlari amalga oshirilishi ustidan nazoratni o‘rnatishga, ularning mamlakat poytaxti tumanlarini ijtimoiy-siyosiy rivojlantirishning muhim masalalarini hal qilishdagi o‘rnini mustahkamlashga, islohotlarni ro‘yobga chiqarishdagi roli va ahamiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Ushbu masala muhokamasi chog‘ida ta'kidlanganidek, amaldagi qonun hujjatlarida (Konstitutsiyaning 99-moddasi, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunning 1-moddasida) Toshkent shahrida xalq deputatlari mahalliy Kengashlarini tuzish nazarda tutilmagan. Shu bilan birga, amaldagi qonun hujjatlarining bu qoidasi poytaxt tumanlariga (ularning soni Toshkentda 11 ta) mahalliy byudjyetlar loyihalari, ularning ijrosi muhokamasini o‘tkazishga yo‘l qo‘ymaydi, chunki, masalan, byudjyet kodeksiga muvofiq, tumanlar (shaharlar) byudjyetlarining ko‘rib chiqilishi va qabul qilinishi, shuningdek, ularning bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotlarning eshitilishi xalq deputatlari Kengashlari vakolatlariga kiradi.
Shu munosabat bilan qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi, “Geografik obektlarning nomlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov 2017 yil dekabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi orqali ularni tuzishni nazarda tutuvchi bir qator o‘zgartishlar kiritilmoqda.
Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashiga “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq saylovni tashkil etish va o‘tkazish uchun tuman saylov komissiyalari tuzilishi tavsiya etilmoqda.
Bundan tashqari, qonunda shaharlarda tumanlar hokimlari lavozimlariga tasdiqlash, shuningdek, yangi Kengashlar tuzilishi munosabati bilan xalq deputatlari tuman Kengashlari tomonidan ularning hisobotlarini eshitish tartibi belgilab berilmoqda.
Senatorlarning fikricha, taklif etilayotgan o‘zgartishlar Toshkent shahrida sotsial-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy islohotlarni ro‘yobga chiqarishda hokimiyat vakillik organlarining, poytaxt jamoatchiligining rolini kuchaytirishga, mahalliy byudjyetni shakllantirish va ijro etish, tumanlar hududini rivojlantirishning istiqbolli dasturlarini amalga oshirish, qonun hujjatlariga muvofiq mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni belgilash ustidan xalq deputatlari tuman Kengashlari tomonidan nazorat qilish mexanizmini o‘rnatishga ko‘maklashadi. Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi.
Mavzuga oid

16:40 / 03.05.2025
O‘zbekistonda elektromobil quvvatlash stansiyalari soni 1400 taga yetdi

16:17 / 03.05.2025
Toshkentda ruxsatsiz o‘rnatilgan reklama, banner va peshlavhalar olib tashlanmoqda

22:08 / 02.05.2025
Toshkentda uyda giyohvand o‘simligini yetishtirgan shaxslar qo‘lga olindi

20:17 / 02.05.2025