INTeRVYu | 17:16 / 26.08.2017
21600
7 daqiqa o‘qiladi

Videosuhbat: Namangan shahri hokimi aholi muammolarini hal etish bo‘yicha o‘z fikrlarini aytdi 

Foto: KUN.UZ

KUN.UZ tahririyati “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” doirasida vazirliklar rahbarlari, viloyatlar, tuman va shaharlar hokimlari bilan ochiq suhbat uyushtirishda davom etmoqda. Navbatdagi ochiq muloqot Namangan shahri hokimi Shavkat Abdurazzoqov bilan o‘tkazildi. Suhbat davomida hokim qator dolzarb masalalar bo‘yicha o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Hokim sifatida ishlash qiyinmi?

Shahar hokimi sifatida saylanganimga bir oydan ortiq vaqt o‘tdi. Bu savolga ikkita javob bor: ham qiyin, ham oson. Qiyinligi – ko‘plab muammolar bor. Ularni qaysidir rahbarlar ko‘tarmasdan, qandaydir darajada berkitib kelinganlari ham ko‘p. Lekin, mana, yangi davrga o‘tayapmiz, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Muhtaram Prezidentimiz ko‘p sohalarda islohotlarni amalga oshirmoqda. Shu nuqtai nazardan qaraydigan bo‘lsak, bugungi kunda fuqarolar bilan ishlash, muammolarga tik boqish va ularni hal qilish masalasi oldimizga vazifa qilib qo‘yilgan. Shaharda muammo juda ham ko‘p. Ichimlik suvi ta'minoti, ichki yo‘llar masalasida yillar davomida to‘plangan muammolar bor. Qolaversa, uy-joy masalasi ham bizda dolzarb ahamiyatga ega. Faoliyatimni boshlaganimdan so‘ng, yer uchastkalarini ajratish masalasi vaqtinchalik to‘xtatildi. Nega? Yer shaharning turli tomonlaridan ajratib beriladi, lekin ertaga uning kommunikatsiyasini mahalliy hokimiyat qilib berishi kerak. 10 ta joyga elektr tortish, gaz, yo‘l qilish og‘ir masala. Shuning uchun Namangan shahar hokimligi saytida murojaatlar ro‘yxati shakllantirilmoqda. Bizda yer uchastkasi eng og‘ir masala. 

Foto: KUN.UZ

Yoshlar masalasi

Bu masalada muhtaram Prezidentimizning topshiriqlari ham, mening ham fikrim shundayki: ularga, birinchi navbatda, sharoit qilib berishimiz kerak. Jinoyat ko‘payib ketayapti, yoshlarimiz chetga chiqib ketayapti, degan shiorlar bilan yuradigan paytlar o‘tib ketdi. Nima qilish kerak? Birinchisi - ish o‘rni kerak. Band bo‘lsa, jinoyatchilik bo‘lmaydi. O‘zining ustida ishlash uchun sharoit bo‘lishi kerak va eng asosiysi – yoshlarga hordiq chiqarish uchun sharoit lozim. Bizda hordiq chiqarish, afsuski, yetarli emas. Bir paytlar bizda bouling-klub kabi narsalar bo‘lgan. Hozir bog‘larimiz rivojlanib, ko‘paymoqda, biroq baribir yetarli emas. Bugungi kunda 30 yoshgacha bo‘lgan aholimiz soni 300 mingga yaqin. Agarda unda mazmunli hordiq bo‘lmasa, boshqa taklifga duch kelishi mumkin. Kimdir sigareta chekib ko‘r, boshqa ishni qilib ko‘r, deydi. O‘z-o‘zidan jinoyatchilik kelib chiqadi. Shuning uchun yoshlarni band qilishimiz lozim. Yoshlar ittifoqining tashkil etilgani ham juda katta tashabbus bo‘ldi. Ittifoq shu muammolarni yechishda ijro hokimiyati organlariga ko‘makdosh bo‘ladi, deb o‘ylayman. 

Tadbirkorlar va aholi o‘rtasidagi ziddiyatlar

Bu yerdagi eng asosiy chora – agarda qonunga zid bo‘ladigan bo‘lsa, qat'iyat bilan qonun talabini bajartirishimiz kerak. Misol uchun - noqonuniy qurilmalar, deymiz. Bu masalada maxsus komissiya faoliyat ko‘rsatadi. Noqonuniy qurilmani olib, boshqa joyga qonuniy qilib o‘rnatish kerak. Sharoit yaratib berishimiz lozim. U tadbirkor bo‘ladimi, fuqaro bo‘ladimi, barcha qonunni birdek hurmat qilishi kerak. Agarda, fuqaro noto‘g‘ri talab qo‘ysa, u ham javob berishi lozim. U haqiqiy tadbirkor bo‘lib, barcha normalarni bajarib qo‘ygan bo‘lsa, bir odam uni ko‘rolmasdan yoki u bilan yomon chiqishib qolgani tufayli shunday holatlar kuzatilsa, o‘sha fuqaroga nisbatan chora ko‘rishimiz kerak.

Foto: KUN.UZ

Qonunni hurmat qilish 

Qonunni hurmat qilish kerak, degan nuqtai nazardagi pozitsiya shundan iboratki, Namangan shahridagi ko‘p qonun buzilish holatlari yer bilan bog‘liq. Haqiqiy muhtoj odamlar, haqiqiy tadbirkorlar ayrim holatlarda yer ololmay qiynalib yuribdi, soxta tadbirkorlar yoki boshqalari o‘zboshimchalik bilan qurilishlarni qilib, qonunni mensimasdan tadbirkorlik qilayapti. So‘rasangiz, bir parcha qog‘ozi yo‘q. Qanday qilib u faoliyat ko‘rsatishi mumkin? U yerda haqiqiy hujjat, loyiha qilib, zamonaviy ish qilaman, degan tadbirkor ovora bo‘lib yursa-da, boshqa tadbirkor qaysidir yo‘l bilan kirib, u joyda faoliyat ko‘rsatsa... Bir oy ichida 20-25 ta joyning faoliyatini noqonuniy bo‘lganligini uchun  to‘xtattirishga majbur bo‘ldim. Nega? Odamlarda shundan norozilik kelib chiqadi: Davlat, hokimiyat qayerga qarayapti, bu joyda qurish mumkin emas-ku, degan fikr paydo bo‘ladi. To‘g‘ri, bu joyda 10 ta, 100 tagacha ish o‘rni yaratib qo‘yishi mumkin, lekin ertaga xavfi bor hududda yaratilgan ish o‘rnining o‘z masalasi bor. 

Obodonlashtirish ishlariga o‘qituvchi va tibbiyot xodimlarining jalb etilishi

Bu yo‘nalishda turli sayt va ijtimoiy tarmoqlarda gap-so‘zlar chiqdi. Biz ulardan uyma-uy yurishda nega foydalanmoqdamiz? Sababi, sanitariya nuqtai nazaridan bu ularning bevosita vazifasi. Tibbiyot xodimlarining patronaj xizmati bor. Biroq, biz hammani birlashtirib, birga yurmoqdamiz. Ular o‘ylamoqdaki, mahallalarda ko‘cha tozalashga olib yuribdi, deb. Yo‘q, tibbiyotchi o‘zining ishini qilmoqda va sanitariya yuzasidan ish olib bormoqda. Ishchi guruhimizda to‘rt-besh patronaj hamshirasini shunga olib yuribmizki, o‘sha xonadonga kirib, sanitariya holatlarini tushuntirsin, deb. Xalq ta'lim bo‘limi xodimlari esa o‘quvchilarning davomati bo‘yicha ish olib boradi. Biz ularga ko‘chalarni supurtirayotganimiz yo‘q. Obodonlashtirish boshqarmasidan avvaldan 100 kishini tozalikka jalb etmoqdamiz. Yuqoridagilarning hammasi esa o‘z sohasi bo‘yicha ishlamoqda. Qabristonlarni obodonlashtirishda esa mahallalar va diniy muassasalarga murojaat qildik.

Shavkat Abdurazzoqov bilan o‘tkazilgan mazmunli suhbat davomida Namangan shahrining yutuqlari, kelgusidagi rejalari va mavjud muammolar haqida so‘z yuritildi.

Mavzuga oid