Sport | 14:45 / 30.08.2017
39364
12 daqiqa o‘qiladi

Qimmatbaho huzur-halovat: Milliarderlar futbolga sarmoyani qanday kiritmoqda?

Foto Michal Nowak / Imago / TASS

Raqobatbardosh bo‘lib qolish uchun zamonaviy klublar nafaqat sportcha natijalarini namoyish etishlari, shuningdek, investorlar uchun jozibali bo‘lishlari ham talab etiladi, deb yozadi Forbes Russia tahlilchisi Dmitriy Nazarov.

Futbol allaqachon ko‘p milliardli xalqaro bozorga aylanib bo‘lgan. Eng iqtidorli o‘yinchilar transferi o‘nlab million dollarga baholanmoqda, 2017 yilning 3 avgust kuni navbatdagi rekord o‘rnatildi: braziliyalik Neymar 222 mln. yevro (260.9 mln. dollar) evaziga «Barselona»dan «PSJ»ga o‘tdi. Kim o‘ziga bunday xarajatlarni ravo ko‘ra oladi? Forbes reytingiga ko‘ra, 2017 yilda jahonning eng boy 10 klubining umumiy narxi 23,29 mlrd. dollarga teng bo‘lmoqda.

Rossiyalik biznesmenlar 2000-yillardayoq futbol klublariga pul tika boshlashgandi. U paytlar mashhur klubning egasi bo‘lish daromad olish emas, ko‘proq tan olinish va nufuz manbai bo‘lgan. 2003 yilda «Chelsi»ning Roman Abramovich tomonidan 140 mln. funt-sterling (233 mln. dollar)ga xarid qilinishi juda shov-shuvli voqea bo‘lgan edi.

Foto: Roman Abramovich / Chelsi

Futbol agenti German Tkachenkoning aytishicha, biznesmenning ingliz ligasini juda sevganligi ingliz futboli tarixida eng qimmatbaho bitimning 20 daqiqadayoq imzolanishiga olib kelgan. O‘shandan beri Abramovich qabul qilgan qarori to‘g‘riligiga bir on bo‘lsa ham shubha qilmagan, chunki 2017 yilga kelib «Chelsi»ning narxi 3 mlrd. funt-sterling (3,844 mlrd. dollar)dan oshdi. Bunchalik saxiylik bilan pul kiritilishi o‘zini oqlayotgani 2004 yilda keyingi yarim asrda ilk bor Angliya chempioni bo‘lgan «Chelsi» allaqachon yana 5 marta chempion bo‘lgani, joriy mavsumda ham asosiy favoritlardan biri ekanligi bilan quvvatlanadi. Klubning moliyaviy ko‘rsatkichlari ham kishini hayratlantiradi: «Chelsi» jahondagi eng daromadi yuqori klublar ichida 7-o‘rinda. 2016 yilda klub 420 mln. yevro ishlab topgan. FKning narxini Forbes 1,845 mlrd. dollarga baholagan.

Futbol «fanat»lari

Foto: Alisher Usmonov / TASS

Ingliz futbolining yana bir muxlisi Alisher Usmonovdir. 2007 yilda uning Red and White Securities investitsion kompaniyasi 75 mln. funt-sterling (96,1 mln. dollar) evaziga «Arsenal»dan 14,6 foiz ulush sotib oladi. Keyin milliarder bir necha yil davomida «Arsenal»dagi o‘z aksiyalar paketini kengaytirib bordi va 2012 yilda uni 29,6 foizga yetkazdi. Usmonovning kompaniyasi yanada ko‘proq aksiya xarid qilishga qodir, biroq bunga aksiyalarning 67 foiz nazorat paketini ushlab turgan Sten Kronke qarshilik qilib keladi. 2017 yilning bahorida Kronkega u ulushini 1,3 mlrd. dollarga sotishni taklif qilgan, biroq Kronke qat'iy rad etgan va «Arsenal» hech qachon sotilmagani va sotilmasligi»ni ta'kidlagan. Usmonovning klub majoritar xo‘jayini bo‘lish istagi nafaqat futbolga bo‘lgan muhabbati, shuningdek, oqilona fikr yuritish oqibatida vujudga kelgan bo‘lsa ajabmas: 1,9 mlrd. dollarga baholangan klubning 2016 yildagi daromadi 520 mln. dollarga teng bo‘lgan.

Foto: Dmitriy Ribolovtsev / Monako

2011 yilda xorijda futbol klublariga ega rossiyaliklar ro‘yxatini Dmitriy Ribolovtsev to‘ldiradi. 2004 yilda Abramovichga tegishli «Chelsi»ning o‘yinlarini London stadionida minbardan tomosha qila turib unda ham futbol klubiga egalik qilish istagi tug‘ilib qoladi. Faqatgina oradan 7 yil o‘tibgina unga tegishli Monaco Sport Invest kompaniyasi «Monako» klubi aksiyalarining 66,7 foizini sotib olgach, u o‘z niyatiga erishadi. Aktsiyalar evaziga Ribolovtsev keyingi 4 yil ichida klubga 100 mln. yevrodan sarmoya kiritish mas'uliyatini oladi. Klub asosiy pullarni transferlarga sarflaydi va 1,5 mavsumdan so‘ng «Monako» yana fransuz futbolining elitasi safiga kelib qo‘shiladi. Dastlabki 4 yil Ribolovtsevga 321,1 mln. yevro daromad keltiradi, biroq hozircha uning xarajatlari 800 mln. yevrodan oshgan. Bugungi kunda klubning yillik byudjyeti 74,4 mln dollarga, umumiy transfer qiymati 297,7 mln. dollarga teng.

Foto: Jorj Soros

Klublarga sarmoya yotqizish investorlarning futbolga shaxsiy qiziqishlarigina tufayli emas, pul ishlash maqsadlarida ham amalga oshirilmoqda. Amerikalik yirik investor Jorj Sorosning «Manchestr Yunayted»ga 40,7 mln. dollar yotqizish istagi ham shu bilan tushuntiriladi. Sorosning omonati uzoq muddatli emasdi: 2012 yilda u klubning 1,9 foiz aksiyasini sotib olib, 2014 yilda ularni qaytarib sotadi va 9,69 mln. dollar ishlaydi. Forbes’ning baholashicha, bugungi kunda klub jahonning eng qimmatbaho klubi hisoblanadi: uning narxi 3,69 mlrd. dollarga baholanmoqda va 2016 yilda klub 765 mln. dollar daromad qilgan. Tahlilchilar Stretford jamoasining muvaffaqiyatini «Manchester Yunayted» brendining taniqliligi va menejment ishi bilan bog‘lashadi.

Foto: Dide Desham va Margarita Lui-Dreyfus

2016 yilda Yevropaning eng boy ayollaridan biri, Rossiyada tug‘ilgan eng boy ayol Margarita Lui-Dreyfus o‘ziga tegishli bo‘lgan «Olimpik Marsel» klubini sotadi. 2009 yilda eridan meros bo‘lib qolgan klubni darhol sotish g‘oyasini u rad etgan, chunki klub aytarli zarar keltirmayapti, deb o‘ylagandi. Biroq oradan bir yil o‘tgach, «Marsel» yangi xo‘jayinining umidlarini chippakka chiqarayotgani ma'lum bo‘ldi. Jamoa YeChLda kutilgan natijalarga erishmagan, yetakchi futbolchilarning transferidan umid qilinganda u ham xarajatlarni qoplay olmagan. 2011 yildan klubni butunlay sotish borasida olib borilgan ishlar 2016 yil kuzida nihoyalandi. Menejment va mavsum davomidagi natijalar «Marsel»ning amerikalik biznesmen Frenk Makkortga 100 mln. yevroga sotilishiga sabab bo‘ldi.

 

Qo‘rqmas investorlar

Foto: Sergey Galitskiy / Krasnodar

Futbolga kiritilayotgan pullarga bog‘liq risklar hamma investorlarni ham cho‘chita olmaydi. Rossiyalik milliarder Sergey Galitskiy 2008 yilda Rossiyada o‘zi klub tashkil etishga qaror qildi. Tuzilgandan bir yil o‘tiboq «Krasnodar» milliy liganing birinchi divizioniga, 2011 yilning 25 yanvarida esa Premer-ligaga chiqdi. 2014/15 yilgi mavsumda chempionatda uchinchi o‘rinni olgan jamoa Yevropa ligasida o‘ynadi. Klubning muvaffaqiyati jamoa uchun 338 mln. dollarlik, 35 ming kishilik stadion qurib berish bilan taqdirlandi.

Foto: Sulaymon Karimov

O‘z vaqtida Sulaymon Karimov ham rus futboliga investitsiya kiritishga qaror qilgan. 2011 yil yanvarida u sarmoya yotqizish sharti bilan Karimov Dog‘iston prezidentidan «Anji»ning 100 foiz aksiyasini olgan. Qisqa muddatli strategiyaga ko‘ra, «Anji»ga 200 mln. dollar yotqizilishi, yangi stadion qurilishi, klubga har yili 50 mln. dollar ajratilishi kerak bo‘lgan. Bosh murabbiylikka Hiddink chaqirildi, Eto’O va Roberto Karlos (jumladan, bizning Odil Ahmedov) tarkibga jalb etildi. Biroq, 2013 yilga kelib Karimov rejasi ish bermadi. Klubdagi moliyaviy qiyinchiliklar Karimovni 2016 yili klubni sotishga majbur qildi.

Foto: Leonid Fedun

«Lukoyl» vitse prezidenti Leonid Fedun ham 2004 yili bankrotlik yoqasidagi «Spartak»ni 70 mln. dollarga sotib oldi. Rossiyaning 9 karra chempioniga keyingi 10 yil davomida 1 mlrd. dollarga yaqin mablag‘ tikildi. 2014 yilda «Spartak» uchun 45 ming o‘rinli 245 mln. dollarlik yangi stadion qurildi. Faqat 2017 yilga kelib klub chempionat, so‘ngra superkubokni yutib fanatlarini xursand qildi.

Foto: Ditrix Mateshits

Red Bull GmbH egasi Ditrix Mateshitsning sport biznesiga yondashuvi butunlay o‘zgacha. U futbolga qiziqmasligini hech qachon yashirmagan, sport uning uchun brendini ilgari surish vositasi, xolos. Mateshitsa futbol jamoalari kolleksiyasi ichida «Red Bull Zaltsburg», «Nyu-York Red Bulls», «Red Bull Brazil» va «Red Bull Gana» klublari bor. Faqatgina «RB Leyptsig» mustasno. Chunki nemis qonunchiligiga ko‘ra, jamoa nomiga homiyning nomini qo‘shish mumkin emas. Lekin «RB Leyptsig» o‘z o‘yinlarini «Red Bull Arena» stadionida o‘tkazadi.

MLS asoschilaridan biri milliarder Filipp Anshutts «Los-Anjyeles Gelaksi» klubi egasi hisoblanadi. 2017 yilda Forbes uni MLS’ning eng qimmat klubi deb topgan, jamoaning narxi 315 mln., foydasi esa 53 mln. dollar.

Futbol klublarining eng boy xo‘jayinlari ichida Microsoft kompaniyasining hammuassisi Pol Allen ham bor. 20 mlrd. dollar boylikka ega bu odam «Sietl Saunders» klubining egasi. Klubning narxi 295 mln, yillik daromadi 63 mln. dollarga teng.

Likvidlikka qarshi inson omili

Umuman olganda, investorlar uchun futbol ishonchli yo‘nalishlar sirasiga kirmasligini tan olish kerak: hattoki eng muvaffaqiyatli ingliz klublari ham katta sarmoyalarni talab etadi va ulardagi likvidlik inson omiliga bog‘liq. Ingliz klublari investitsiyalar uchun juda istiqbolli sanaladi, chunki faqatgina inglizlar hozircha boshqalarga nisbatan futboldan daromad qilishni o‘rinlatishmoqda.

Angliya premer ligasi (APL) TV-translyatsiya huquqlarini sotish bo‘yicha an'anaviy yetakchi hisoblanadi. 2015 yilda liga o‘yinlarning translyatsiya huquqi Sky Sports va BT Sport bilan 6,673 mlrd. dollarga pullangan va bu 2014 yildagidan 70 foizga ko‘p. Televizion huquqlar sotilishidan APLning umumiy daromadi esa karrasiga ko‘proq: liga xorijiy translyatsiyalar uchun huquqlarni o‘zi mustaqil sotadi va undan ham 3,8 mlrd. dollar foyda ko‘radi.

Translyatsiya huquqini sotish ortidan daromad (10,878 mlrd. dollar) qilish bo‘yicha APL Amerika milliy futbol ligasidan keyingi ikkinchi o‘rinda turadi. APL qoidalariga ko‘ra, translyatsiyalardan keladigan daromadning 50 foizi klublar o‘rtasida teng taqsimlanadi. APLda so‘nggi o‘rinni egallagan jamoa 99 million funt oladi. Taqqoslash uchun: nemis Bundesligasi yetakchisi «Bavariya» garchi translyatsiyalardan keladigan jami pullarning 8,2 foiziga egalik qilishiga qaramasdan, mavsumda translyatsiyadan faqat 99 mln. yevro daromad qiladi. Inglizlarning eng yaqin raqobatchilari Ispaniya La Ligasi televizon shartnomalari summasi 3,125 mlrd. dollarga teng, ligadagi klublarning umumiy daromadi esa 3,308 mlrd dollar. 2016 yilda APL klublari 4,916 mlrd. dollar (oldingi yilgiga nisbatan 9 foizga ko‘p) ishlab topishgan. 2015 yilda tuzilgan shartnoma klublar daromadini yana 60 foizga oshirishi kutilmoqda. Biroq xarajatlar ham rekord darajada bo‘lishi tayin. Chunki 2016 yilda ingliz klublari futbolchilar va jamoa tarkibiga maosh berish uchun 3,029 mlrd. dollar sarflashgan.

Mavzuga oid