Manhettenning asosiy jumbog‘i: Donald Trampning hamyonida nimalar bor?
1990 yilning 14 mayida Amerikaning Forbes jurnalida Richard Stern va Jon Konnoli hammuallifligida Donald Trampning moliyaviy qiyinchiliklari haqidagi maqola chop etilgan.
"Ko‘chmas mulk bozoridagi iqtisodiy tanazzul va kazino bilan bog‘liq muammolar Donald Trampga ikki karra zarba berdi. Bundan keyin uning shaxsiy kapitali atigi yarim milliardni tashkil qilishi, aktivlari esa past darajali likvidlikka ega bo‘lishi mumkin edi. Bu 3 million dollardan ortiq qarzi bor odam uchun u qadar yaxshi emas.
Trampning qancha puli bor? Bu nafaqat Trampning turmush o‘rtog‘ini, balki uning ko‘p sonli kreditorlarini ham qiziqtiradi. Spekulyatsiya va Trampning afsonaviy shaxsiga befarq bo‘lmagan jamoatchilik bu sirni bilishga urinish jarayonida zavq oladi. Ishonchimiz komilki, uning shaxsiy kapitali allaqachon 3 milliard dollardan oshgan (Business Week uch yil ilgari shunday ma'lumot bergandi) va bizning 1989 yildagi hisob-kitoblarimizga nisbatan ancha kamaygan (O‘shanda Forbes uning moliyaviy holatini 1,7 milliard dollarga baholagan).
Forbes Trampning davlat organlariga yo‘llagan hujjatlari bilan tanishishga muvaffaq bo‘ldi. Ular orasida aktiv va passivlar ro‘yxati bilan birga 1989 yil 31 may ma'lumotlari ham bo‘lgan. Biroq bu yil hujjatlar qatoriga dolzarb operatsiyalar haqidagi ma'lumotlar ham qo‘shilgan. Ma'lum bo‘lishicha, qarz va ipotekalar olib tashlansa, Donald Trampning shaxsiy kapitali 1,5 milliard dollarni tashkil qilar ekan. Biroq biz haqiqiy raqamlar bundan yiroq deb o‘ylaymiz. Nima uchun? Uning hatto ko‘chmas mulkni sotish borasidagi noyob iste'dodiga ham qaramay, fakt faktligicha qoladi: so‘nggi ikki yilda deyarli barcha ko‘chmas mulklar narxi pasaydi.
Tramp kabi uzoqni ko‘ra biluvchi kishi uchun bundan-da yomoni - premium toifali ko‘chmas mulk narxini oshirishni to‘xtatishga to‘g‘ri kelishida. U boshqa bu ko‘chmas mulkni qayta baholash hisobiga pul ishlashga umid qila olmaydi va doim ko‘chmas mulk sotuvlaridan tushadigan daromaddan oshuvchi foizlarni yopish uchun uzluksiz xarajatlarni qoplashi mumkin. Bundan tashqari, Forbes Trampning 1989 yilgi deklaratsiyalarda shaxsiy mulk sifatida keltirilgan ba'zi aktivlari bahosi o‘shandayoq "haqiqatdan yiroq darajada optimistik" deb hisoblaydi.
Biz ko‘chmas mulk obektlari ro‘yxatini yangiladik va ularning orasidan bozor narxi 3,7 milliard dollardan oshmaydiganlarini aniqladik, ularning realizatsiyasi esa qariyb 3,2 milliard dollarlik qarz tufayli qiyinlashadi. Bizning hisob-kitoblarimiz to‘g‘ri bo‘lsa (biz ularni ancha obektiv deb hisoblaymiz), u holda Donald Tramp 500 million dollarga ega bo‘ladi. Trampning tasarrufida katta aktivlar bormi? Ha. Ular qarzlardan oshadimi? Bu boshqa savol.
Shuni unutmaslik lozimki, bu qarzlarning barchasini qoplash kerak. Agar buxgalterlik balansi ko‘zdan kechirilmasa va daromadga murojaat qilinsa, manzara yanada xiralashadi. Trampning Atlantik-Sitidagi uch kazinosini olaylik. Bizning hisob-kitoblarga ko‘ra, uning ko‘chmas mulk obektlari bo‘yicha qarzlari summasi 1,7 milliard dollarga teng, 180 million dollar miqdoridagi to‘lanmagan foizlar ham shular jumlasidandir. Ma'lumotlarga ko‘ra, bu obektlardan tushgan daromad, shuningdek Trump Castle va Trump Plaza kazinosining sof daromadi taxminan 140 million dollarni tashkil qiladi. Shu tariqa, Tramp o‘z cho‘ntagidan yiliga 40 million, oyiga 3 million, haftasiga 770 ming dollar olishiga to‘g‘ri keladi. Uning baxtiga hamma foizlar ham naqd pulda to‘lanmaydi - ularning ba'zilarini to‘lash uchun tashqi mablag‘lar ham to‘g‘ri keladi. Ular naqd pul xarajatlarini tejashi mumkin, biroq kelgusida zaym talab qiladi. Zero, Trampning hukmronligi uchun qo‘shimcha mablag‘ manbai zarur.
Tramp yaqinda Atlantik-Sitida ochilgan "Toj-Mahal" mehmonxona-kazinosiga katta umid qilmoqda. Uning fikricha, yangi binoning mashhurligi uning Nyu-Jyersida joylashgan eski mehmonxonasiga ham ko‘plab mehmonlarni jalb qiladi.
Shunchaki to‘lovni qoplash va kazinodagi 760 million dollar miqdoridagi qarzlarini to‘lash uchun u har kuni 1,3 million dollarga yaqin yutuqni qo‘lga kiritishi kerak bo‘ladi. Tramp hattoki shu obektga kiritgan 75 million dollarni ham bankdan olgan. Har kuni o‘rtacha 1,3 million dollar yutib olish uchun Tramp so‘nggi yilda Atlantik-Sitidagi eng omadli kazinoning ko‘rchatkichlaridan 40 foizga oshuvchi daromad darajasiga chiqishiga to‘g‘ri keladi. U nafaqat buni, balki yana qandaydir majburiyatlari uchun kuniga yuz minglab ishlashga umid qilmoqda. "Toj" Trampning katta ishonchini oqlaydimi yoki yo‘q - buni baholashga hali erta.
O‘quvchi so‘rashi mumkin: uning aktivlari passivlaridan 500 million dollarga ko‘p bo‘lsa, nima uchun ular foizlar to‘lovi uchun keragidan kam foyda keltiradi? Bu savolga javob berish uchun Trampga tegishli Manhettendagi Trump Plaza mehmonxonasini ko‘rib chiqish kerak. Ma'lumotlarga ko‘ra, uning xaridi uchun Tramp 407 million dollar sarflagan, ta'mirlash ishlariga esa - kamida 25 million dollar. U bu summaning barchasini kreditga olgan va, albatta, 10 foizdan kam bo‘lmagan stavkada. Biroq biz uning bugungi kun holatiga ko‘ra maksimal daromadini baholaymiz - yiliga 26 million dollar - bu sarflangan summaning atigi 6 foizi.
Shu tariqa u atigi 6 foizga qoplanuvchi 10 foiz stavkali kreditni rasmiylashtirdi. Ko‘chmas mulk sotuvchilari har qanday daromadni kompensatsiya qiluvchi kapital bahosining oshishiga umid qilganda shunday qilishadi, ammo hozir, inqiroz davrida bunga umid qilib bo‘lmaydi. Agar Tramp ko‘chmas mulkni naqd pulga xarid qilayotgan ulgurji savdogar bo‘lganida edi, u bu mehmonxonani xotirjam sotib olgan bo‘lardi, lekin u tashqi moliyalashtirish manbalariga ega xaridor sifatida o‘z naqdini yo‘qotadi.
Boylik sari yo‘l
Donald Tramp boylik sari ildam qadamlarini ko‘chmas mulk narxlari barqaror o‘sib borayotgan 1970-yillarning oxirida boshlagan va ularning o‘sishi hali to‘xtamagan paytda muvaffaqiyatga erishgan.
Ko‘chmas mulk Trampning aksariyat mulki kabi nufuzli bo‘lsa, u holda narxning barqaror oshishiga umid qilish mumkin bo‘lardi. Daromadga asoslanib, foiz to‘lovlarini qoplashning uddasidan chiqilmadimi? Bu muhim emas, ko‘chmas mulk bahosi oshgan va naqd xarajatlarni qoplash uchun mablag‘larning muayyan qismini jalb qilish mumkin edi. Hatto kreditni rasmiylashtirib, keyingi obekt xaridi uchun birinchi to‘lovni kiritish mumkin edi. Yoki Yaponiyadan xaridor topish. Biroq bu kamdan-kam ro‘y beradigan holat, bu vaqt esa kapital qiymatining oshishi to‘xtagan.
Donald Trampni ziyorat qilib, undan o‘z daromadlarining oshirib ko‘rsatilganiga izoh berishni so‘rash vaqti keldi. Biroq Tramp himoyalanishni boshlaydiganlardan emas. Uning Manhettendagi Trump Tower idorasining 26-qavatidagi xonasiga kirib borar ekanmiz, u darhol hujumga o‘tdi: "Men sizlarga hali hech kim bilmagan ko‘rsatkichlarni ochaman". Bizning 140 million dollar miqdoridagi hisob-kitoblarimizdan farqli o‘laroq, so‘nggi yil uchun 159 million dollar miqdoridagi daromad summasi ko‘rsatilgan hujjat bilan tanishamiz. Shundan keyin u bizga yuqori daromad darajasidan guvoh beruvchi ko‘proq raqamlarni ko‘rsatadi, biroq sahifani bizga keyingi ustun ko‘rinmaydigan qilib tutib turardi. "Uni o‘zimiz bilan olib ketishimiz mumkinmi?" - "Yo‘q". Tramp xonada mag‘rur harakatlanib, Forbes'ning o‘tgan yilgi hisob-kitoblariga ko‘ra, uning 1,7 milliard dollardan ko‘proq naqd puli borligini ta'kidlaydi. "Qancha?" - "To‘rt yoki besh milliard dollar". - "Passivlarga nima bo‘ldi?" - "Men doim dalillarni keltiraman".
Barchasini yanada batafsil ko‘rib chiqamiz. Forbes hisob-kitoblariga ko‘ra, Manhettenning biznes va savdo tumanida joylashgan Trampga tegishli jahon toifasidagi Trump Plaza mehmonxonasi 400 million dollarga baholanishi mumkin. Faqat bir shart bilan - korxonaning haqiqatdan yiroq bo‘lgan yuqori narx ko‘rsatkichini sof daromad sifatida qayd etamiz. Bozorda bahosi daromaddan 15 karra qimmat bo‘lgan ko‘chmas mulk obektlari bormi? Bugunga kelib standart mehmonxonalar ko‘pi bilan daromaddan 10 karra oshishi mumkin, jahon toifasidagi obektlar esa - 13 karra. Tramp ajoyib eski mehmonxonani ko‘chmas mulk bozorida deyarli maksimal narxlar hukmron bo‘lgan davrda sotib olgan. Nima uchun Bass Grupp hashamatli mehmonxonani sotgan? Ishonchli manbalarga ko‘ra, Tramp uning egalariga voz kechib bo‘lmaydigan narxni taklif etgan.
Trampning ishonchi komil - ikki yil oldin uni qo‘lga kiritganidan buyon mehmonxonaning narxi ancha oshgan. Uning ta'kidlashicha, aprel oyida Bruney sultoni uning xaridi uchun 750 million dollar taklif qilgan, Tramp esa bu taklifga rozi bo‘lmagan. Biroq gap bu haqida emas - dalillar biz bergan 400 million dollar ham chakki narx emasligiga guvohlik bermoqda.
Aprel oyida Forbes'ga bergan intervyusida Tramp Boston-Nyu-York-Vashington reysini amalga oshiruvchi "Tramp Shattl" aviakompaniyasini 550 million dollarga sotishi mumkinligini aytgan. Tramp kompaniyaga 400 million dollar kiritgan. Aviatashuvchilar bozorida taxmin qilinishicha, "Tramp Shattl" 180 million dollarlik yillik daromad keltiradi.
Trampning ta'kidlashicha, u ko‘p qavatli turar-joylar sotuvidan yiliga 157 million dollar oladi. Uning o‘z kapitali borasidagi qasamlariga ko‘ra, u o‘zining sohadagi loyihalarini, qarzlarni hisobga olganda, 230 million dollarga baholashi mumkin edi. Biroq, Forbes'ning hisob-kitoblariga ko‘ra, bunday loyihalarning joriy bozor narxi 100 million dollardan oshmaydi - Nyu-York va Floridadagi ko‘p qavatli uylar hozir u qadar talabgor emas.
Hoynahoy, Trampning shaxsiy mablag‘lariga oid bayonotlaridagi eng zaif nuqtasi - Manhettendagi Yuqori Vest-Sayd. U o‘ziga tegishli va hozirda foydalanilmayotgan 100 akrli temiryo‘l savdo stansiyasi hududiga 650 million dollar narx belgiladi. 1985 yilda Tramp uni 110 million dollarga xarid qilgan va hanuz uni rivojlantirish bilan shug‘ullanmagan. Vest-Saydning badavlat aholisi Trampga va o‘zgarishlarga qarshi. Shuning uchun bu ko‘chmas mulkdan hech qanday foyda yo‘q. Bir yarim yil avval Tramp va quruvchi Uilyam Tsekendorf o‘rtasida hudud xaridi borasida muzokaralar bo‘lib o‘tgan. Biroq Tsekendorf hech qachon narxni oshirib ko‘rsatmaganini aytgan. Forbes'ning deyarli barcha ekspertlari u bilan suhbat chog‘ida 650 million dollar - o‘ylab topilgan narx ekanini his qilishdi. Real bozor narxi - 650 million emas, 200 million dollarga yaqin.
Tramp Forbes'ga bergan so‘nggi intervyusida o‘tgan noyabrdagi kabi, Alexander’s kompaniyasining 159 million dollarlik aksiyalari va munitsipial obligatsiyalari unga tegishli ekanini aytgan va bu summa qarzlarni to‘lashga sarflanmaydi. Biroq ochiq ma'lumotlar Trampning qiymati 65 million dollarlik (Tramp belgilaganidan 5 million dollarga kam) Alexander’s aksiyalarini qo‘lga kiritish uchun faol qarz olganidan dalolat bermoqda.
Ikki yil avval Tramp Forbes jurnaliga o‘zining shaxsiy qarorgohlari ro‘yxatini taqdim etgan. Asl hujjatlarga muvofiq, uning barcha qarorgohlarining umumiy narxi 30 million dollarni tashkil qiladi, ular bo‘yicha qarzlari esa - 40 million dollar.
Oltin konmi yoki jarlik?
"Toj Mahal" Tramp uchun oltin koni yoki chuqur jarlik bo‘lishi mumkin edi. Shaharning o‘yinlarda faolligini 18 foizga oshirgan "Toj" ochilguniga qadar boshqa 11 kazino shahar-kurortdagi faolligi bilan tanilgandi, ulardan ikkitasi Trampning o‘ziga tegishli edi. Shuning uchun u "Toj" yangi auditoriyani jalb qilishiga umid qilgan.
"Toj-Mahal" 5 aprelda ochilgan va shu kuni unga juda ko‘p odamlar tashrif buyurgan - bu ko‘p narsa va'da qiladi, biroq aniq bir xulosa chiqarishga hali erta. Tabiiyki, Tramp hayajonda va mehmonxona istiqboliga doir har qanday savolni keskin qabul qilmoqda.
Ochilishga bir necha kun qolganda Tramp Filadelfiyada asos solingan Janney Montgomery Scott & Co kompaniyasi rahbariyatini qo‘rqitib yubordi - shu darajadaki, o‘yin tahlilchisi Martin Rofmanni iste'foga chiqarishga to‘g‘ri keldi. U Trampning ekspert guvohi sifatida muxbirlarga uning baholariga ko‘ra, "Toj" Trampga mehmonxona xarajatlari uchun zarur bo‘lgan 1,3 million dollar hajmdagi kundalik yutuqqa erisha olmasligini aytgan.
Endi esa Rofmanning hisob-kitoblarini shunchaki inkor etib bo‘lmaydi. "Toj-Mahal"da 7000 kishi ishlaydi, bu katta xarajatlar degani. Ularga yiliga 100 million dollarlik summadagi foizlar to‘lovini qo‘shish kerak - kuniga 275 000 dollar.
Agar mehmonxona haqiqatan muvaffaqiyatli faoliyat yuritsa, u Trampning to‘lov qobiliyatini ta'minlashda muhim bo‘lgan Atlantik-Sitidagi ikki boshqa kazinosining mashhurligini kamaytiradi. Mehmonxona faoliyatining ilk uch haftasida Trump Plaza kazinosi yutuqlari 12,3 foizga kamaydi, Trump Castle yutuqlari esa – 1,7 foizga. Bu orada esa ushbu mehmonxona-kazinolarning qarzi 683 million dollarni tashkil qilmoqda. Trump Plaza real yetakchi hisoblanadi, o‘tgan yili uning daromadi 24 million dollarni tashkil qilgan. Bu esa Tramp imperiyasidagi boshqa kamchiliklarni qoplash uchun anchagacha yetishi mumkin edi.
Atlantik-Sitida joylashgan yana bir Trump Castle mehmonxonasi Tramp uchun nisbatan kamroq yutuq keltiradi. O‘tgan yili mehmonxona 7 million dollar "minus"ga kirib ketgandi.
O‘tgan yili Tramp Castle'ga 5 million dollar kiritishiga to‘g‘ri keldi. Mehmonxonaning 1989 yildagi moliyaviy yo‘qotishlarini Tramp o‘yinchilar oqimini to‘xtatib qo‘ygan ta'mirlash ishlari bilan oqlamoqda. Biroq Komissiyaning qimmatbaho qog‘ozlar va birjalar bo‘yicha hujjatlari 1990 yilda Trump Castle'ga xarajatlarni qoplash uchun qo‘shimcha sarmoya talab qilinganidan dalolat bermoqda.
Donald Tramp — fantastik ravishda rekord yutuqlarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘luvchi o‘yinchi. Hozir u Atlantik-Sitiga stavka qilishga qaror qildi. Agar "Toj" o‘zini dunyodagi eng muvaffaqiyatli kazino sifatida namoyon qilsa, ehtimol, u vayron bo‘lib borayotgan ko‘chmas mulk bozorining har qanday bo‘ronlariga dosh bera olar va milliardlab qarzlarini qoplashning uddasidan chiqar. Balki Tramp birjadagi narxlarning o‘zgarishiga umid qilayotgandir, shunda u yetakchi "Toj-Mahal" va boshqa kazinolar kapitalidagi kichik ulushini sotuvga qo‘yish imkonini beradi. Shundan keyin u imperiyaning qolgan qismining likvidligini qayta tiklash uchun daromaddan foydalana oladi. Biroq bularning bari - "Toj"ning ulkan daromadi va yangi takliflar uchun ochiq fond birjasi - hali kelganicha yo‘q. Bir kun kelib Donald Tramp ortga qaraganda, ehtimol, 1990 yilni hayotidagi eng qiyin yil sifatida eslab qolar".
Mavzuga oid
11:40 / 10.11.2024
Oltin va kumush arzonlashdi, Bitcoin narxi keskin oshdi - xalqaro moliya bozori sharhi
12:10 / 20.10.2024
Dollar mustahkamlandi, Bitcoin va oltin narxi keskin qimmatlashdi - xalqaro moliya bozori sharhi
20:06 / 18.10.2024
O‘zbekiston moliya tizimi uchun qanday xatarlar bor?
13:37 / 06.09.2024