Samarqand viloyatida futbol bo‘yicha bolalar o‘rtasida Islom Karimov xotira turniri o‘tkazilmoqda
Pastdarg‘om tumanining Charxin qo‘rg‘onida joylashgan, «Dinamo» PFK tasarrufidagi bolalar va o‘smirlar maxsus futbol maktabi tashabbusi bilan 2006–2007 yilda tug‘ilgan bolalar o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 26 yilligi hamda Birinchi prezident Islom Karimov xotirasiga atalgan Samarqand viloyat ochiq chempionati o‘tkazilmoqda.
— Ochiq chempionatimizga 28 ta jamoadan talabnoma kelib tushdi. Surxondaryo viloyatining «Surxon» va «Paxtakor» jamoalari ham qatnashmoqda. Ular 7 tadan to‘rt guruhga bo‘lingan va 29 avgustdan beri har kuni futbol maktabimizning maxsus moslashtirilgan maydonlarida o‘yinlar bo‘lib o‘tmoqda, — dedi futbol maktabi direktori Baxtiyor Sattorov.
516 nafar bolakay qatnashayotgan turnir qamrovi jihatidan Respublikadagi yirik turnirlardan ham kam o‘tkazilmayotgani kishini hayratga soladi. 2 sentabr kuni Qurbon hayiti munosabati bilan futbol maktabda qo‘y so‘yildi, Birinchi prezidentimiz I.Karimov xotirasiga osh damlanib, Qur'on tilovat qilinib, faxriylar dasturxonga taklif etildi, shu jumladan, futbol turnirida qatnashayotgan bolakaylarga osh tortildi.
— Ushbu turnirni doimiy o‘tkazib borishni rejalashtirganmiz va kelgusi yili chempionatimizni xalqaro darajaga ko‘tarmoqchimiz. Yon qo‘shnilarimiz — Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonga taklifnomalar jo‘natamiz. Ayni paytda muzokara olib borganimizda, ular qatnashishga rozilik berishdi. Ozarboyjon va Rossiyadan ham jamoalarni taklif etish niyatimiz bor, — deydi B.Sattorov.
Garchi futbol maktabi direktori ochiqdan-ochiq biror ma'lumotni oshkor etmagan bo‘lsa-da, turnir nizomini viloyatdagi bir necha tashkilot imzolaganiga qaramasdan, hozircha futbol maktabining yolg‘iz o‘zi, o‘z kuchlari va vositalariga tayangan holda o‘tkazayotganini anglab oldim. Yaxshi tashabbus va bolalar futboliga e'tibor doimo qo‘llab-quvvatlanishi kerak, albatta.
Qayd etib o‘tish joizki, ushbu turnir 7 sentabrgacha davom etadi. O‘sha kuni Oliy liganing «Dinamo» (Samarqand) va «Qo‘qon-1912» (Qo‘qon) jamoalari o‘rtasidagi bo‘lib o‘tadigan uchrashuvining tanaffusida g‘oliblarga kuboklar va medallar topshiriladi.
Shuhrat Shokirjonov,
KUN.UZning Samarqanddagi muxbiri.
Mavzuga oid
08:10 / 21.11.2024
Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatini rivojlantirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi
08:51 / 20.11.2024
To‘rt tumanda 614 mln so‘mlik elektr va gazdan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi
13:49 / 14.11.2024
Samarqandda o‘quvchi avtobus urib yuborishi oqibatida halok bo‘ldi
09:28 / 08.11.2024