Jahon | 20:49 / 07.09.2017
11238
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda “Irma” dovuli nomini Trampning qizi Ivanka nomiga o‘zgartirish talab qilinmoqda

Foto: Reuters

Petition site saytida hozirda AQShga yaqinlashayotgan “Irma” dovuli nomini AQSh prezidenti Donald Tramp qizi Ivanka Tramp nomiga o‘zgartirish talab qilingan petitsiya paydo bo‘ldi. Hozirda bu petitsiyani 6 ming kishi imzolagan.

Petitsiya mualliflari bu tashabbuslarini ko‘plab amerikaliklar Tramp ma'muriyatining iqlim o‘zgarishi muammosiga munosabatidan noroziligi bilan tushuntirishgan. Ularning fikricha, global isish dovullarning kuchi va vayronkor oqibatlarini kuchaytirgan. Bunga Xyuston shahrining toshqinlar ostida qolishi va 70 kishining halok bo‘lishiga olib kelgan “Harvi” dovuli misol bo‘la oladi. Petitsiyada aytilishicha, Oq uy muammoni hal qilish bo‘yicha harakatlar o‘rniga atrof-muhitni himoyalashda “taraqqiyot yo‘lidan chetlash” bilan faqatgina uni chuqurlashtirmoqda.

“Tramp ma'muriyati iqlim o‘zgarishini inkor etuvchi odamlarni ishga taklif qilib, Iqlim bo‘yicha Parij kelishuvidan chiqib va iqlim o‘zgarishini baholash bo‘yicha federal qo‘mitani tugatib, bu masalada o‘zining butkul mas'uliyatsiz ekanini ko‘rsatdi”, deb aytilgan petitsiyada.

Petitsiyada ta'kidlanishicha, Ivanka Tramp o‘z otasining global isish masalasidagi fikri bilan qo‘shilmasligini bir necha marta aytganiga qaramasdan, aslida bu masalada otasi fikrini o‘zgartirish uchun hech narsa qilmagan. “Shu sababli biz Jahon meteorologik tashkilotiga murojaat qilib, “Irma” dovulini “Ivanka”ga o‘zgartirishni taklif qilmoqdamiz. Biz Tramp jamoasi a'zolari sayyoramiz va kelajak avlodlarimiz sog‘lig‘i va xavfsizligi uchun real choralar qabul qilishlari uchun ularga bosim o‘tkazishimiz kerak”, deb aytganlar petitsiya mualliflari.

Mavzuga oid