O‘zbekiston | 21:24 / 12.09.2017
94174
5 daqiqa o‘qiladi

Mushtumzo‘r hokimga qonunlarimiz nima deydi?

Foto: huquqburch.uz

Bugun KUN.UZ saytida Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani hokimi Nosirjon Mahmudovich Egamberdiyev tumandagi maktablarning direktorlarini kaltaklagani aks etgan video e'lon qilindi. Mazkur masalaning ijtimoiy, ma'naviy, tarbiyaviy jihatlari o‘z yo‘liga. Biz quyidagi maqola orqali holatni huquqiy tahlil qilishga harakat qilamiz.

Hokim maktab direktorini urishga haqlimi?

Albatta, yo‘q. Bu savolni ortiqcha muhokama qilish ham shart emas. Gap Mustaqillik bayrami yoki davlat ahamiyatidagi undanda kattaroq siyosiy voqelik haqida ketganda ham, insonning sha'ni, qadr-qimmati eng oliy qadriyat sifatida maydonga chiqishi kerak. Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasida hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emasligi belgilangan.

Hokimni nima kutyapti?

Ishdan bo‘shashi mumkin. O‘z mansab vakolatidan chetga chiqqani va ishni to‘g‘ri tashkil eta olmaganligi uchun hokim lavozimidan ozod etilishi mumkin. Shuningdek, mazkur video muhokamasi internetda hali beri tinmasligi hisobga olinsa, hokim ishdan olinishiga jamoatchilik bosimi ham o‘z kuchini ko‘rsatishi mumkin.

Ma'muriy javobgarlikka tortilishi mumkin. Hokim Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasiga binoan, haqorat qilgani, ya'ni shaxsning sha'ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitgani uchun eng kam ish haqining 20 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarimaga tortilishi mumkin.

Shuningdek, hokim maktab direktorlaridan birortasiga yengil tan jarohati yetkazgani uchun ham javobgarlikka tortilishi mumkin. Bunda hokimning zarbalaridan keyin direktorlardan birortasining sog‘lig‘i qisqa muddat yomonlashgan yoki mehnat qobiliyatini uncha ko‘p davom etmaydigan turg‘un tarzda yo‘qotishga olib kelmagan bo‘lsa, hokimga MJtKning (Ma'muriy Javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeks) 52-moddasi 2-qismi bo‘yicha eng kam ish haqining 2 baravaridan 4 baravarigacha miqdorda jarima solinishi mumkin.

Jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin. Jumladan, Jinoyat kodeksining 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste'mol qilish) yoki 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) bilan javobgarlikka tortilishi ham mumkin. Bunday holatda hokimga eng kam oylik ish haqining 150 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima yoki 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 2 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolari tayinlanishi mumkin.

Yoxud maktab direktorlariga turli darajadagi tan jarohatlari yetgan va bu jarohatning og‘irlik darajasi jinoiy javobgarlikka tortish uchun yetarli bo‘lsa, hokimga nisbatan badanga shikast yetkazish moddalari bo‘yicha ham jinoiy ish qo‘zg‘atilishi mumkin.

Ishida qolishi ham mumkin. Hokimning ushbu harakatlari yuqoridagi kabi jazolarni qo‘llash uchun yetarli emas deb topilsa, unda unga nisbatan hayfsan yoki oylik ish haqidan 50 foizgacha bo‘lgan miqdorda jarima intizomiy jazolarini qo‘llash bilan cheklanilishi ham mumkin.

Hech narsa bo‘lmasligi ham mumkin. Izoh yo‘q.

Hokimga chora ko‘rish uchun kaltaklanganlarning arizasi shartmi?

Shart emas. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar Jinoyat-protsessual kodeksining 327-moddasiga binoan, ommaviy axborot vositalari bergan xabarlar asosida jinoyat ishini qo‘zg‘atishi mumkin. Buning uchun albatta jabrlanuvchilarning arizasi talab etilmaydi.

JPK 325-moddasi ko‘ra, hokimga nisbatan badanga o‘rtacha og‘ir va yengil shikast yetkazganlik holati bo‘yicha (JK 105, 109-moddalar) jinoyat ishini qo‘zg‘atish uchun kaltaklanganlarning arizasi talab etilishi mumkin. Lekin jabrlanuvchi nochor ahvolda bo‘lgani, ayblanuvchiga qaram bo‘lgani tufayli yoki boshqa sabablarga ko‘ra o‘z huquqini va qonuniy manfaatlarini o‘zi himoya qila olmaydigan alohida hollarda prokuror jabrlanuvchining shikoyatisiz ham jinoyat ishini qo‘zg‘atishi shart. Hozirgi holatda maktab direktorlarini ana shunday nochorlar safiga qo‘shish mantiqqa zid emas.

Xulosa: hozirgi holatda maktab direktorlarining arizasi shart emas, hattoki ular «hokimga nisbatan da'voyim yo‘q» deb yozib bergan taqdirda ham, hokimni javobgarlikka tortish mumkin.

Mavzuga oid