O‘zbekiston | 12:55 / 15.09.2017
10205
2 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorlarga yana bir qulaylik: Ulgurji savdoga lisenzion talablar yumshatilishi mumkin

Foto: Norma.uz

O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlarining muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining «Ulgurji savdoni amalga oshirish bo‘yicha faoliyatni litsenziyalashtirish to‘g‘risidagi Nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi Qarori loyihasi muhokamaga tashlandi. Bu haqda Facebook'dagi "Adliya bilan muloqot" guruhida xabar berildi. 

Ulgurji savdo bilan shug‘ullanuvchi korxonalarning Nizom jamg‘armasi miqdoriga talablarni 3500 eng kam ish haqidan 1000 minimal ish haqi miqdoriga tushirish, Nizom jamg‘armasining pul mablag‘lari hisobiga shakllantirish qismi uchun talab 1200 minimal ish haqidan 100 EKIHgacha kamaytirish taklif etilmoqda.

Yuqorida qayd etilgan, Nizom jamg‘armasining miqdori va tarkibiga oid alohida talablarni qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti bilan shug‘ullanuvchi korxonalarga nisbatan joriy etmaslik taklif qilinmoqda. Ularga nisbatan yuridik shaxslarning nizom jamg‘armasiga nisbatan o‘rnatilgan umumiy talablar o‘rnatiladi. Masalan, «Mas'uliyati cheklangan va qo‘shimcha mas'uliyatli jamiyatlar haqida»gi Qonunning 14-moddasiga ko‘ra, MChJlar Nizom jamg‘armasi 40 EKIHdan kam bo‘lmasligi belgilab qo‘yilgan.

Eslatib o‘tamiz, ilgariroq litsenziyalashtirishning bunday turini bekor qilish ham taklif etilayotgan edi.

Shuningdek, litsenziya olishda yuridik shaxsni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi haqidagi guvohnomaning nusxasi taqdim etilishi haqidagi talab ham bekor qilinadi.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimchalar kiritilishi yoki rad etilishi ham mumkin.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid