Jahon | 18:24 / 19.09.2017
18632
4 daqiqa o‘qiladi

Saakashvili Ukrainadagi naqd pul ombori, fuqarolikdan mahrum etilishi va Poroshenko haqida

Foto: Gleb Garanich/Reuters

Gruziyaning sobiq prezidenti, Odessa viloyatining sobiq gubernatori Mixail Saakashvili o‘z tarafdorlari bilan uchrashish maqsadida Kiyevga keldi. Saakashvilining brifingi Kiyev markazidagi prezident ma'muriyatining binosi oldida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan sharoitda o‘tdi - politsiyaning yuzdan ortiq xodimi ma'muriyat binosi joylashgan Bankovskiy ko‘chasini to‘sib qo‘ydi.

 

Ukraina prezidenti ma'muriyatidagi naqd pul ombori bor

Saakashvilining ta'kidlashicha, Ukraina prezidenti Petr Poroshenko ma'muriyati binosining birinchi qavatida naqd pul ombori mavjud.

"Ular (hukumat) pulni qanday arralashgan bo‘lsa, shunday arralashda davom etaverishadi. Mana bu bino (prezident ma'muriyati binosi)ning birinchi qavatida naqd pullardan iborat butun boshli ombor bor. Keyingi safar o‘sha yerga borganingizda bir qiziqib ko‘ring. Bu u qadar katta sir emas", - dedi Saakashvili seshanba kuni Kiyevdagi brifingda. Mahalliy ommaviy axborot vositalari shu haqida xabar berdi.

Saakashvili 10 sentabr kuni tarafdorlarining qo‘llab-quvvatlashlari ostida "Shegini" punktidagi chegara nazoratidan o‘tib, Polshadan Ukraina hududiga kirishga muvaffaq bo‘ldi. Unga nisbatan besh modda bo‘yicha, shu jumladan odamlarni chegaradan noqonuniy o‘tkazish va huquq-tartibot organlari xodimlariga qarshilik ko‘rsatishni tashkillashtirishga doir tergov ishi qo‘zg‘atilgan.

Foto: Gleb Garanich/Reuters

Saakashvilining so‘zlariga ko‘ra, u chegarani kesib o‘tishda qonunni buzmagan va sudda o‘zining Ukraina fuqarosi ekanini himoya qilish niyatida. U huquq himoyachilari tintuv paytida uning pasportini o‘g‘irlaganliklarini ta'kidlamoqda, biroq politsiya buni inkor etmoqda.

Saakashvilining advokati Ukraina migratsiya xizmatiga o‘z himoyasi ostidagi shaxsning Ukrainadan Gruziyaga ekstraditsiya qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida davlatning qo‘shimcha himoyasiga muhtoj inson sifatida tan olishni so‘rab ariza bilan murojaat qilgan.

 

Saakashvili Ukraina fuqaroligini tiklash  uchun kurashmoqchi

Mixail Saakashvili hech qanday hujjatlarga ega emasligi bois sudda Ukraina hukumatining uni fuqarolikdan mahrum qilish to‘g‘risidagi qaroriga e'tiroz bildira olmayotganini qayd etdi.

Ukraina prezidenti Petr Poroshenko Saakashvilini Ukraina fuqaroligidan mahrum qilgandi. Prezident ma'muriyatida bu voqeaga izoh berilishicha, Saakashvili fuqarolikni olgan paytda ishonchsiz ma'lumotlar taqdim etgan. Saakashvilining o‘zi o‘sha payt AQShda bo‘lgan, keyinroq esa Polsha, Litva va Vengriyada bo‘lgan. Uning advokatlari Saakashvilini fuqarolikdan mahrum qilish qaroriga qarshi shikoyat arizasini topshirishlari haqida ma'lum qilishgan, biroq hanuz bu masalada sudga murojaat qilishmagan.

Foto: Aleksandr Rybin/TASS

"Hozir prezidentning qaroriga qarshi himoyalanish uchun qo‘limda na pasport va na boshqa hujjatlar bor, hech narsam yo‘q. Ayni damda men hujjatsiz odamman", - dedi Saakashvili Kiyevdagi brifingda.

U jurnalistlar guvohligida Poroshenkoga sud qarorini bekor qilish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni taqdim etish so‘ralgan xatni imzoladi.

 

Poroshenkoga nisbatan shaxsiy adovat yo‘q

Bundan tashqari, Mixail Saakashvili Ukraina prezidenti Petr Poroshenkoga nisbatan shaxsiy adovati yo‘qligini ma'lum qildi.

"Poroshenkoga nisbatan shaxsiy adovatim yo‘q. Ular ikki kursdosh bir-biridan arazlab, mamlakatni parchalamoqchi ekaniga ishonishni juda xohlashmoqda. Bo‘lmagan gap. Muammo Poroshenkoda emas, Poroshenko — Ukrainani yo‘q qilayotgan tizimning bir qismi, xolos", - dedi Saakashvili.

Foto: RIA «Novosti»

Shuningdek u Poroshenkoga AQShdagi tashrifida omad tilashini ta'kidlagan, agar uning sa'y-harakatlari Ukrainani rivojlantirishga yo‘naltirilgan bo‘lsa, albatta.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid