Jahon | 15:20 / 26.09.2017
9442
2 daqiqa o‘qiladi

Human Rights Watch Myanma armiyasini insoniyatga qarshi jinoyatlarda aybladi

Foto: Reuters

Human Rights Watch xalqaro huquqni muhofaza qilish tashkiloti Rakxayn g‘arbiy shtati hududidagi vaziyat tufayli Myanma qurolli kuchlarini insoniyatga qarshi jinoyatlarda aybladi. Seshanba kuni tashkilot saytida shu mazmundagi bayonot chop etildi. 

"Harbiylar deportatsiya qilishdi, odamlarni o‘ldirishdi, zo‘ravonlik qilishdi va Rakxayn shimolida rohingya musulmonlarini ta'qib etishdi, bu esa ko‘plab o‘lim holatlari va ommaviy qochishga olib keldi", - deyiladi bayonotda. Huquq himoyachilari shuningdek BMT Xavfsizlik Kengashi va qator mamlakatlarni darhol sanksiyalar joriy qilish va respublika qurolli kuchlariga qurol yetkazish bo‘yicha embargo kiritishga chaqirdi. 

Myanma hukumati matbuot kotibi Zav Txay, o‘z navbatida, huquq himoyachilarining ayblovi "hech qanday jiddiy isbotga ega emas"ligini aytib, ularni ham "xavfli" ekanini ta'kidladi. Bundan avval Myanmaning BMTdagi vakili Xau Do Suan respublika hukumatiga qarshi rohingyalar genotsidi va mintaqada etnik tozalash o‘tkazishga doir ayblovlarni inkor qilgandi.

Rakxayn hududidagi vaziyat 25 avgustda - "Arakan rohingyalari qutqaruv armiyasi" harakatining yuzlab jangarilari 30 politsiya punktiga hujum qilgandan keyin keskin yomonlashdi. Shundan so‘ng Myanma xavfsizlik kuchlari mintaqada kuch ishlata boshlashdi. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, ziddiyatlar 400dan ortiq kishining hayotiga zomin bo‘lgan. Oxirgi oyning o‘zida Rakxayndan Bangladeshga 436 ming kishi qochib o‘tgan. 

Yakshanba kuni Rakxaynda rohingya jangarilari tomonidan o‘ldirilgan 28 nafar etnik hinduning ommaviy ko‘milgani aniqlandi. Dushanba kuni yana 17 jasad ko‘milgan joy aniqlandi. Hukumat "Arakan rohingya qutqaruvi armiyasi" jangarilarini tinch aholini o‘ldirishda aybladi.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid